Futbol bo‘yicha milliy terma jamoamizning Jahon chempionati va Osiyo kubogi qo‘shma saralash o‘yinlarini Saudiya Arabistonida, markazlashgan holda o‘tkazishidan xabaringiz bor.
Saudiya Arabistoni safari oldidan Dubayga tashrif buyurgan delegatsiyamiz Tailand milliy termasi bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazdi. Dubay shahridagi "The Sevens" stadionida, yopiq eshiklar ostida uyushtirilgan uchrashuvda Vadim Abramov shogirdlari raqiblarini yirik – 4:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratishdi. Aslida uchrashuvning 60-daqiqasida tailandliklar hisobni ochishgandi. Darvozamiz tomon yo‘llangan zarba rekoshet holatda golga aylangandi.
65-daqiqada Husniddin Aliqulov jarima maydoni ichidan, standart vaziyatdan zarba berib, gol muallifi bo‘ldi. 70-daqiqada Odil Ahmedov birga bir vaziyatda raqib darvozasini ishg‘ol qildi va terma jamoamizni hisobda oldinga olib chiqdi - 2:1. 73-daqiqada To‘xtaxo‘jayev - Ahmedov - Ikromov ijrosidagi kombinatsiyasidan keyin Temurxo‘ja Abduxoliqov darvozasi ishg‘ol etdi - 3:1. Uchrashuvning so‘nggi daqiqalarida Temurxo‘ja Abduxoliqov o‘zining ikkinchi, jamoadoshlarining to‘rtinchi goliga mualliflik qildi.
3 iyun sanasidan Osiyoda Jahon chempionati saralash o‘yinlarining ikkinchi bosqich hal qiluvchi bahslariga start beriladi. Shu kuni 8ta guruhdan oltitasida o‘yinlar boshlanadi. Qolgan ikkitasida jamoalar bir necha oylik tanaffusdan so‘ng yana kurashga kirishishadi.
Vadim Abramov boshchiligidagi O‘zbekiston milliy terma jamoasi joy olgan "D" guruhidagi o‘yinlar Saudiya Arabistonining Ar Riyod shahrida tashkil etiladi. O‘yinlar taqvimi bilan tanishing:
3 iyun, payshanba
Falastin - Singapur
5 iyun, shanba
S.Arabistoni - Yaman
7 iyun, dushanba
O‘zbekiston - Singapur
11 iyun, juma
Singapur - S.Arabistoni
Yaman - O‘zbekiston
15 iyun, seshanba
Falastin - Yaman
S.Arabistoni – O‘zbekiston
Hozircha turnir jadvalida S.Arabistoni 11 ochko bilan birinchi, O‘zbekiston 9 ochko bilan ikkinchi bo‘lib turibdi. Bu ikki jamoa o‘rtasidagi hal qiluvchi to‘qnashuv so‘nggi turga mo‘ljallangan.
Oybek YUNUSOV, O‘zA