Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Milliy tiklanish”: qadriyatlarga tayangan taraqqiyot sari
15:44 / 2024-08-29

Nukusda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining 2025-2029 yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturi loyihasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda partiyaning Markaziy va Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi vakillari, deputatlar, elektorat a’zolari, faollar, jamoatchilik vakillari hamda yoshlar ishtirok etdi.  

Ma’lumki, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi – ziyolilar, jumladan, ilm-fan va ta’lim, madaniyat va san’at, axborot sohasi vakillari, olimlar, tarbiyachi va o‘qituvchilar, ijodkor va san’atkorlar, sportchilar, turizm, hunarmandchilik va xalq tabobati sohasi vakillari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlari, kelajagimiz bunyodkorlari bo‘lgan yoshlarni o‘z elektorati hisoblaydi.  

Shu bois, yangi Saylovoldi dasturida ham aynan shu soha vakillari manfaatidan, shuningdek, Ona vatanimiz – O‘zbekiston va barcha o‘zbekistonliklar, xorijda istiqomat qilayotgan, biz uchun doimo aziz bo‘lgan vatandoshlarimiz manfaatidan kelib chiqib, xalqimiz farovonligi, mamlakatimiz taraqqiyotiga xizmat qiladigan, shu bilan birga fuqarolarimizni o‘ylantirib kelayotgan ko‘plab dolzarb masalalar yechimi bo‘yicha aniq taklif va tashabbuslar ilgari surilmoqda.  

Jumladan, barkamol avlod salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ma’naviy yuksalish va madaniyat sohasi, oila, ayollar, yoshlarga munosib sharoitlar yaratish, milliy iqtisodiyot va turizmni rivojlantirish, adolatli milliy davlat barpo etish, xavfsizlik va aholi muhofazasini kuchaytirish, xalqaro maydonda milliy manfaatlarimizni ta’minlash bilan bog‘liq ustuvor maqsad va vazifalar belgilandi.  

Partiya Saylovoldi dasturida bosh siyosiy shior sifatida “Qadriyatlarga tayangan taraqqiyot” shiorini belgilagani bejiz emas. Bugun dunyo o‘zgaryapti, ma’naviy-axloqiy tanazzul borgan sari kuchaymoqda. Butun dunyoda kechayotgan globallashuv jarayonida barcha mamlakatlar davlatchilik an’analarini o‘zlarining qadriyatlariga tayangan holda davom ettirishga harakat qilmoqda. Har bir xalqning, elning o‘ziga xos qadriyati: tili, dini, adabiyoti, madaniyati, san’ati, an’ana, urf-odatlari ularning o‘ziga xosligini ta’minlashi mumkin.  

Bo‘lajak saylovda eng yuqori natijaga erishish va saylovchilar ishonchini qozonish yagona maqsad sanaladi. To‘g‘ri, bu galgi saylovlar avvalgi saylovlarga nisbatan kuchli raqobat muhitida o‘tadi.  

Taqdimot marosimida ishtirokchilarning saylovoldi dasturi bo‘yicha fikr-mulohazalari tinglandi. Yangi taklif va tashabbuslar o‘rtaga tashlandi.  

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.