Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Milliy tibbiyotimizni raqamlashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar muhokama qilindi
11:57 / 2024-06-28

Sog‘liqni saqlash tizimini raqamli transformatsiya qilish – muhim va zarur qadam. Zero, buning natijasida aholimizga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlarning sifati oshadi, sohaga yangi davolash texnologiyalari kirib keladi.

Kuni kecha mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar hamda mavjud muammolarni muhokama qilish, ularga yechim topish maqsadida anjuman bo‘lib o‘tdi.  

Unda sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Olim Omonov, «UZINFOCOM» MCHJ rahbari Emil Gimranov, hududiy sog‘liqni saqlash boshqarmalari boshliqlarining raqamlashtirishga mas’ul o‘rinbosarlari hamda texnik xodimlar ishtirok etdi. SSV matbuot xizmati xabarida anjuman tafsilotlari batafsil keltirildi.  

Tadbirda bugungi kunda milliy tibbiyotimizni raqamlashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni jadallashtirish muhimligini ta’kidlanib, sohaga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha istiqboldagi rejalarga to‘xtalib o‘tildi.  

Tizimdagi mavjud muammolar atroflicha muhokama qilinib, raqamli texnologiyalarni birlamchi bo‘g‘ingacha bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha aniq takliflar ilgari surildi.  

Shuningdek, tibbiyotni raqamlashtirish borasida hayotga tatbiq etilayotgan islohotlar va kelgusi rejalar yuzasidan taqdimot qilindi.  

Yakunda tibbiyot muassasalarining korporativ va lokal tarmoqlaridan foydalanish hamda axborot tizimlari va ma’lumotlar bazalarini joriy etish uchun mas’ul bo‘lgan hududiy texnik xodimlarga maxsus texnik anjomlar to‘plamlari topshirildi.  

Shundan so‘ng tadbir ishtirokchilari poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan 7-son oilaviy poliklinikaga tashrif buyurib, bu yerda pilot tariqasida ishga tushirilgan takomillashtirilgan «Elektron poliklinika» axborot tizimining qulayliklari hamda axborot tizimlarini bir-biriga integratsiya qilish jarayonlari, ushbu tizimning raqamlashtirilgan patronaj xizmati, «Elektron retsept» (reimbursatsiya) tizimining imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdi.  

Ishtirokchilar Respublika perinatal markazida ham bo‘lib, mazkur muassasada joriy etilgan elektron tibbiy hujjat aylanmasi, markazning barcha bo‘limlari o‘rtasida integratsiya qilingan «Meddata» elektron platformasining imkoniyatlari haqida ma’lumot oldi.  

M.Qosimova, O‘zA