Davlat rahbarining barcha nutq va ma’ruzalari ahamiyatli mavzularga bag‘ishlangani bois katta ijtimoiy rezonansga sabab bo‘ladi. Ammo xalqimiz hamisha Prezidentning Oliy Majlisga murojaatnomasini alohida intiqlik bilan kutadi. Chunki unda jamiyatimiz oldida turgan salmoqli ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy va ma’naviy-madaniy vazifalar bayon qilinadi, yaqin kelajakda mamlakatda sodir bo‘ladigan tub o‘zgarishlar xususida ma’lum qilinadi.
Murojaatnomada bayon qilingan fikr va mulohazalar tez orada kishilar turmushida o‘z ifodasini topishi ham unga bo‘lgan qiziqishni oshiradi. Galdagi murojaatnoma ham ana shunday intiqlik, e’tibor va qiziqish bilan kutib olindi. Bu yilgi murojaatnoma davlat rahbarining Oliy Majlisga beshinchi bora yo‘llagan ma’ruzasidir. Lekin uning mazmuni va mohiyati bilan chuqurroq tanishsak, u avvalgi murojaatnomalardan qator xususiyatlari bilan tubdan farqlanishiga amin bo‘lamiz.
Murojaatnomaning asosiy xususiyatlaridan biri shundaki, u nafaqat O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga, balki butun O‘zbekiston xalqiga ham yo‘llanmoqda. Bunday shakldagi murojaat tahlikali davrda davlat va jamiyat hamjihatligini ta’minlash zarurati benihoya ortib borayotgani bilan bog‘liq. Xuddi shuning uchun ham davlat rahbari o‘z murojaatini “Taraqqiyotga – faqat mashaqqatli va jasoratli mehnat orqali erishiladi”, – degan fikrdan boshlab, “Eng bebaho oliy ne’mat — tinchligimiz va osoyishtaligimizning qadriga yetaylik, oilalarimiz, farzandlarimiz, kelgusi avlodlarimizning baxtu kamoli uchun bu ulug‘ boylikni asrab-avaylaylik”, – degan chaqiriq bilan yakunladi. Chunki ziddiyatga to‘la bugungi kunda ijtimoiy barqarorlik va taraqqiyotni ta’minlash uchun mashaqqatli mehnat qilish hamda tinchlik-osoyishtalikni asrash zarur bo‘ladi. Ushbu vazifalarni esa davlat va jamiyat o‘rtasidagi hamjihatlikni mustahkamlash orqali ro‘yobga chiqarish mumkin.
Murojaatnomaning muhim xususiyatlaridan yana biri, unda asosan avvalgi davrlarda to‘planib qolgan muammolar xususida emas, balki mamlakat oldida turgan strategik vazifalar to‘g‘risida fikr yuritildi. Bu, bir tomondan “Harakatlar strategiyasi” va “Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi” doirasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar davomida ko‘plab ijtimoiy muammolarga yechim topishga muvaffaq bo‘linganidan, ikkinchi tomondan esa, mamlakat o‘z taraqqiyotining yangi davriga qadam qo‘yayotganidan darak beradi. “Erishayotgan barcha yutuqlarimiz, - deb uqdirdi davlat rahbari – inson qadri ulug‘ bo‘lgan diyor – Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi dastlabki natijalardir. Biz bunyodkor xalqimiz bilan birga bunday ezgu ishlarni davom ettiramiz va oldimizga qo‘ygan katta-katta marralarga albatta erishamiz”.
Murojaatnomada Yangi O‘zbekistonni barpo etishning bugungi bosqichida olti strategik yo‘nalishdagi vazifalarni hal qilish zarurligi ta’kidlandi. Jumladan, hujjatda ta’kidlanishicha, davr talablarining o‘zi ixcham va samarali davlat boshqaruv tizimiga o‘tishni, Yangi O‘zbekistonni “ijtimoiy davlat” tamoyili asosida qurishni, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishni davlat konstitutsiyaviy majburiyati sifatida belgilashni, global muammoga aylanib borayotgan ekologiya, ayniqsa, suv masalalarini hal qilishni, erkin bozor mexanizmlarini joriy qilish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashni, iqtisodiyotga mahalliy va xorijiy xususiy investitsiyalarni ko‘paytirish uchun sharoitlarni yanada yaxshilashni taqozo qilmoqda. Ta’lim tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan mutaxassislar sifatida bizni davlat rahbarining ta’lim islohotlari bilan bog‘liq g‘oyalari, ayniqsa, ruhlantirib yubordi.
“Najot – ta’limda, najot – tarbiyada, najot – bilimda, chunki barcha ezgu maqsadlarga bilim va tarbiya tufayli erishiladi”,– deb ta’kidladi mamlakat Prezidenti. Murojaatnomada qayd qilinishicha, yaqin kelajakda o‘qituvchilarning maqomini, ularning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, maktabgacha tarbiya muassasalaridagi ta’lim va tarbiya sifatini tubdan yaxshilash, maktab ta’limini xalqaro ta’lim dasturlari asosida butunlay isloh qilish, yoshlarning zamonaviy kasb-hunar egallashi uchun shart-sharoitlar yaratish, oliygoh talabalari uchun imtiyozli ta’lim kreditlariga resurslarni hamda ilm-fan va innovatsiyalarga ajratmalarni ko‘paytirish ta’lim tizimi islohotlarining ustuvor yo‘nalishlariga aylanadi. Ta’lim tizimiga bunday e’tibor yanada mas’uliyat bilan mehnat qilishga undaydi.
Prezident Murojaatnomasining yana bir xususiyati shundan iboratki, u inson qadr-qimmati va ijtimoiy davlat g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgandir. O‘zbekistonda inson qadr-qimmatini yuksaltirish, jamiyat a’zolarining farovon turmushini ta’minlashga xizmat qiladigan ijtimoiy davlat barpo etish keng ko‘lamli islohotlarning tub maqsadlaridan biriga aylanib bormoqda. Aynan shu boisdan ham davlat rahbari 2023 yilni “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb nomlashni taklif qildi. Bundan tashqari, kelayotgan yilda O‘zbekistonda ijtimoiy davlat asoslarini yaratish masalasi diqqat markazida turishi e’tirof etildi. “Ijtimoiy davlat, deb ta’kidladi davlat rahbari bu, eng avvalo, inson salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun teng imkoniyatlar, odamlar munosib hayot kechirishiga zarur sharoitlar yaratish, kambag‘allikni qisqartirish, demakdir”.
Darvoqe, faqat shu yo‘l bilangina jahonning yetakchi va rivojlangan mamlakatlari safidan joy olish mumkin bo‘ladi. Prezidentimizning Oliy Majlis va xalqimizga murojaati nafaqat jamiyat oldida turgan strategik vazifalarni belgilab berdi, balki barchani Yangi O‘zbekiston sari intilishga ham ruhlantirdi. To‘g‘ri, mazmunan boy va ko‘lami keng bunday vazifalarni bajarish oson bo‘lmaydi. Lekin davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “bir tanu bir jon bo‘lib harakat qilsak, el-yurtimiz intilayotgan Yangi O‘zbekistonni albatta barchamiz birgalikda bunyod etamiz”.
Murojaatnomada belgilangan marralar, qo‘yilgan vazifalar barchamizdan ularning mohiyati va ko‘lamini chuqur his etishni, umumijtimoiy maqsadlar yo‘lida fidokorona mehnat qilishni, xizmat vazifalarini mas’uliyat bilan bajarishni talab qilmoqda.
Dilmurod Nabiyev,
Qarshi davlat universiteti rektori, professor
O‘zA