Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Milliy tibbiyot markaziga unikal texnika – ko‘chma kardiojarrohlik majmuasi olib kelindi
19:13 / 2024-06-12

Poytaxtimizdagi Milliy tibbiyot markaziga Daniya davlatidan zamonaviy ko‘chma kardiojarrohlik majmuasi olib kelindi. Bu haqda Markaz matbuot xizmati xabar berdi.

Nafaqat mamlakatimiz, balki Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan ushbu noyob majmuada yurak-qon tomir kasalliklarini erta diagnostika qilish uchun zarur bo‘lgan angiografiya uskunasi hamda boshqa ilg‘or tibbiy asbob-uskunalarning mavjudligi bilan birga, deyarli barcha turdagi, shu jumladan yuqori texnologik kardiojarrohlik amaliyotlarini bajarish uchun ham barcha sharoitlar yaratilgan.

– Majmuaning operatsion blokida havo haroratini bir maromda saqlash mumkin bo‘lib, bu barcha uskunalarning samarali va uzluksiz ishlashini ta’minlaydi. Ko‘chma kardiojarrohlik majmuasi 8 soat ishlay oladigan alohida generatorga ham ega, – deydi markaz direktori Maqsud Saidov. – Ushbu unikal texnika yurtimizning olis hududlarida istiqomat qiladigan, ayniqsa, nogironligi bor, kasallik sabab to‘shakka mixlanib qolgan og‘ir bemorlarni yashash joyining o‘zida ko‘rikdan o‘tkazish va ularda zarur operatsiyalarni bajarish imkonini beradi.

Ta’kidlash lozimki, avvallari chekka hududlarda yashovchi aholi bu kabi yuqori texnologik tekshiruvlar va jarrohlik amaliyotlari uchun viloyat markazlariga, poytaxtga, ayrim hollarda esa hatto chet elga borishiga to‘g‘ri kelardi. Endilikda esa bu majmua orqali ular yashash manzilining o‘zida bunday tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. 

Milliy tibbiyot markaziga bunday zamonaviy texnika vositasining olib kelinishi yurtimizda yurak-qon tomir kasalliklarini davolash va oldini olish tizimini tubdan takomillashtirish, sifatli va yuqori texnologik kardiojarrohlik xizmatlarini tuman, qishloq, hatto chekka-chekka mahallalargacha olib kirishga xizmat qiladi.

M.Qosimova, O‘zA