Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Milliy pichoqsozlik maktabining yetuk vakili
15:01 / 2025-01-09

Pichoqchilik o‘tmishda qurolsozlikning eng keng tarqalgan sohasi bo‘lib, muhim kasb bo‘lgani uchun deyarli har bir shaharda pichoqchilar faoliyat ko‘rsatgan. Ba’zi joylarda bu kasb san’at darajasiga ko‘tarilib, maktablar shakllangan. Jumladan, Andijon, Farg‘ona vodiysida Qo‘qon, Chust, Shahrixon, Qorasuv maktablari faoliyat yuritgan.

Xususan, mashhur pichoqsoz Rahmatxo‘ja Alixo‘jayev XVII asr oxiri XVIII asr boshlarida Shahrixon pichoqchilik san’atiga asos solgan pichoqchi usta Ismoilxo‘ja sulolasining 7-avlod davomchisidir.  

Rahmatxo‘ja Alixo‘jayev an’anaviy pichoqchilik hunarini otasi usta Alixo‘ja Ubaydullayevdan o‘rganadi. Ajdodlardan saqlanib kelgan mahorat va zamonaviy usullarni uyg‘unlashtirgan holda o‘z ijodiy namunalarini yasab kelmoqda.  

Jumladan, qilich, pichoq, xanjar, qaychi hamda ularning tig‘i va dastalariga bezak berib o‘z ijodini boyitib kelmoqda.  

R.Alixo‘jayev bugungi o‘zbek milliy pichoqsozlik san’atining eng yirik va nufuzli markazlaridan biri - 200 yillik tarix an’anasiga ega Shahrixon milliy pichoqsozlik maktabining yetuk vakili va amaliy sardori.  

Ustaning an’anaviy va betakror sayqal berilgan “Kumush sarbasta”, Brig sarbasta”, “Suqma”, “Chilmixa”, dastali “Qayqi”, “Qozoqcha”, “Tolbargi” va boshqa turdagi pichoqlari nafaqat respublikamizda, balki Yaponiya, Saudiya Arabistoni, Turkiya, Germaniya, Hindiston, Amerika kabi xorijiy davlatlarda xalqaro, badiiy ko‘rgazmalar, savdo yarmarkalari va xususiy savdogarlar orqali o‘zbek milliy pichoqchilik san’ati namunasi sifatida tarqalgan.    

“Eshon aka pichoqlari” nomi bilan elga mashhur bo‘lgan R.Alixo‘jayev pichoqlari bugungi yosh ustalar orasida yuksak did, beqiyos mahorat, kasbga muhabbat hamda buyuk qadriyatlar ramzi bo‘lib qolmoqda.  

R.Alixo‘jayev qadimiy ota-bobolar an’anasini saqlab qolgan holda dastasi tabiiy qo‘tos va kiyik shoxlaridan, ilik suyaklaridan qoplab, ularga sadaf ko‘zlari bilan sayqal berib, Shahrixon pichoqsozlik maktabi rivojiga ulkan xissa qo‘shib kelmoqda.  

R.Alixo‘jayevning bosh shogirdi Sodiqjon Ne’matov “Tashabbus-2007” ko‘rik-tanlovida 1-o‘rinni egallab, oltin medal va Prezident sovrinini qo‘lga kiritdi va “Matiz” avtomashinasi bilan taqdirlangan

R.Alixo‘jayevning shogirdlari Mamirjon Sayidoxunov va Habibullo Ustaxonovlar Ukraina poytaxti Kiyev shaxrida 2007 yilda o‘tkazilgan “Master klinok” ko‘rgazmasida ishtirok etib, faxrli 2-o‘rinni egallash orqali o‘zbek milliy pichoqchilik san’atining dunyo tig‘ ustalari o‘rtasida o‘ziga xos o‘rni bor ekanini isbot qildi. R.Alixo‘jayevning Andijon xalq amaliy san’ati rivojiga qo‘shgan xissalari beqiyos.  

Gulnoza Boboyeva,

O‘zA