Surxondaryo viloyatidagi “Yuqori To‘palang” milliy tabiat bog‘i oppoq qor bilan qoplandi. Ona tabiatning noyob nabotot va hayvonot dunyosini o‘zida jamlagan milliy bog‘ Hisor tog‘ tizmalari bag‘rida “Uzun” davlat o‘rmon xo‘jaligining 27 ming 851 gektar yer maydonida tashkil etilgan.
Bog‘ning “Kundai juvoz”, “Ustochi beob”, “Mizot”, “Zanbek”, “Zinchob”, “Kishtut”, “Tamarxud”, “Zevar” hududlarida tarixi uzoq o‘tmishga borib taqaladigan turli dov-daraxtlar, “Qizil kitob” ga kiritilgan noyob jonivorlar va qushlar, daryolarida qizil forel, marinka baliqlari uchraydi. Bahor, yoz va kuz fasllarida tovlanishi ko‘zni qamashtiradigan rang-barang gullar, ifori dimoqqa xush yoqadigan shifobaxsh giyohlar bahri-dilingizni ochadi.
–Nazoratchilarimiz uchun o‘ta mas’uliyatli fasl boshlandi, – deydi O‘zAga zumrad qish suratlarini yuborgan tabiat bog‘i direktori Nuriddin Sattarov.–Bungacha ham tog‘ cho‘qqilariga qor tushgan edi. Bugun hududni to‘liq qalin qor qopladi. Endi nazoratchilarimiz bog‘da yashaydigan jonivorlarga zarur hollarda ozuqa yetkazib beradi. Qish uyqusiga ketmagan hayvonlarni kuzatadi.
Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, yog‘ayotgan qorning balandligi “To‘palang” daryosi bo‘ylarida besh santimetrni, daryo sathidan chamasi 500 metr balandlikda o‘rtacha 20-50 santimetrni, havo harorati 0° –10° darajani tashkil etmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri