French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Milliy qadriyatlar namoyishi
16:33 / 2023-03-15

Andijon shahridagi “Jome’” me’moriy majmuasida Milliy qadriyatlar festivali bo‘lib o‘tdi.

Andijon shahar hokimligi, Oila va xotin-qizlar bo‘limi tomonidan Navro‘z bayrami oldidan Andijon shahrining Eski shahar hududidagi andijonliklar orasida “Andijon registoni” deb ataladigan maydonda tashkil etilgan festivalda xalqimizning milliy qadriyat va o‘lmas an’analari keng targ‘ib etildi. Qiziqarli tadbirlarga boy o‘tgan festival ishtirokchilar hamda shahar mehmonlariga bahoriy va bayram kayfiyatini ulashdi.  

Xalq sayli tarzida o‘tgan festival ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda so‘z olganlar mamlakatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ulkan bunyodkorlik ishlari, aholi turmush farovonligini yuksaltirish xususan, xalqimizning milliy qadriyat va o‘lmas an’analarini ulug‘lash, shu orqali yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yoshlar qalbida ona Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarga hurmat tuyg‘ularini mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganligi ta’kidlandi.  

Festival doirasida usta hunarmandlar tomonidan namoyish etilgan kulolchilik, zargarlik buyumlari, maxsi, do‘ppi, milliy kiyimlar ko‘rgazmalari barchaga manzur bo‘ldi.  

– bugungi festivalda shogirdlarim bilan tayyorlagan o‘ttizdan ortiq turdagi milliy qo‘g‘irchoqlarimiz ko‘rgazmasi bilan qatnashyapmiz, – deydi Andijon shahri Cho‘lpon 100 yilligi mahallasida yashovchi, hunarmand Mayramxon Erg‘oziyeva. – Ko‘p yillardan buyon shu ish bilan shug‘ullanib kelaman, shogirdlarim juda ko‘p. Asosiy maqsadim, shu hunarni o‘rganib, daromad topadigan yoshlar safini kengaytirish, milliy qo‘g‘irchoqlar tayyorlash san’ati an’analarini saqlash va davom ettirishdir.

Registon maydonining turli joylarida badiiy havaskorlik jamoalar tomonidan namoyish etilgan dasturlar, harbiylar, yosh sportchilarning ko‘rgazmali chiqishlari festivalga o‘zgacha fayz kiritdi.  

– Kundan kunga yuksalib, chiroy ochib borayotgan yurtimizga faqat bayramlar yarashadi, – deydi tadbir ishtirokchisi, Andijon shahridagi “Temurmalik” mahalla fuqarolar yig‘ini Xotin-qizlar faoli Shirinoy Artiqova. – Festivalda mahallamizdan bir guruh uy bekalari, nuroniy onaxonlar, faollarimiz ishtirok etdi. Betakror qadriyatlarimiz ulug‘langan qiziqarli tadbirlar, shodiyonalar nafaqat bizni, balki barcha qatnashchilarni to‘lqinlantirib yubordi. Yurtimiz tinchligidan, shodu-xurramlikdan qalbimizda  shukronalik, faxr-iftixor tuydik.  

Shahar mahallalaridan tashrif buyurgan qo‘li gul, pazanda uy bekalari, kelinlari tomonidan tayyorlangan sumalak, o‘ziga xos milliy va bahoriy taomlar, rang-barang salatlardan barcha bahramand bo‘ldi.  

Festivalda mahallalarning yoshlar yetakchilari tavsiyasiga asosan, bir guruh yoshlarga subsidiya asosida tikuv mashinalari topshirildi. Endi ular kosiblik, tikuvchilik yo‘nalishlarida o‘z xonadonlarida mustaqil ish boshlash, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish imkoniga ega bo‘ldi.  

Shuningdek, festival doirasida hunarmand va modelerlar tomonidan milliy va zamonaviy liboslar namoyish etildi. Mahalla yoshlari o‘rtasida shashka, shaxmat hamda kamondan o‘q otish, arqon tortish, tosh ko‘tarish bo‘yicha sport musobaqalari o‘tkazildi.  

Shahar mahallalarining mohir pazandalari o‘rtasida o‘tkazilgan “Osh” ko‘rik-tanlovi festivalga o‘ziga xos ko‘tarinkilik bag‘ishladi. Tanlovda g‘oliblarni aniqlash oson kechmadi. Hakamlar xay’atining xulosasiga ko‘ra, Pistamazor mahallasi oshpazi birinchi o‘ringa, Safoiy va Islomobod mahallalari vakillari ikkinchi va uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.  

[gallery-10995]

Yakunda o‘tkazilgan turli tanlov va sport musobaqalari, ko‘rgazmalarning g‘olib va sovrindorlari tashkilotchilar tomonidan munosib rag‘batlantirildi. Festival tadbirlari shahar madaniyat bo‘limi san’atkorlari, badiiy jamoalar ishtirokidagi konsert dasturi bilan  yakunlandi.

Milliy qadriyatlarimizning haqiqiy namoyishiga aylangan mazkur festival shahar aholisi, mehmonlar, ayniqsa, yoshlar qalbida Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarga hurmat, g‘urur va iftixor, ertangi kunga umid tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.  

                                                             Faxriddin UBAYDULLAEV,

Zuxriddin UMRZOQOV (surat)

O‘zA