Samarqand shahrida o‘tkazilayotgan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi tadbirlari doirasida Samarqand viloyat musiqali drama teatrida O‘zbekiston va Slovakiya ijodiy jamoalari ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi.
Konsert avvalida Slovakiya Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Viktor Boretskiy geografik joylashuv jihatidan bir-biridan uzoq bo‘lgan ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro do‘stlik va hamkorlik aloqalari tobora yuksalib borayotganini ta’kidladi. O‘zbek va slovak xalqlarining milliy san’at namunalaridan tuzilgan konsert dasturi mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarini mustahkamlab, ularning yanada yaqinlashishiga xizmat qilishini qayd etdi.
[gallery-26026]
"Bahor" va "Luchnitsa" ansambllarining milliy kuy-qo‘shiq va raqslari yig‘ilganlarga manzur bo‘ldi. O‘ziga xos tarixga ega ikki ansambl tomonidan yangragan navolar ikki mamlakat vakillarini o‘ziga rom etdi.
Tadbirda YUNESKO Bosh direktori Odri Azule, Slovakiya Respublikasi Prezidenti Peter Pellegrini, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Ochilboy Ramatov ishtirok etdi.
G‘. Hasanov, A. Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari