So‘nggi yillarda mamlakatimizda milliy madaniy meroslarimizni asrab-avaylash va taraqqiyot talablari asosida rivojlantirish, shuningdek, jahon hamjamiyatiga munosib tarzda taqdim etish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi.

Ayniqsa, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi chog‘ida berilgan topshiriqlar xalqimizning asrlar davomida yetib kelgan bebaho madaniy merosini asrab-avaylash, uni yangi bosqichga olib chiqish va xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish borasida muhim harakatlarga yo‘l ochdi. Ana shu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva boshchiligida olib borilayotgan tizimli va amaliy ishlar bugun o‘zining yaqqol natijasini ko‘rsatmoqda.
Joriy yilning 8-13 dekabr kunlari Hindistonning Nyu-Dehli shahrida o‘tkazilayotgan YUNESKOning nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish bo‘yicha hukumatlararo qo‘mitasining 20-sessiyasi doirasida Qoraqalpog‘iston xalqi uchun tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan qarorlar qabul qilindi.
Ushbu sessiyada “Qo‘biz va jirov ijrochilik san’ati” YUNESKOning nomoddiy madaniy merosini zudlik bilan muhofaza qilish ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lsa, qoraqalpoq xalqining “Qora uy”i “Qirg‘iz, Qozoq va Qoraqalpoq o‘tovlarini barpo etishga oid an’anaviy bilim va ko‘nikmalar” qatorida YUNESKOning nomoddiy madaniy merosi Reprezentativ ro‘yxatidan munosib o‘rin oldi. Ushbu qarorlar ko‘p millatli Qoraqalpog‘iston, butun O‘zbekiston xalqi uchun cheksiz quvonch va g‘urur-iftixor manbaiga aylandi.
Qo‘biz turkiy xalqlar tarixida eng qadimiy cholg‘u asboblaridan biri bo‘lib, uning ildizi ming yillarga borib taqaladi. Asrlar davomida qo‘biz jirov va baxshilar qo‘lida epik dostonlar, xalq taqdiri, orzu-intilishlari va ma’naviy qudratini aks ettiruvchi muqaddas cholg‘u sifatida yangrab kelgan. Qoraqalpoq jirovchiligida qo‘biz nafaqat musiqa asbobi, balki so‘z, kuy va ruh uyg‘unligini ta’minlovchi badiiy-ruhiy vosita hisoblanadi.
Qora uy qoraqalpoq xalqining ko‘chmanchi va yarim ko‘chmanchi turmush tarziga moslashgan an’anaviy turar joy shakli bo‘lib, 6, 8, 12 qanotli bo‘lishi bilan boshqa xalqlarning o‘tovlaridan ajralib turadi.
Ko‘p qanotli qora uylar tabiat sharoitiga mos qurilgan va ularning har biri aholining ijtimoiy hayoti, oilaviy tartib, mehmondo‘stlik va hamjihatlik an’analarini mujassam etib, asrlar davomida shakllangan ijodiy va me’moriy tafakkurning yorqin namunasidir.
YUNESKO tomonidan ushbu ikki noyob merosning xalqaro miqyosda e’tirof etilishi ularning tarixiy, ma’naviy va madaniy qiymatini yanada oshirib, kelgusida ilmiy tadqiqotlar, ta’lim dasturlari, ustoz-shogird an’analarini rivojlantirish, shuningdek, xalqaro madaniy hamkorlikni kengaytirish uchun mustahkam zamin yaratadi. Bu esa yosh avlodni milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda ham muhim ahamiyatga ega. Shu bilan birga, bu Qoraqalpoq xalqi uchun ham chuqur ma’naviy mas’uliyatni yuzaga keltiradi: avlodlardan qolgan merosni asrab-avaylash, uni rivojlantirish va kelajakka yetkazish har bir qoraqalpoq oilasi va jamoamiz uchun muqaddas burchdir.
Xalqimizning milliy qadriyatlari, madaniy merosini ko‘z qorachig‘idek asrash va kelajak avlodlarga yetkazish “Milliy tiklanish" demokratik partiyasining asosiy vazifalaridan biri bo‘lib, partiyamizning dasturiy maqsadlarida milliy o‘zlikni mustahkamlash, tarixiy merosni muhofaza qilish, uning huquqiy kafolatlarini kuchaytirish masalalari alohida o‘rin egallaydi.
Ta’kidlash joizki, bu borada qonunchilik faoliyati ham izchil takomillashtirilmoqda. Nomoddiy madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish, ularni davlat ro‘yxatiga olish, qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini kuchaytirish, sohada faoliyat yuritayotgan ustalar, san’atkorlar va ijod maktablarini rag‘batlantirishga qaratilgan huquqiy normalar ishlab chiqilmoqda.
YUNESKO ro‘yxatiga kiritilgan meros ob’ektlari qonunchilik tashabbuslarini yanada kengaytirish, sohani kompleks rivojlantirish uchun mustahkam zamin bo‘lib xizmat qiladi. Shu o‘rinda, o‘zlarining iste’dodi, mahorati va mehnati orqali xalqimizning boy madaniy merosini asrab-avaylab, avlodlar o‘rtasida boy an’analarimizni mustahkamlab kelayotgan jirovlar, qo‘biz ustalari va qora uy chevarlariga mana shu yuksak mas’uliyatni yelkalarida ko‘tarib, xalqimizning boy san’atini, milliy merosini kelajak avlodlarga yetkazish kabi mas’uliyatli ishlarida muvaffaqiyatlar tilaymiz.
Ruslan Jumamuratov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zMTDP fraksiyasi a’zosi
O‘zA