Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Milliy qadriyatlar festivali
10:15 / 2024-05-06

Farg‘ona viloyatidagi professional ta’lim muassasalarida yoshlar o‘rtasida milliy an’ana va qadriyatlarni targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Beshariq Ab-u Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumida “Milliy qadriyatlar – yoshlar nigohida” deb nomlangan festival tashkil etildi.

Festivalda turli yo‘nalishlarda tanlovlar o‘tkazildi, o‘quvchi-yoshlar tomonidan tayyorlangan sahnaviy chiqishlar, milliy matolardan tikilgan liboslar namoyish qilindi. Respublikamizning har bir hududiga xos mehmondorchilik an’analari, taom va ashyolari ko‘rgazmasi tashkil qilindi. Shuningdek, 1-bosqich o‘quvchilarining tantanali qasamyodi tinglandi. Ularning har bir chiqishi olqish va qarsaklar bilan kutib olindi.  

– Ta’lim muassasasida 966 nafar talaba tahsil olayotgan bo‘lsa, ular qalbi va ongida milliy urf-odatlarimiz, qadriyatlarimizga hurmat hissini, o‘zbekona odob-axloq sifatlarini shakllantirishga alohida e’tibor qaratganmiz, – deydi texnikum direktori Nigoraxon Akbarova. – Zero, bugungi yoshlarimiz dunyoqarashi, yurish-turishi, ularning o‘y-xayollari tom ma’noda ertangi kunimizni belgilab beradi. Ularni “ommaviy madaniyat”, milliyligimizga yot g‘oyalar ta’siridan himoya qilish dolzarb vazifalardan sanaladi. Tashkil etilgan festivalning maqsadi ham o‘zligimizni targ‘ib qilish, asrlar davomida sayqallanib, asrab-avaylab kelinayotgan qadriyatlarimizni tashviq qilishdir.  

Darhaqiqat, qalbida milliy g‘urur, ona yurt va xalqqa sadoqat tuyg‘ulari kamol topgan shaxslarni tarbiyalash ayni kunlarda har qachongidan muhim va ahamiyatli bo‘lib turibdi. O‘z vatanini, elini suygan, uning qadriyatlariga hurmat bilan qaragan yoshlardan chin vatanparvarlar, kasbiga sadoqatli kadrlar yetishib chiqadi.  

Tadbirda so‘zga chiqqanlar ham shu fikrlarni e’tirof etdi. Talaba-yoshlardan xalqimiz, hukumatimizning umidi katta ekanligi, sog‘liqni saqlash xodimi bo‘lishdek sharafli kasbni egallashda tinimsiz o‘qib-o‘rganish zarurligini, bu yo‘lda milliy qadriyatlarga – or-nomus, halollik, mardlik, saxovat kabi xislatlar yo‘ldosh bo‘lishi shartligini ta’kidladilar. Texnikumda “Hamshiralik ishi”, “Feldsher-akusherlik”, “Feldsher-laborant”, “Feldsherlik ishi”, “Farmatsiya” yo‘nalishlarida tahsil olayotgan o‘quvchilar bir ovozdan Vatan xizmatiga shayliklarini izhor etishdi.  

– Har bir xalqning o‘ziga xos jihatlari, tutumi va an’analari bor. Bu o‘sha millatning boyligi sanaladi. Bobolarimiz, kayvoni momolarimiz o‘gitlari, ular asrab-avaylab kelayotgan qadriyatlar zamirida olam-olam ma’no mujassam. Biz ham bu an’analarni davom ettirishimiz, milliy kiyim-kechaklardan tortib sof o‘zbekona fazilatlargacha o‘zlashtirishimiz, xatti-harakatlarimizda, faoliyatimizda ularga sodiqligimizni namoyon etishimiz zarur. Ayniqsa, bugungi globallashuv davrida bu qadriyatlarni saqlab qolish katta ahamiyatga ega, – deydi texnikum talabasi Parizoda Akramova.  

Bayramda yoshlar tomonidan mazmunga boy xalq qo‘shiq va termalari, qochirimga boy laparlar ijro etildi. Namunali xulqi va faolligi bilan o‘rnak ko‘rsatgan talabalarning ota-onalari taqdirlandi. Tanlovlar g‘oliblariga esdalik sovg‘alari taqdim qilindi.    

M.Sulaymonov,  

O‘zA muxbiri