Taqdimot (rukn)
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘mondonligi hamda Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasi tashabbusi bilan “Milliy qadriyatlar atlasi” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir milliy o‘zlikni anglash, tarixiy merosni asrash va yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash yo‘lida muhim ma’naviy-ma’rifiy ahamiyat kasb etdi. Taqdimot marosimida okrug qo‘mondonligi, yozuvchilar, olimlar, harbiy xizmatchilar, talaba-yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari qatnashdi.

“Milliy qadriyatlar atlasi” kitobi yurtimizdagi barcha viloyatlar, elat va millatlarning boy urf-odatlari, qadimiy an’analari, marosimlari va ma’naviy merosini o‘zida mujassam etgan noyob to‘plamdir. Unda har bir hududning o‘ziga xos madaniyati, xalq og‘zaki ijodi namunalari, milliy liboslari, taomlari, bayramlari va urf-odatlari keng yoritilgan.
Kitob sahifalarida O‘zbekistonni yagona va ahil umummilliy uy sifatida ulug‘lash, turli millat va elatlar o‘rtasidagi totuvlik va hamjihatlikni mustahkamlash g‘oyasi asosiy o‘rin egallagan. “O‘zbekiston – umumiy uyimiz” degan ezgu tamoyil asar mazmunida chuqur ifodasini topgan.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar ushbu kitob taqdimoti yoshlarni milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda, ularning qalbida Vatanga sadoqat, ajdodlarga ehtirom tuyg‘ularini shakllantirishda muhim qo‘llanma bo‘lib xizmat qilishini ta’kidladilar. Ayniqsa, harbiy xizmatchilar ishtiroki tadbirga alohida ruh bag‘ishlab, Vatan himoyasi va milliy g‘urur tushunchalarining o‘zaro chambarchas bog‘liqligini yana bir bor namoyon etdi.

Tadbirda taniqli san’atkorlar tomonidan ijro etilgan milliylikni namoyon etuvchi kuy qo‘shiqlar tomoshabinlarga o‘zgacha bayramona shukuh baxsh etdi.
Taqdimot yakunida ishtirokchilar kitob bilan yaqindan tanishib, o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar. Mutaxassislar ushbu asar nafaqat ilmiy-ma’rifiy, balki tarbiyaviy jihatdan ham katta ahamiyat kasb etishini qayd etdilar.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.