2024 yil 15 fevralda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O‘zbekiston Respublikasi milliy qonunchiligini Jahon savdo tashkiloti bitimlariga muvofiqlashtirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.
Adliya vazirligi tomonidan Milliy matbuot markazida mazkur qonun mazmun-mohiyatini tushuntirishga qaratilgan matbuot anjumani tashkil qilindi.
Adliya vaziri o‘rinbosari A.Karimov Jahon savdo tashkiloti (JST) davlatlararo ko‘p tomonlama savdo tizimi hamda savdo qoidalarini o‘rnatuvchi nufuzli xalqaro tashkilot ekanini qayd etdi. Bugungi kunda dunyo savdosining 95 foizi ushbu tuzilmaga a’zo bo‘lgan 164 davlat hissasiga to‘g‘ri keladi.
Keyingi paytda mamlakatimizning ushbu tashkilotga a’zo bo‘lish jarayonini tezlashtirish bo‘yicha faol ishlar amalga oshirilmoqda. O‘tgan yilning iyun oyida Prezidentning O‘zbekiston Respublikasining Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonini jadallashtirishga oid maxsus qarori qabul qilindi.
Qarorga asosan JST bilan ishlash bo‘yicha Idoralararo komissiya barcha masalalarni ko‘rib chiqib, muvofiqlashtirib bormoqda. Prezidentning JST masalalari bo‘yicha maxsus vakili lavozimi joriy etildi hamda Adliya vazirligida milliy qonunchilikni JST bitimlariga uyg‘unlashtirish boshqarmasi tashkil etildi.
JSTga a’zo bo‘lish jarayonida milliy qonunchilikni tashkilotning bitimlariga muvofiqlashtirish eng asosiy masalalardan biridir. 5 ta qonunni JST bitimlariga uyg‘unlashtirish bo‘yicha qabul qilingan yangi qonun mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan ishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.
Tadbirda qonunning asosiy jihatlariga to‘xtalib o‘tildi. Xususan, JST bitimlarida belgilangan asosiy tamoyillardan biri “milliy rejim” hisoblanib, unga ko‘ra, har bir a’zo davlat tomonidan xorijiy hamda mahalliy tovar va xizmatlar uchun bir xil talab va qoidalar o‘rnatilishi lozim.
Oldin xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazganlik uchun BHMning 10 baravari miqdorida, mahalliy tadbirkorlik sub’ektlari uchun esa BHMning 1 baravari miqdorida davlat boji o‘rnatilgan edi.
Shulardan kelib chiqib, JSTning Xizmatlar savdosi bo‘yicha bosh bitimining “milliy rejim” tamoyiliga muvofiq xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar va mahalliy korxonalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazganlik uchun o‘rnatilgan davlat boji miqdori birxillashtirildi. Ya’ni, endilikda bu borada faqat BHMning 1 baravari miqdorida davlat boji undiriladi. Bu orqali xorijiy investorlar va rezidentlar uchun bir xil sharoitlar yaratildi. Bu esa investitsiyalar kirib kelish ko‘lamini kengaytiradi.
Qonunda milliy intellektual mulk tizimini JSTning Intellektual mulk huquqining savdo bilan bog‘liq jihatlari to‘g‘risidagi bitimi, ya’ni TRIPS bitimi talablariga muvofiqlashtirish ham nazarda tutilgan. Bu hujjat JSTga a’zo davlatlar tomonidan intellektual mulkni huquqiy muhofaza va himoya qilish bo‘yicha minimal talablarni belgilovchi bitim hisoblanadi.
Amaldagi “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunda rezidentlar va norezidentlar uchun belgilangan patent boji miqdorlari bir biridan sezilarli darajada farq qilar edi. Masalan, ixtironi davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun talabnoma topshirganlik, rasmiy ekspertizadan o‘tkazganlik va ma’lumotlarni e’lon qilganlik uchun rezidentlar uchun BHMning 1 baravari belgilangan bo‘lsa, xuddi shu harakatlar uchun norezidentlarga BHMning 17 baravari miqdorida patent boji to‘lash nazarda tutilgan.
[gallery-16020]
Shunga ko‘ra, patent boji to‘lovchilari sifatida ko‘rsatilgan rezident va norezident mos ravishda jismoniy va yuridik shaxs deb o‘zgartirilib, patent boji miqdorlari birxillashtirildi.
Davlat boji miqdorlari kamayishi va O‘zbekistonda o‘z intellektual mulk ob’ektlarini muhofaza qilishni xohlovchilarga qulay sharoit yaratilishi sababli talabnomalarning soni bosqichma-bosqich oshadi.
Qonun O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha jarayonning yanada jadallashishini hamda keyingi bosqichga o‘tishini ta’minlashga xizmat qiladi.
N.Abduraimova, O.Pardayev (surat),O‘zA