2023 yil 13 may kuni “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashining navbatdan tashqari plenumi bo‘lib o‘tdi.
Unda partiyaning Markaziy va hududiy kengashi hamda fraksiyasi a’zolari, mahalliy Kengash deputatlari, faollar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.
Plenumda 2023 yil 9 iyul kuni muddatidan avval bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining ishtiroki, partiyadan bo‘lajak nomzod bo‘yicha takliflar kiritish, partiyaning navbatdan tashqari VIII S’ezdini chaqirish vaqti, joyi va uning kun tartibi belgilash hamda S’ezdga delegatlar saylash miqdori va tartibi bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Plenumda qayd etilganidek, yetakchi siyosiy kuchlardan biri sifatida “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning faol ishtirokchisi va tashabbuskorlaridan biridir. Partiya asosiy elektorati bo‘lmish ta’lim, madaniyat sohalari vakillari, ziyolilar qatlami manfaatlarini parlamentda hamda mahalliy kengashlarda ko‘p yillardan beri samarali ifodalab kelmoqda.
Shu ma’noda, joriy yilning 9 iyulida bo‘lib o‘tishi belgilangan muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida partiyaning faol va munosib ishtirok etishi zarurati ta’kidlanib, bu haqda tegishli qaror qabul qilindi.
Majlisda jamiyatdagi o‘zgarishlarni inson omili bilan bog‘liqligi qayd etildi, insonni o‘zgarishi uni tarbiyasiga va ta’limiga bog‘liq, shu bois partiyaning asosiy shiori “Inson o‘zgarsa jamiyat o‘zgaradi” deb belgilangan. Partiyaning ta’lim-tarbiya, milliy o‘zlikni va madaniyatni saqlash, turizm va iqtisodiyotni rivojlantirish kabi ustuvor dasturiy maqsad va vazifalarini amalga oshirish borasida keyingi yillarda ulkan natijalarga erishildi, yurtimizning jadal taraqqiy etayotganligini xalqimiz va dunyo ahli keng e’tirof etmoqda.
Plenumda so‘z olganlar “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi dasturiy maqsadlari amalga oshishi bilan chambarchas bog‘liq quyidagi islohotlar samarasi alohida e’tirof etildi.
Birinchidan, maktabgacha ta’lim tizimi, maktab va oliy ta’limning tubdan isloh qilinishi natijasida mamlakatda inson kamoloti uchun zarur shart-sharoitlarning yaratilganligi. 2017 yilda maktabgacha yoshdagi bolalarning 18–20 foiz qismi bog‘chalarga qamrab olingan bo‘lsa, oradan ko‘p vaqt o‘tgani yo‘q, 2023 yilga kelib bu ko‘rsatkich 75 foizga yetdi. Umumta’lim maktablarida ta’lim dasturlari va umuman muhit o‘zgardi. Yoshlarimizning oliy ta’lim bilan qamrovi 9 foizdan 40 foizga oshdi. O‘qituvchilar oylik maoshlarining oshirilgani ta’lim sifatiga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi.
Ikkinchidan, oila institutini jamiyatning asosiy bo‘g‘ini sifatida mustahkamlash va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tom ma’noda ijobiy o‘zgarishlar qilindi, davlat tili, milliy qadriyatlar, ma’naviy-madaniy va tarixiy merosimizga munosabat, hurmat va e’tibor yuksaldi.
Uchinchidan, milliy ishlab chiqarish har tomonlama qo‘llab-quvvatlanib, iqtisodiyotimiz sezilarli rivojlandi, yalpi ichki mahsulot hajmi ilk bor 80 milliard dollardan oshdi. 2023 yilda turizm xizmatlari eksporti hajmi, 2017 yilga nisbatan 2 barobar oshib, 1,6 milliard AQSH dollarini tashkil etdi. Mamlakatimizga tashrif buyurgan xorijiy sayyohlar soni 2017 yilda 2,7 mln nafarni tashkil etgan bo‘lsa, 2023 yilga kelib qaryib 6 mln nafarga yetdi.
Umuman olganda, partiyaning 237 ta dasturiy maqsadlaridan – 143 tasi bevosita Prezident Shavkat Mirziyoyevning farmon va qaror bilan amalga oshirilganligi, 21 ta vazifa Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi doirasida ro‘yobga chiqarilayotganligi alohida e’tirof etildi.
Majlisda partiya dasturiy maqsadlarining muvaffaqiyatli amalga oshishi ko‘p jihatdan oxirgi 6 yil davomida Shavkat Miromonovich Mirziyoyev boshchiligida amalga oshirilgan islohotlar natijasi ekanligi ta’kidlandi.
Shu bilan birga, Plenumda qayd etilganidek, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi bilan birgalikda mazkur yutuqlarni konstitutsiyaviy mustahkamlash bo‘yicha ikki partiyaning tashabbusi parlament palatalari hamda xalqimiz tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlandi.
Mamlakatimiz tarixida ilk bor, yuqori darajadagi ishtirok va faollik bilan yangi tahrirdagi Konstitutsiya – “Xalq konstitutsiyasi” qabul qilindi. Qolaversa, referendumda ishtirok etgan xalqimiz ovozi – bu so‘nggi yillarda davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev boshchiligida amalga oshirilgan jiddiy o‘zgarishlarning e’tirofi hisoblanadi.
Shundan kelib chiqib, Plenum qatnashchilari milliy yuksalishni amalda ta’minlayotgan, millat va Vatanga sadoqati, xalqparvarligini isbot qilgan Prezident – Shavkat Mirziyoyev nomzodini O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi bilan birgalikda qo‘llab-quvvatlash lozim, degan xulosaga kelishdi.
Plenumda muddatidan ilgari Prezidentlik saylovlarida Shavkat Miromonovich Mirziyoyev nomzodini ilgari surish bo‘yicha tegishli qaror qabul qilindi.
Shuningdek, Plenum ishtirokchilarining fikr-mulohazalari asosida partiya tarafdorlari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan bo‘lajak nomzodni S’ezdda ko‘rib chiqish masalasi ma’qullandi. S’ezdni joriy yilning 31may kuni o‘tkazish belgilandi.
Plenumda S’ezdga delegatlar saylash masalasida partiya hududiy konferensiyalarini o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining Konferensiyalarida partiyaning navbatdan tashqari VIII S’ezdiga delegatlar saylash bo‘yicha vakillik sonini belgilash, S’ezdga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha Ishchi guruhni shakllantirish lozimligi ta’kidlanib, tegishli takliflar bildirildi.
Plenum yakunida muhokama etilgan barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
O‘zA