Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Milliy qadriyatlar atlasi” – O‘zbekiston milliy merosining zamonaviy taqdimoti
12:22 / 2026-02-05

O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasida Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan tayyorlangan “Milliy qadriyatlar atlasi”ning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Tantanali ruhda tashkil etilgan ushbu anjumanga  ijodkor ziyolilar, olimlar, ma’naviyat targ‘ibotchilari, yoshlar taklif etildi.  

Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov, O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasi direktori, san’atshunos olima, akademik Kamola Oqilova, adabiyotshunos olim Rahmon Qo‘chqor,  O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi  

Qahramon Sariyev va boshqalar ma’naviyatga e’tibor Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida yangi O‘zbekistonning poydevorini yaratishdek mas’uliyatli jarayonda ustuvor ahamiyat kasb etayotganini e’tirof  etdi.  

Millatning o‘z qiyofasi, mentaliteti, tabiatini saqlab qolishda uning an’ana va qadriyatlar muhim ahamiyat kasb etadi.  Bugungi o‘ta murakkab globallashuv sharoitida axborot almashinuvi tezlashib, turli madaniyatlar o‘zaro yaqinlashayotgan bir paytda milliy o‘zlikni asrab-avaylash, azaliy qadriyatlar va an’analarni saqlab qolish hamda ularni kelajak avlodga yetkazish har jihatdan dolzarb. Chunki, har bir xalqning tarixi, ma’naviy dunyosi va hayot tarzi aynan shu qadriyatlar orqali namoyon bo‘ladi.  

Milliy an’analarni unutmaslik, ularni zamon talablariga mos holda rivojlantirish va keng targ‘ib etish yosh avlodda vatanparvarlik, milliy g‘urur va o‘zlikni anglash tuyg‘ularini shakllantiradi. Shu bois, milliy madaniyatimiz, urf-odatlarimiz va ma’naviy merosimizni asrash hamda dunyo miqyosida keng targ‘ib qilish bugungi kunning eng muhim vazifalaridan hisoblanadi.

Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida 2023 yil 22 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida belgilangan vazifadan kelib chiqib, “Milliy qadriyatlar atlasi” kitob-albomi, maxsus veb-platforma va mobil ilova yaratildi.

Loyiha doirasida 28 nafar olim, ziyolilar va yuqori malakali mutaxassislardan iborat ijodiy guruh shakllantirilib, 8 ta yo‘nalish — Yangi O‘zbekistonning milliy qadriyatlari, milliy-axloqiy qadriyatlar, urf-odatlar, marosimlar, bayramlar, milliy o‘yinlar, milliy-tabiiy hamda milliy-badiiy qadriyatlar bo‘yicha keng qamrovli tadqiqot ishlari olib borildi.

Barcha hududlardan jamlangan ma’lumotlar asosida o‘zbek, ingliz va rus tillarida “Milliy qadriyatlar atlasi” kitob-albomi chop etildi. Nashrni tayyorlash jarayonida 1,7 mingdan ortiq matn, 3 mingdan ziyod surat, 300 dan ortiq milliy qo‘shiq hamda 2 mingga yaqin video va audio materiallar tahlil qilindi.

Kitobda Markaziy Osiyoda shakllangan yuksak ilmiy-madaniy muhit ifoda etiladi. Qadimgi turkiy bitiklar, xalq og‘zaki ijodi namunalari, shuningdek, allomalar merosi milliy qadriyatlarning asosiy manbalari sifatida tahlil qilinadi. Amir Temur va temuriylar davrida ilm-fan, madaniyat va islom qadriyatlarining yuksalishi alohida e’tirof etiladi.

Shuningdek, millat va milliy qadriyatlar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik, ularning etnik makon, til, tarixiy xotira va genofond bilan chambarchas aloqadorligi ochib beriladi. O‘zbek xalqiga xos urf-odatlar, oila va jamiyatdagi axloqiy me’yorlar milliy qadriyatlarning amaliy ifodasi sifatida talqin qilinadi.  

Ushbu kitob-albom milliy qadriyatlarning tarixiy uzviyligi, vorisiyligi va bugungi jamiyat taraqqiyotidagi ahamiyatini yoritishga xizmat qiladi.

Shuningdek, ushbu materiallar asosida qadriyatim.uz elektron platformasi va uning mobil ilovasi ishlab chiqildi. Platforma doimiy yangilanib boriladigan, chet ellik foydalanuvchilar va xorijdagi vatandoshlar uchun milliy qadriyatlar, moddiy va nomoddiy madaniy meros haqida bir nechta xorijiy tillarda ma’lumot taqdim etuvchi interaktiv axborot bazasi hisoblanadi.  

Bugungi kunda “Milliy qadriyatlar atlasi” kitob-albomi mamlakatimiz bo‘ylab oliy ta’lim muassasalari, milliy madaniyat markazlari va turistik ob’ektlarda keng jamoatchilikka taqdim etilmoqda.

[gallery-27473]

Shu bilan birga, joriy yilda “Vatandoshlar” jamoat fondi bilan hamkorlikda kitob-albomni qo‘shimcha 1000 nusxada chop etish, xorijdagi vatandoshlar va diaspora vakillari ishtirokida elchixonalarda taqdimotlar o‘tkazish, shuningdek, kitob-albomning o‘zbek, ingliz va xitoy tillaridagi yangi nashrlarini tayyorlash rejalashtirilgan.  

–  Bu kitob o‘zbek qadriyati, milliyligimizga oid savollarga lo‘nda va aniq javob olish mumkin, – dedi O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasi direktori, san’atshunos olima, akademik Kamola Oqilova. – Ushbu kitob yoshlarimiz uchun g‘oyat muhimdir. Sababi, bugungi murakkab globallashuv davrda ular kimlarning avlodi ekanini teran anglashiga imkon beradi.  

Taqdimot tadbirida “Milliy qadriyatlar atlasi” kitob-albomi haqida batafsil so‘z yuritildi. Milliy va betakror qadriyatlarimizni namoyish etuvchi musiqiy dastur ishtirokchilar e’tiboriga havola qilindi.  

Nazokat Usmonova,

Oybek Pardayev (suratlar), O‘zA muxbirlari