Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Milliy qadriyatlar – mustahkam oila tayanchi
11:35 / 2023-05-15

Oila – jamiyatimizning birlamchi bo‘g‘ini, xalqimizning go‘zal urf-odatlari va qadriyatlarini o‘zida asrovchi muqaddas mo‘’jaz maskan. Bejizga ezguliklar oiladan boshlanadi, undan mahallaga ko‘chadi, jamiyatga kirib boradi, deyishmaydi.

Butun dunyoda oila instituti inqirozining salbiy ko‘rinishlari, nikohlarning barqaror emasligi, oilaviy ajrimlarning ortishi, nikohsiz bolalar tug‘ilishining ko‘payishi, farzand tarbiyasiga e’tiborsizlik hamda keksalarga nisbatan bepisand munosabatda bo‘lish avj olmoqda. Bunday salbiy illatlarning oldini olish uchun oilalarni mustahkamlash, o‘sib kelayotgan yosh avlodni milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalashimiz, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlamog‘imiz lozim. Buning uchun jamiyat va oilada sog‘lom hamda barqaror ijtimoiy-ma’naviy muhitni shakllantirish kerak bo‘ladi.  

Milliy urf-odatlarimizga ko‘ra, ko‘pgina hollarda qizlarning oila qurishiga uni qurshab turgan ijtimoiy muhitning ta’siri katta bo‘ladi. Kuyov tomonidan sovchilar keladi, qarindoshlar o‘rtaga tushadi. Milliy qadriyatlarimizga ko‘ra, qiz bolaning roziligi ham so‘raladi. Turmushga chiqayotgan qizlarimiz, avvalom bor, irodasini tarbiyalay olishi lozim. Xalqimiz tili bilan aytganda, oilaviy hayotda suv kelsa simirib, tosh kelsa kemirish kerak. Oila sirini tashqariga chiqarmaslik esa oila mustahkamligini saqlashda muhim rol o‘ynaydi.  

Qiz bola turmush qurganidan so‘ng, uning ijtimoiy muhitdagi mavqei tubdan o‘zgarishi barobarida unga nisbatan boshqalarning va o‘zining o‘ziga bo‘lgan munosabati ham o‘zgarishi tabiiy hol. Mazkur o‘zgarishga nisbatan o‘zida ishonchni shakllantira olgan qiz yangi oilasida qisqa muddatda o‘z o‘rniga ega bo‘la oladi. Yangi mavqega moslashish, albatta, tajriba, bilimlarga asoslanadi. Shuning uchun qiz bola kelinlik mavqeiga ega bo‘lganlarning yutuqlari va kamchiliklarini tahlil qilib, o‘zi kelin bo‘lgach, amalga oshiradigan xatti-harakatlarini tasavvur qila olishi kerak.  

Xo‘sh, oila atalmish muqaddas qo‘rg‘onni asrash faqatgina qizlarimizga bog‘liqmi? Yo‘q, albatta. Bu bevosita zabardast, aql-zakovatli, teran nigohli yigitlarimizning ham qo‘lidadir. Ularning oilalarini mustahkam qilmog‘ida, bevosita, o‘z aytar so‘zi hamda qat’iy qarori bo‘lishi shart. Bugun yosh oilalar o‘rtasidagi oilaviy ajrimlarning asosiy sababi ham yoshligidan yigitlar tarbiyasiga befarqlikdan kelib chiqmoqda. Zero, o‘z oilasini asrab qolmagan yigitlarimiz qanday qilib, yurtimiz qalqoni bo‘la oladi?  

Tarixga nazar solsak, jamiyatda ayollarning o‘rni beqiyos bo‘lgan. Bibixonim, Qutlug‘ Nigorxonim, Nodirabegimlarning nafaqat go‘zalligi, balki donoligi ham tarix zarvaraqlariga bitilgani ayni haqiqat. Bibixonim davlat ishlarida Amir Temurga foydali maslahatlar berganligi, Nodiraning o‘zi ham siyosatda yetuk arbob bo‘lganligi haqida ko‘p o‘qiganmiz. Hozirgi kunga kelib ham ularning davomchisi sifatida tadbirkor, siyosatchi va o‘z sohasida yuksak marralarga erishayotgan ayollarni yurtimizda ko‘plab uchratishimiz mumkin.  

Mustahkam ma’naviy qo‘rg‘on bilan o‘ralgan oilada kamol topgan har bir qiz jamiyatda turli illatlar qurboni bo‘lmaydi. Shuningdek, u kelgusida yetuk salohiyatli farzandlar tarbiya qilmoqqa qodir bo‘ladi.  

 

Gulsanam NOROVA,  

filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori,  

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Ta’lim-fan va jamoatchilik kengashi a’zosi