Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Milliy tibbiyot markazi bazasida qo‘shma simulyatsion markaz tashkil etish tashabbusi ilgari surildi
18:29 / 2025-09-09

Bugungi kunda sog‘liqni saqlash sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish, ilg‘or tajribalarni tatbiq etish va tibbiy xizmat sifatini oshirishga qaratilgan qadamlar mamlakatimizda ustuvor yo‘nalishlardan biriga aylangan. Shu maqsadda amalga oshirilayotgan muhim tashriflardan biri – Xitoy Xalq Respublikasidan nufuzli delegatsiyaning Milliy tibbiyot markaziga tashrifi bo‘ldi.

Joriy tashrif doirasida Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi hamda Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari boshchiligidagi delegatsiya Milliy tibbiyot markaziga tashrif buyurdi. Mehmonlarni O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Farhod Toshpo‘latov hamda Milliy tibbiyot markazi direktori Maqsud Saidov kutib oldi.

Tashrif doirasida oftalmologiya bo‘limida jarrohlik amaliyotidan chiqqan bemorlar holati bilan tanishildi. Zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan operatsiya xonalari faoliyati o‘rganildi. Shuningdek, ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazildi.

Xitoy delegatsiyasi tomonidan oftalmologiya yo‘nalishi bo‘yicha insonparvarlik yordami ham ko‘rsatildi. Jumladan, sun’iy ko‘z gavhari (linza), zamonaviy jarrohlik apparatlari, sterilizator, jarrohlik lansetlari va ko‘z o‘lchamlarini aniqlash uchun biometriya asboblari markazga taqdim etildi.

Muzokaralar chog‘ida Milliy tibbiyot markazi bazasida qo‘shma simulyatsion markaz tashkil etish tashabbusi ilgari surildi. Ushbu markazda shifokorlarni zamonaviy jarrohlik usullariga o‘qitish, mahorat darslari o‘tkazish hamda tibbiy yordam sifatini xalqaro standartlar darajasiga olib chiqish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, Milliy tibbiyot markazi va Xitoyning Anhuy viloyati klinikasi o‘rtasida hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi. Hamkorlik doirasida oftalmologiya sohasida qo‘shma ilmiy-amaliy ishlar olib borish, tajriba almashish va shifokorlar malakasini oshirish belgilandi.

Ushbu tashrif O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarning sog‘liqni saqlash sohasida ham yangi bosqichga ko‘tarilayotganidan dalolat beradi. Milliy tibbiyot markazida amalga oshirilgan muzokaralar va kelishuvlar nafaqat tibbiy xizmat sifatini oshirish, balki shifokorlarning kasbiy malakasini rivojlantirish, yangi texnologiyalarni joriy etishda muhim qadam hisoblanadi. Bu esa, o‘z navbatida, aholi salomatligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Mohigul Qosimova, O‘zA