FOTOREPORTAJ
Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy institutida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 28 yanvarda qabul qilingan “Uzluksiz ta’lim tizimida yoshlarni milliy qadriyatlarga sadoqat va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash samaradorligini oshirish dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan tashkil etilgan seminarning asosiy maqsadi qarorning mazmun-mohiyatini pedagog kadrlar, soha mutaxassislari va ilmiy xodimlarga atroflicha tushuntirish, unda belgilangan vazifalarning ilmiy-pedagogik asoslari hamda amaliy ijrosi mexanizmlarini ochib berishdan iborat bo‘ldi. Shuningdek, ishtirokchilarga “Milliy tarbiya modeli”, “Kelajak soati” darslari hamda yosh davrlari kesimida tarbiyalash tizimining metodik va tashkiliy jihatlari yuzasidan keng ma’lumotlar taqdim etildi.
Seminarni institut direktori, akademik X. Ibraimov ochib berib, uzluksiz ta’lim tizimida milliy tarbiyaning yagona g‘oyaviy asoslarini shakllantirish dolzarb vazifa ekanini ta’kidladi. Tadbir davomida qarorda nazarda tutilgan uch bosqichli tarbiya tizimi, “Milliy tarbiya modeli”ning tuzilmasi va uni joriy etish mexanizmlari, shuningdek “Kelajak soati” darslarining mazmuni va metodik imkoniyatlari batafsil yoritildi. Oila–mahalla–ta’lim tashkiloti hamkorligining zamonaviy modellari ham muhokama qilindi.
[gallery-27586]
Ilmiy-amaliy seminar doirasida “Uzluksiz ta’lim tizimida milliy tarbiyaning yagona g‘oyaviy modeli: konsepsiya va strategik vazifalar”, “Qaror ijrosini ta’minlashda o‘qituvchilarning metodik tayyorgarligini oshirishning dolzarb masalalari”, “Kelajak soati” darslari — milliy tarbiyani amalga oshirishning innovatsion pedagogik vositasi”, “Milliy tarbiya modeli”ni joriy etishda Maktabgacha va maktab ta’limi hamda Madaniyat vazirliklari tizimlari o‘rtasidagi hamkorlik masalalari” mavzularida ma’ruzalar tinglandi.
Tadbirda milliy qadriyatlarga asoslangan tarbiya tizimini takomillashtirish, yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlash, ma’naviy immunitetni shakllantirishga qaratilgan zamonaviy pedagogik usullar hamda qaror ijrosini ta’minlashda ta’lim muassasalari oldida turgan ustuvor vazifalar yuzasidan amaliy tavsiyalar berildi.
Seminar yakunida ishtirokchilar o‘rtasida fikr almashuv bo‘lib o‘tdi, berilgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar qaytarildi hamda qaror ijrosini ta’minlashga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
Kamola Yusupova, Farhod Abdurasulov (surat), O‘zA