Tabiatda hayvonot va o‘simliklar dunyosini saqlab qolish hamda ularni son jihatidan ko‘paytirishda milliy bog‘lar, qo‘riqxonalar alohida ahamiyatga ega.
Yurtimizda muhofaza etiladigan tabiiy hududlar maydonini kengaytirish, ekologik qimmatga ega bo‘lgan tabiiy ob’ektlar va majmualarni, o‘simlik va hayvonot dunyosining noyob va yo‘qolib borayotgan turlarini saqlab qolish hamda ularni qayta tiklash maqsadida Prezidentimizning 2022 yil 16 fevralda “O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tizimida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi.
Qarorga ko‘ra, Navoiy viloyatining Uchquduq tumanida “Markaziy Qizilqum” milliy tabiat bog‘i va Tomdi tumanida “Oqtog‘-Tomdi” davlat qo‘riqxonasi tashkil etilgan.
[gallery-24206]
Milliy tabiat bog‘ining qo‘nalg‘asi viloyat markazidan 360 kilometr uzoqlikda – Uchquduq tumanining Qulquduq ovulida joylashgan. Bu yerda 40 nafarga yaqin xodim faoliyat olib boradi.
Milliy tabiat bog‘i ovuldan qariyb 200 kilometr uzoqlikda joylashgan bo‘lib, yo‘lning asosiy qismi cho‘l hududidan o‘tganlgi bois maxsus avtomashinalarda qumli barhan, saksovulzorlar oralab boriladi.
Milliy tabiat bog‘ining umumiy maydoni 1,2 million gektar bo‘lib, qo‘riqxona, rekreatsiya va xo‘jalik maqsadida foydalanish zonalaridan iborat. Bu yerda hayvonot olami populyatsiyasi va populyatsiya dinamikasini aniqlash maqsadida har yili mavsumiy – bahor va kuz oylarida monitoring ishlari olib boriladi.
– “Markaziy Qizilqum” milliy tabiat bog‘ini olti bo‘limga bo‘lib o‘rganamiz, – deydi bog‘ning katta ilmiy xodimi Jamshid Umrzoqov. – O‘rganish ishlari davomida kadastr kitobini ham yuritib boramiz. Unga hayvonot va o‘simlik turlarini kiritamiz. Bog‘da 63 turdagi o‘simliklar uchraydi. Uning 29 tasi O‘zbekiston “Qizil kitobi”ga kiritilgan. Hayvonot dunyosi esa 2025 yil holatiga 88 tani tashkil etmoqda. Ularning 18 tasi sut emizuvchilar, 53 tasi qushlar, 1 ta suvda va quruqlikda yashovchi hayvon, 4 ta umurtqasiz va boshqa sudralib yuruvchilarni tashkil etadi. 8 ta sut emizuvchi hayvon, 23 ta qush “Qizil kitob”ga kiritilgan. Xodimlarimiz o‘rganishlar jarayonida hayvon va qushlarning uchratilgan joyi, holati, koordinatasi, harakatlanishini kuzatadi va belgilab boradi.
“Markaziy Qizilqum” milliy tabiat bog‘i biologik xilma-xillikni, ekologik barqarorlikni saqlash, olimlar uchun esa bog‘ biologik tadqiqotlar uchun “laboratoriya” vazifasini bajarib, ilmiy tadqiqot ishlari olib borishga xizmat qilmoqda. Eng muhimi, milliy bog‘ kelajak avlodlar uchun biologik boyliklarni saqlab qolish, ekologik ta’limni rivojlantirish va barqaror turizmni yo‘lga qo‘yish uchun juda muhim tabiiy hududdir.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/7aS-PpcGBpI?si=iaWF3LewNozRcLHa" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>A.Bo‘riyev, S.Aslonov, (surat+video), O‘zA muxbirlari