Qashqadaryoga bahor erta keladi. Eng avval dalayu qirlar, adirliklar yam-yashil libos kiyadi. Bahor darakchisi boychechak, chuchmoma, qoqigul ko‘ngillarga bahor, Navro‘z nafasini ulashadi. Shundanmi, voha ahli Navro‘zda yashil poyondoz solingan keng dalalarga, istirohat bog‘lariga oshiqadi.
Tabir joiz bulsa, Navro‘z vohaning qir-adirlaridan boshlanib, qishlog‘u ovullarida, mahallalarida davom etadi. Katta doshqozonlarda Navro‘z taomlari sumalagu go‘ja oshlar tayyorlanadi, elga ulashiladi. Baxshilarning aytishuvida, sibizg‘aning navolarida bahor, Navro‘z tarannum etiladi.
Darhaqiqat, Navro‘z kunlarida Chiroqchi tumanidagi tog‘lar, qiru adirlar yashillikdan, odamlarning hamjihatligidan yashnaydi. Qishning sokin kunlaridan so‘ng bahor, Navro‘z nafasi ko‘ngillarga bir olam quvonch, shodlik bag‘ishlaydi.
“Odamlaru odamlar eshitmadim demanglar, bugun Hayitko‘l kengliklarida Navro‘z sayli bo‘lib o‘tadi”...
Jarchining bu chorlovidan so‘ng yoshu qari qir-adirga shoshadi. Yoshgina qizaloqlar qoshlariga o‘sma qo‘yib, bahorning ilk darakchisi qoqiguldan yasalgan gulchambarni sochlariga taqadi. Ayniqsa, bolajonlarning quvonchi cheksiz. Ularning varraklari moviy ko‘k o‘zra parvoz qiladi.
Ha, bugun Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida joylashgan Hayitko‘l qishlog‘i atrofidagi yashillikka burkangan qir-adirlarda bayramona ruh hukmron.
Tumanning Hayitko‘l kengliklari qadim qadriyatlarimiz, milliy urf-odatlarimiz bilan yanada fayziyob bo‘ldi. “Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin Navro‘z” deb nomlangan ezgu g‘oyani o‘zida mujassam etgan bayram saylida tumanning farovon hayoti, ezgu an’anlari, hunarmandchiligi namoyon bo‘ldi.
[gallery-22395]
Qirga yozilgan mo‘’jazgina jun gilamchalar momeros qadriyatlardan so‘zlaydi. Bu chiroqlik taniqli hunarmand Saltanat Qo‘ldoshevaning hunarmandchilik mahsulotlari.
Usta gilamdo‘z Saltanat opa shu yumush orqasidan obro‘-e’tibor topgan. Buyurtma asosida u to‘qiyotgan tabiiy xomashyo, rangdan tayyorlanayotgan o‘zbek gilamlari bugun chet elliklar xonadonini bezamoqda. O‘zbek milliy madaniy merosini targ‘ib qilmoqda.
– Bu hunar menga momeros, – deydi to‘qishda davom etar ekan Saltanat Qo‘ldosheva. – Ular yuz foiz qo‘l mehnati mahsuli bo‘lib, tabiiy mahsulotlardan tayyorlanadi. Hatto rang ham ishlatmaymiz. Yillar davomida qadimiy gilamlarda aks ettirilgan naqshlarni o‘zlashtirib, o‘zim to‘qigan gilamlarga kiritishga, milliy an’alarimizni ommalashtirishga harakat qilib kelyapman.
Ta’kidlash joizki, Chiroqchi tumanida keyingi yillarda bo‘layotgan o‘zgarishlar, bunyodkorlik ishlari bayram qilishga arzigulik. Tuman markazining qayta chiroy ochishi. Zamonaviy yechimlar asosida Yangi O‘zbekiston massivlarining qurilishi, kunu tun ishlaydigan 24 soatlik ko‘chalarning tashkil qilinishi, ravon va tekis yo‘llar va aholini qiynab kelayotgan ko‘plab ijtimoiy muammolarga yechim topilishi, qanchadan qancha ishlab chiqarish korxonalari qurilib ishga tushgani, yoshlar uchun yangi ish o‘rinlari yaratilgani bu chiroqchiliklar hayotidagi unutilmas, bayram qilishga arzigulik voqeliklardir.
– Bayram saylida ko‘p bor tilga olingani kabi yillar o‘tgani sari qadim qadriyatlarimizni jamuljam etgan Navro‘z ayyomining qadri va ahamiyati tobora ortib bormoqda, – deydi “Nuroniylar” jamg‘armasi tuman bo‘limi rahbari Hasan Rahmatov. – Chiroqchiliklar ham qutlug‘ ayyomni yangilanib, katta to‘yonalar bilan qarshi oldi. Hasharlar tashkil etilib, hududlar obod qilindi. Nihollar ekildi, yangi bog‘lar tashkil etildi. Yasharish, yashnatish ayyomi Navro‘z dillarga yanada yuksak niyatlarni jo etmoqda.
Aslida Navro‘z bayrami sayl ko‘rinishida nishonlanishida ham hikmat bor. Bayram kuni kurash, ko‘pkari, qo‘chqor urishtirish, arqon tortish kabi ko‘plab milliy o‘yinlar tashkil etiladi va elning jasur yigitlari o‘z iqtidorlarini ko‘rsatishga imkon tug‘iladi. Bayram kuni Hayitko‘l kengliklarida ham kurash va ko‘plab milliy o‘yinlar musobaqalari tashkil etildi. Unda nafaqat chiroqchilik, balki viloyatning boshqa hududlaridan tashrif buyurgan polvonlarga keng maydon berildi. Tuya, ho‘kiz, qo‘chqor kabi katta-katta zotlar qo‘yildi. Musobaqalardagi abjir yigitlarning shijoati barchani junbushga keltirdi.
Tuman hokimi barchani bayram bilan qutladi. Hududda olib borilayotgan ezgu ishlar haqida ta’kidlab o‘tdi.
O‘zaro mehr-oqibat, saxovat va muruvvat ko‘rsatish, tabarruk keksalarimizni yo‘qlash, nogironlar, yordamga muhtoj insonlar holidan xabar olish, hasharlar o‘tkazilib, yurtimizni yanada obod qilish kabi savobli ishlar Navro‘zning fayziga yanada fayz qo‘shmoqda. Xususan, “Mahalla” xayriya jamoat fondi tuman bo‘linmasi tashabbusi bilan Navro‘z bayrami arafasida istirohat bog‘larida, mahalla markazlarida, aholi xonadonlarida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borildi. “Yashil makon” loyihasi doirasida 500 ming tupdan ortiq mevali va manzarali daraxtlar ekildi, qabristonlar atrofi va yo‘laklari tartibga keltirildi, ijtimoiy ko‘makka muhtoj kam ta’minlangan, yolg‘iz keksalar holidan xabar olinib, mehr va e’tibor ko‘rsatildi. Shuningdek, bayram arafasida 50 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlarining sunnat to‘ylari ham o‘tkazib berildi. Ularga qimmatbaho sovg‘alar ulashildi.
Bayram kunlarini kuy-qo‘shiqlarsiz tasavvur etish qiyin. Shu kuni Hayitko‘l kengliklarini poytaxtdan kelgan taniqli san’atkorlarning sho‘x-sho‘x kuy-qo‘shiqlari egalladi. Tomoshabinlar miriqib raqsga tushdi.
Navro‘zning mazmun mohiyati ifoda etilgan bayram dasturida qadim qadriyatlarimiz, ezgu an’analarimiz bo‘yi basti bilan namoyon bo‘ldi. Mehr oqibat, qadr qimmat singari insoniy fazilatlar ulug‘landi. O‘tovlardagi gurunglar yurtda bo‘layotgan o‘zgarishlar, davlat rahbarining xalqqa ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rligi, bunyodkorlik ishlari, mahallalarga qaratilayotgan e’tibor haqida bo‘ldi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/u6TcZgz5F0I" title="Milliy qadriyatlar mo‘jassam bo‘lgan Navro‘z sayli" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari