O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi ona tilimizning ravnaqi, targ‘ibotiga faol hissa qo‘shib kelayotgan ijodiy tuzilmalardan sanaladi. Uyushmaning "Xiyobon oqshomlari" madaniy-ma’rifiy loyihasining galdagi tadbirida o‘zbek tiliga bag‘ishlangan adabiy suhbat va mushoira kechasi tashkil etildi.
Ushbu tadbir she’riyat, so‘z san’ati vositasida yoshlarning ona tilimizga bo‘lgan hurmatini oshirish, yosh avlod qalbida milliy iftixor tuyg‘usini shakllantirish, shuningdek, ijodkorlar o‘rtasida ijodiy muloqotni mustahkamlashdek maqsadlarni ko‘zlashi bilan diqqatga sazovor.

Adabiy anjumanda taniqli shoirlarimiz o‘zbek tilining go‘zalligi, boy tarixiy merosi, bugungi taraqqiyoti va yoshlar hayotidagi o‘rni haqida so‘z yuritdi.
Mushoira davomida qatnashchilar o‘z she’rlaridan namunalarni ishtirokchilar e’tiboriga havola etishdi. Ona tili, Vatan, milliy qadriyatlar mavzusidagi qarashlari va fikrlarini bayon etdilar.

Tadbirning muhim jihatlaridan biri yosh avlodni ona tilini chuqur o‘rganishga chaqirish, uni e’zozlashga undashdir.
E’tirof etilganidek, o‘zbek tili nainki muloqot vositasi, balki millatning tarixi, madaniyati va ruhiyati mujassam topgan bebaho meros. Shu bois, bu kabi tadbirlar jamiyatimizda tilga bo‘lgan hurmatni oshiradi, uni yanada qadrlashga sabab bo‘ladi.
Kechada "Mening birinchi kitobim" loyihasida chop etilgan kitoblar taqdimoti ham o‘tkazildi.
"Xiyobon oqshomlari" loyihasi doirasida o‘tkazilgan bu adabiy-ma’rifiy kecha ijodkorlar uchun yangi ilhom manbai, yoshlar uchun esa saboq, milliy she’riyatimizning betakror dunyosi sari o‘ziga xos sayohat bo‘ldi.
Tadbir doirasida ishtirokchilarga esdalik sovg‘alari, kitoblar hamda Yozuvchilar uyushmasi tomonidan tayyorlangan maxsus to‘plamlar topshirildi.
N.Usmonova,
Ahmadjon To‘rayev (surat),
O‘zA