O‘zbekiston Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi va Yonse universiteti (Koreya) o‘zaro hamkorlik qilish bo‘yicha muzokara o‘tkazdi.
Onlayn shaklidagi uchrashuv Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) ko‘magida tashkil etildi.
–Sog‘liqni saqlash tizimiga innovatsiyani joriy etish asosiy vazifa sanaladi. Koreya Respublikasining nufuzli bilim yurtlari uchtaligi va dunyoning eng yaxshi TOP-100 tarkibiga kiradigan Yonse universitetining yuqori reytingini inobatga oladigan bo‘lsak, hamkorlik yaxshi samara berishiga ishonamiz, – dedi Milliy palata raisi Rovshan Izamov.
Koreya Respublikasi xalqaro hamkorligining bugungi bosqichida hududiy jihatdan O‘zbekiston Respublikasini ham o‘z ichiga oladigan «Shimoliy loyiha»ga katta e’tibor qaratmoqda. Unda ta’lim va tibbiyot bo‘yicha hamkorlik ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Buni onlayn uchrashuv davomida Yonse universiteti tibbiyot kollejining gumanitar va ijtimoiy fanlar kafedrasi dotsenti Yun San Chxol va mazkur kollej pedagogi Li Ire ham ta’kidladi.
Hozirgi vaqtda Yonse universiteti tomonidan Toshkent pediatriya tibbiyot instituti bilan birgalikda qo‘shma loyihani amalga oshirish boshlangan. Koreya universiteti vakillari loyiha to‘rt yilga mo‘ljallanganini qayd etishdi.
Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi raisi R. Izamovning aytishicha, Koreya Respublikasi
sog‘liqni saqlash tizimining zamonaviy uslublari O‘zbekistonning hududiy tibbiyoti darajasiga katta ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Xususan, eng dolzarb mavzulardagi vebinarlar mamlakat viloyatlari shifokorlari orasida juda talabgordir. Milliy palata tomonidan 2020 yilning dekabr oyida TIKA (Turkiya) bilan hamkorlikda O‘zbekistondan 500 nafar shifokor ishtirok etgan laparoskopiya jarrohligi bo‘yicha vebinar tashkil etilgan. Bunday sermazmun auditoriyani tayyorlashda Milliy palataning hududiy bo‘linmalari faol ishtirok etdi.
Onlayn shakldagi uchrashuv sog‘liqni saqlash tizimining deyarli barcha manfaatdor mutaxassislariga kasbiy darajasini oshirish, xalqaro ekspertlar bilan suhbatlashish va o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olish imkonini berr ekan, bunday tajribani davom ettirish kerak.
Muzokaralar davomida hamshiralik ta’limiga innovatsion yondashish mavzusi faol muhokama etildi. Koreya modeli asosida bu sohada o‘rta tibbiyot xodimlarining roli va ahamiyatini, mutaxassislarining malakasini keskin oshirish mumkin. Mazkur masala muhokamasida Yonse universiteti Hamshiralar kollejining dotsentlari ishtirok etdilar.
Tomonlar hamshiralik ta’limi innovatsion modeli bo‘yicha ilk loyihani O‘zbekiston kollejlarining biri bazasida amalga oshirish muhimligini ta’kidladi.
Shuningdek, Milliy palata tomonidan muvofiqlashtirib turiladigan klinik protokollarni ishlab chiqish sohasida birgalikda ishlash imkoniyatlari muhokama etildi. Har ikkala tomon mutaxassislari klinik protokollarning puxta ishlab chiqilishi, maksimal darajada amaliyligi va xalqaro standart talablariga mosligiga erishish aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatishning asosi sanalishi haqida hamfikr bo‘ldilar.
R. Izamov shuningdek, O‘zbekistonga sog‘liqni saqlash sohasida xalqaro akkreditatsiya tashkilotlarini jalb etish bo‘yicha Miliy palata tajribasi haqida ma’lumot berdi. Masalan, Milliy palata tashabbusi bilan Toshkentga tibbiyot muassasalarini ma’lum standartlar bo‘yicha akkreditatsiyadan o‘tkazish bilan shug‘ullanuvchi JCI (Joint Commission International) kompaniyasi vakillari kelgan.
JCI ekspertlari shifoxonalarga tashrifi natijasida akkreditatsiyaga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha muhim tavsiyalar bergan. Bu esa ushbu jarayonga manfaatdor tibbiyot tashkilotlarining qiziqishini uyg‘otdi.
Xalqaro akkreditatsiya va sertifikatsiyalashning muhimligini Yonse universiteti vakillari ham tasdiqladi. Ular mazkur universitetdagi tibbiyot klinikasi ham xalqaro akkreditatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tganligi hamda zamonaviy tibbiyotdagi ushbu muhim tajriba bilan o‘rtoqlashishga tayyor ekanligini bildirdi.
O‘zbekiston Innovatsion sog‘liqni
saqlash milliy palatasi matbuot xizmati