Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Milliy rassomlik va dizayn institutida kasbiy (ijodiy) imtihonlar yakunlandi
10:11 / 2021-08-08

Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutiga joriy yil hujjat topshirgan 1 ming 711 abituriyentdan 1 ming 404 nafari «Chizmatasvir» va «Kompozitsiya» fanidan kasbiy (ijodiy) imtihon topshirdi.

Imtihonlar 28 iyuldan 5 avgustga qadar o‘tkazildi. 7 avgust – zahira kunida esa Davlat test markazi tomonidan istisno tariqasida ruxsat berilgan bir ish kunida to‘lovni amalga oshirgan hamda imtihonga kirishidan avval harorati 37 darajadan oshgan va koronavirus aniqlanmagan 11 abituriyent uchun kasbiy (ijodiy) imtihon o‘tkazildi.

– Yangi O‘zbekistonning san’ati va madaniyati hamda badiiy ta’lim sohasi tarixiy an’analar va zamonaviy qarashlar uyg‘unligida o‘zining yangi rivojlanish bosqichiga chiqib bormoqda, – deydi institut rektori Nodirbek Sayfullayev. – Bugun talabalikka tavsiya etiladigan yoshlar soha hamda yurtimiz san’atining ertasini belgilab berishini anglagan holda aytish mumkinki, qabul va imtihon jarayonlari uning barcha ishtirokchilaridan ulkan mas’uliyat talab etadi. Bu jarayonga ayni shu jihatni e’tiborga olgan holda yondashildi.

Institutda kasbiy (ijodiy) imtihonlarni adolatli va shaffof o‘tkazish uchun quyidagi omillar asosida barcha zarur choralar ko‘rildi.

Birinchi omil: kasbiy (ijodiy) imtihon jarayonlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri institutning mrdi.uz saytida onlayn tarzda  namoyish etildi va bu translatsiyada bir soniya ham uzilish bo‘lmadi. Abituriyentlarning ota-onalari va yaqinlari jarayonni onlayn kuzatib bordi.

Ikkinchi omil: Kasbiy (ijodiy) imtihon jarayoniga auditoriya nazoratchisi va kuzatuvchisi sifatida umumta’lim maktabi o‘qituvchilari jalb etildi.

Uchinchi omil: Yakunlangan ijodiy ishlar auditoriya kuzatuvchisi tomonidan shifrlanib, maxsus xonada baholash uchun komissiya tarkibiga taqdim etildi. Abituriyentlarning bajargan ishlarini baholashga komissiyasi raisi sifatida institutda faoliyat yuritmaydigan taniqli ijodkor rassomlar, haykaltaroshlar, amaliy san’at ustalari, san’atshunoslar, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademiklari, O‘zbekiston xalq rassomlari, O‘zbekiston san’at arboblari taklif etildi.

To‘rtinchi omil: Qabul jarayoni davomida shaffoflik hamda jamoatchilik nazoratini ta’minlash maqsadida institut jamoatchilik Kengashi tarkibiga yoshlar vakillari, mahalla fuqarolari yig‘ini raislari, el ardog‘ida bo‘lgan san’at ustalari kiritildi. Ular ham tegishli tartibda institutga tashrif buyurib, jarayonlarni bevosita kuzatib bordi.

Beshinchi omil: Ijodiy ishlar baholangandan so‘ng shu kunning o‘zida institut saytida e’lon qilindi.

Kasbiy (ijodiy) imtihon komissiyasi xulosasidan norozi bo‘lgan abituriyentlarga imtihon natijalari e’lon qilingan vaqtdan boshlab 24 soat ichida institutning veb-sayti orqali apellyatsiya komissiyasiga onlayn tarzda ariza bilan murojaat qilish imkoniyati berildi. Shu kunga qadar apellyatsiya komissiyasiga kelib tushgan arizalar soni 54 tani tashkil qildi va ular komissiyasi tomonidan tegishli tartibda ko‘rib chiqildi. Appelyatsiya jarayoni onlayn hamda oflayn shaklda o‘tkazildi.

Tasdiqlangan kvotaga ko‘ra, 2021/2022 o‘quv yilida institutga bakalavriat bosqichi kunduzgi ta’lim shakliga 410, shundan  90 ta davlat granti, 320 ta to‘lov-kontrakt, sirtqi ta’lim shakliga 100 ta to‘lov-kontrakt va magistratura mutaxassisliklariga 65 ta, shundan 18 ta davlat granti, 47 ta to‘lov-kontrakt asosida kvotalar ajratildi.

– Farzandim kasbiy (ijodiy) imtihonlarda ishtirok etdi. Imtihonlar boshlanishidan avval ijtimoiy tarmoqlarda imtihon kuni, joyi, vaqti va tartibi haqida barcha ma’lumotlarni berishdi, – deydi Xurshida Sobitova. – Bu jarayonda karantin qoidalariga qat’iy amal qilindi. Barcha abituriyentlar  imtihonga masofa saqlagan holda kiritilib, tibbiy niqob va qo‘lqoplar bilan institut tomonidan ta’minlandi. Bularni ko‘rib, juda ham xursand bo‘ldim. Shuningdek, qog‘oz, loy va xolst ham berildi. Buning natijasida barcha bir xil sharoitda imtihon topshirmoqda. Bundan tashqari, imtihonlar institut saytida jonli tarzda namoyish etilmoqda. Biz – ota-onalar esa farzandimizdan havotir olmasdan, uning va boshqa tengdoshlarining ijodiy ishlarini kuzatish imkoniga ega bo‘ldik. Eng muhimi, imtihon jarayonida hech qanday salbiy holatlar kuzatilmadi.

Joriy o‘quv yilidan boshlab alohida iqtidor talab etiladigan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga qabul qilishda abituriyentlardan kasbiy (ijodiy) imtihonlardan so‘ng majburiy uchta – ona tili (o‘zbek, rus yoki qoraqalpoq tili), matematika va O‘zbekiston tarixi fanlari bo‘yicha Davlat test markazi tomonidan test sinovlari o‘tkazilishi belgilandi.

Endilikda abituriyentlar o‘z ruxsatnomasida ko‘rsatilgan sana, vaqt va manzilda yuqoridagi fanlardan test sinovlarida qatnashadi.

O‘zA