English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Milliy palata jamoat salomatligining bo‘lajak magistriga grant ajratadi
12:33 / 2020-12-31

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion sog‘liqni saqlash Milliy palatasi grantlar dasturi doirasida Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminister universitetida ochilayotgan magistraturaning «Jamoat salomatligi» yangi dasturining istiqbolli talabalaridan birining o‘qish uchun pulini to‘lab beradi.

Jamoat salomatligi kasalliklar oldini olishning ilmiy va amaliy asoslarini yaratish va rivojlantirishni, maqsadli dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish yo‘li bilan umrni uzaytirish va sog‘liqni mustahkamlashni maqsad qilgan. Ushbu yo‘nalishning dolzarbligini bugun hayotning o‘zi isbotlab turibdi.

Public Health Leaders grant dasturi yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlashni maqsad qilgan va unga iqtisod fanlari doktori, professor Sanjar Jalolov xotirasiga bag‘ishlab Milliy palata tomonidan asos solingan. U 2018 yilda o‘zining THETA Collaborative (Toronto) dagi muvaffaqiyatli karerasidan foydalanib, Vatanida SSTB (Sog‘liqni saqlash texnologiyalarini baholash) uslubini joriy etishga ko‘maklashish uchun Kanadadan O‘zbekistonga qaytib keldi. Sanjar Jalolov Toshkent Xalqaro Vestminster universitetida Jamoat salomatligi sohasida magistratura ochishning muhimligi g‘oyasini ilgari surganlardan biri edi.  

Magistraturaning dastlabki talabalari 2021 yil 25 yanvardan o‘qishni boshlaydi. Hozir esa nomzodlardan arizalar qabul qilish jarayoni ketyapti. Bu jarayon 8 yanvargacha davom etadi. Magistraturani tugatgan bitiruvchilar Jamoat salomatligi fani sohasida magistr ilmiy unvoniga ega bo‘ladi.  

Mazkur magistratura kursi tibbiyot ma’lumoti yoki Sog‘liqni saqlash hamda jamiyatshunoslik tizimidagi ma’lumotga ega bo‘lganlar uchun mo‘ljallangan.

MSc Public Health Science magistraturasining ushbu dasturi Londondagi Vestminister universitetida muvaffaqiyatli o‘zlashtirilyapti. Uni O‘zbekistonda o‘taydigan magistrantlar University of Westminister (London, UK) dan ham diplom oladi. U diplom butun dunyo, jumladan, Yevropa mamlakatlari, AQSH va boshqa mamlakatlarda tan olinadi.  

Londondagi Vestminister universiteti tajribasidan ma’lumki, mazkur kurs magistrantlari amaliyotdagi shifokor, davolovchi xodim, akademiya sohasida o‘qituvchi, jamoat salomatligi sektorida menejer bo‘ladimi, jamoat salomatligi sohasida samarali mutaxassislar sanaladi. Bunday mutaxassislarga sog‘liqni saqlash tizimining milliy va xalqaro tashkilotlari, mahalliy sog‘liqni saqlash departamenti, davlat va xususiy tibbiyot muassasalarida talab yuqori.  

– Ushbu magistr kursining innovatsionligini, bitiruvchilariga jamoat salomatligi sohasida ixtisoslashtirish beradigan keng imkoniyatlarni inobatga olgan holda bir qator mezonlar bo‘yicha tanlab olingan istiqbolli talabalarning birini qo‘llab-quvvatlashga qaror qildik. Ajratilgan grant uning magistraturada o‘qish xarajatlarini qoplaydi. Ishonchim komilki, bo‘lajak magistrlar mamlakatimiz rahbari tashkilotimiz oldiga qo‘ygan vazifalardan biri — O‘zbekiston sog‘liqni saqlash sohasini boshqarishga ham o‘zining hissasini qo‘shadi, — dedi Milliy palata rahbari Rovshan Izamov.

Toshkent shahrida yangi «Jamoat salomatligi» magistr kursining ochilishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 7 apreldagi tegishli farmonida ko‘zda tutilgan.  

Innovatsion sog‘liqni saqlash Milliy palatasi matbuot xizmati.