Aks-sado
Alloh taologa beadad shukrlar bo‘lsin, mamlakatimizda so‘nggi yillarda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar, xayrli ishlar barcha mo‘min-musulmonlarni mamnun etmoqda.
Shu yil 11 iyun kuni muhtaram Prezidentimizning “Qurbon hayitini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilindi. Qurbon hayiti jamiyatimizda qaror topgan mehr-oqibat, o‘zaro hurmat va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlash, el-yurtimizga xos bo‘lgan ezgu fazilatlarni, milliy-diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va ulug‘lash hamda yosh avlodni milliy an’ana va urf-odatlarimizni e’zozlash, Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ayni kunlarda 15 ming nafardan ziyodroq yurtdoshimiz, shu jumladan, Toshkent viloyatidan ham mingdan ziyod mo‘min-musulmonlar haj ibodatlarini ado etishmoqda.
Bu yil 5 iyun kuni muhtaram Prezidentimiz O‘sbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari bilan telefon orqali muloqot qilib, hojilarning hol-ahvollaridan xabardor bo‘lgani tarixiy voqea bo‘ldi. Barcha hojilarimiz yurt rahbari hol so‘raganidan to‘lqinlanib, ko‘zlarida yosh bilan Vatanimiz, xalqimiz haqqiga xayrli duolar qilmoqda.
Toshkent viloyatilik hojilar ham Islomning beshinchi ruknini ado etgach, Vatanga qaytib, Yurtboshimiz ta’kidlaganlaridek, jamiyatimizdagi mehr-oqibat muhitini mustahkamlash, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish, yoshlar tarbiyasi va oilalar totuvligida ibrat bo‘lishga va’da berdi.
Hayit faqat bayramgina emas, balki ming yillar davomida shakllangan qadriyatlarimiz tarannumi hamdir. Chunki bu bayramda xalqimiz o‘zaro mehr-oqibat, xayru saxovat tadbirlarini uyushtiradi. Ko‘ngli o‘ksik, boquvchisini yo‘qotgan, kam ta’minlangan, ehtiyojmand oilalar holidan xabar olinadi.
Zotan, mazkur qarorda ham xalqimizga xos bo‘lgan insonparvarlik, mehr-oqibat, saxovat va o‘zaro hamjihatlik kabi fazilatlarni qaror toptirish belgilab qo‘yilgan.
Odatda hayit kunlarida hamma bir-birini ulug‘ kun bilan samimiy muborakbod etadi. Hayit namozini ado etgandan so‘ng birinchi o‘rinda ota-onalarimizni, ulardan keyin qarindosh-urug‘larimiz va yoru birodarlarimizni, bemorlarni borib ziyorat qilamiz. Ularning ko‘nglini ko‘tarishga harakat qilamiz.
Qurbonlik qilish Yaratgan bergan ne’matlarining shukronasini ado etish va nafsoniy illatlardan poklanish hamda bandaning Yaratuvchi amriga itoati va taqvosini namoyon etadi.
Hayit o‘z nomi bilan xursandchilikdir. Ushbu bayramda ota-ona va farzandlarga sovg‘a ulashib, ularni quvontirish, keksalarni, zaif va betoblarni ziyorat qilish, ularga hadya berib, qalblariga surur kiritish dinimiz targ‘ib qilgan amallardandir.
Ayrim hududlarda hayit kunlari isrofgarchilikka sabab bo‘ladigan turli marosimlar o‘tkazish odat tusiga kirgan. Bu shariatimizda yo‘q. Yaqinlari vafot etgan xonadonlardagi, nikoh to‘ylari bo‘lgan oilalardagi “yangi hayit”, “hayit yo‘qlovi” kabi marosimlar bid’atdir. Hayit kunlari isrofgarchiliklar, xursandchilik bayramini aza va yig‘i-sig‘iga aylantirish bizga yarashmaydi. Buning o‘rniga muhtojlarga, faqir-miskinlarga, yetim-yesir, beva-bechoralarga sovg‘alar ulashish zarur.
Qurbon hayiti musulmonlarning shod-xurramlik, mehr-oqibat, xayr-saxovat ko‘rsatish, bir-birlari bilan diydorlashuv bayramidir. Uni shariat talablariga muvofiq, yig‘i-sig‘isiz, xursandchilik bilan, xush kayfiyatda o‘tkazish shart.
Hayit kuni qarindosh-urug‘larni, birodarlarni ziyorat qilish, beva-bechoralar holidan xabar olish ajri ulug‘ amallardan. Biror sababga ko‘ra arazlashgan, gina-kuduratli tanish-bilishlar muborak kunlarda bir-birlarini kechirsalar, maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Alloh taolo Qurbon hayitini barchamizga muborak qilsin!
Jasurbek domla Raupov,
Toshkent viloyati bosh imom-xatibi.
O‘zA