Insoniyat paydo bo‘libdiki, eng dolzarb, eng mashaqqatli va eng qiyin vazifa – yoshlar masalasi bo‘lib kelgan. Mutafakkir va allomalar, ziyolilar jamiyatning rivoji, tinchligi va xotirjamligini yoshlar tarbiyasi bilan bog‘lagani bejiz emas. Qayerdaki, tarbiya masalasi qadriyat, an’ana bilan bog‘liqlikda hal etishga harakat qilingan bo‘lsa, o‘sha joyda rivojlanish bo‘lgan. Yoshlar tarbiyasiga e’tiborsizlik bo‘lgan joyda inqiroz va o‘pirilishlar ham sodir bo‘lgani ayon.
Yurtimiz yoshlar mamlakati bo‘lib, mamlakatimiz aholisining qariyb 64 foizini yoshlar, ya’ni 30 yoshgacha bo‘lganlar tashkil etadi. Albatta, bu raqam davlatimiz zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklashini ko‘z oldimizga keltirsak, ularga juda katta e’tibor, g‘amxo‘rlik talab etiladi, ikkinchi tomondan, yoshlarimizga ko‘rsatiladigan e’tibor, ertaga ulkan yutuq va natijalarini ham beradi.
Yoshlar barcha davrlarda jamiyatning faol qatlami sifatida e’tirof etib kelingan. Shu jihatdan muntazam shakllanib boruvchi bu qatlam doimiy suratda ezgulikka, kelajakka yo‘naltirilib va qo‘llab-quvvatlab turishni talab etadi. Bu esa, davlat tomonidan yoshlarning mamlakat manfaatlari yo‘lida erkin ijtimoiylashuvi va o‘zini samarali namoyon etishi uchun maqbul sharoit va imkoniyat yaratish borasidagi chora-tadbirlar tizimi, yoshlarga oid davlat siyosatini anglatadi. Shu bois mamlakatimizda eng katta e’tibor mustaqil fikrlaydigan, tashabbuskor, shijoatli va ijodkor yoshlarni tarbiyalashga qaratilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 19 yanvar kuni ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishini o‘tkazdi va unda aynan yoshlar masalasi, ularning ma’naviyatini yuksaltirish va bunda nimalarga e’tibor qaratish kerakligi haqida aniq-tiniq takliflar va ko‘rsatmalar berildi.
Taraqqiyotga qadam qo‘ygan har bir xalq borki, avvalo, ma’naviy birlashuvi, milliy g‘oyasi bilan yuksalgan. Bugun yangi hayot qurish, rivojlangan davlatlar qatoriga chiqish yo‘lidan borayotgan mamlakatimiz uchun ham milliy g‘oya masalasi juda muhim ahamiyatga ega. Bu borada Prezidentimiz aytgan mana bu fikrlariga e’tiboringizni qaratmoqchiman: «Agar jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo‘lsa, uning joni va ruhi ma’naviyatdir. Biz Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaror qilgan ekanmiz, ikkita mustahkam ustunga tayanamiz. Birinchisi – bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyot. Ikkinchisi – ajdodlarimizning boy merosi va milliy qadriyatlarga asoslangan kuchli ma’naviyat». Biz, albatta, ma’naviy birlik va milliy g‘oyani yoshlar ongiga singdirishdan boshlashimiz kerak. Keyingi yillarda shu borada qator qarorlar qabul qilindi, Respublika ma’naviyat va ma’rifat kengashi raisi Prezident ekani belgilab qo‘yildi. Kengashning hududiy bo‘limlariga mas’ullik hokimlar zimmasiga yuklatildi. Bu o‘zgarish ma’naviy-ma’rifiy ishlarni davlatimiz siyosatida yanada yuksak o‘ringa ko‘tardi.
Yig‘ilishda yoshlarni vatanparvarlik, milliy iftixor ruhida tarbiyalash, buning uchun tarix fanini yaxshi o‘rgatish, ushbu yo‘nalishdagi ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish muhimligi ta’kidlandi. Zero, o‘tmishsiz kelajak bo‘lmaydi va tarixni yaxshi anglamay turib, yorqin istiqbolga yurishning imkoni yo‘qdir.
Prezidentimiz tomonidan «Agar kimdir, ma’naviyat masalasi – bu faqat Ma’naviyat markazi yoki tegishli vazirlik va idoralarning ishi deb o‘ylasa, xato qiladi. Bularning barchasi oldimizda turgan eng asosiy, eng muhim vazifalardan biridir», deya bu borada yechimini kutib turgan, o‘zgarishlar harakati kirib bormagan masalalarga ham to‘xtab o‘tildi.
Milliy g‘oyaning mohiyatini to‘liq anglab yetmagan, eski mafkurani tasavvur qilib, bunga yuzaki qaraydigan kishilar ham yo‘q emas. Shu bois Prezident mamlakatimiz mafkurasining asosiy g‘oyasiga shunday izoh berdi: «Biz yaratayotgan Yangi O‘zbekistonning mafkurasi ezgulik, odamiylik, gumanizm g‘oyasi bo‘ladi. Biz mafkura deganda, avvalo, fikr tarbiyasini, milliy va umuminsoniy qadriyatlar tarbiyasini tushunamiz. Ular xalqimizning necha ming yillik hayotiy tushuncha va qadriyatlariga asoslangan».
Tarbiyada tanaffus bo‘lmaydi, deydi xalqimiz. Bu borada bog‘cha, maktab, oliy ta’lim, mahalla – barchasi bir-biri bilan hamkorlikda ish olib bormog‘i kerak. Shu bois yig‘ilishda ma’naviy-ma’rifiy ishlarning yagona tizimini shakllantirish, xususan, o‘g‘il-qizlarni bolaligidanoq bilimli va fazilatli qilib tarbiyalash, buning uchun maktabgacha ta’lim muassasalariga metodik yordam ko‘rsatish muhimligining ta’kidlanganligi, maktablar, o‘rta maxsus va oliy ta’lim dargohlarida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilishi, barcha oliy ta’lim muassasalari va ularning filiallarida mavjud shtat birliklari doirasida yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor lavozimi joriy etilishi haqidagi fikrlarning barchasi negizida yoshlarni sog‘lom tarbiyalash masalasi turibdi.
Prezidentimiz boshchiligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishidagi vazifalardan kelib chiqib, Termiz davlat universitetida ham ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tubdan takomillashtirish va uning samaradorligini oshirishga yo‘naltirilgan yo‘l xaritasi ishlab chiqilmoqda. Bunda, avvalo, talabalar o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot ishlarining mazmun-mohiyatini tubdan yaxshilash, ularning ko‘lami va miqyosini kengaytirish, yoshlarda sog‘lom dunyoqarash, kitobxonlik ko‘nikmasini shakllantirish, internet, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan oqilona foydalanish madaniyatini oshirish, g‘oyaviy va axborot xurujlariga qarshi mafkuraviy immunitetni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ayniqsa, talaba-yoshlarni vatanparvarlik, milliy iftixor ruhida tarbiyalash, buning uchun tarixni chuqur o‘rgatish va shu yo‘nalishdagi ilmiy tadqiqotlarni yanada kuchaytirish, bu boradagi ishlarimizni innovatsion yondashuvlar asosida amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda. Shuningdek, mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda, «Bir ziyoli – bir mahallaga ma’naviy homiy» tamoyili asosida viloyatning chekka-chekka hududlari, mahallalarida keng miqyosda targ‘ibot ishlarini olib borishda yetuk professor-o‘qituvchilar va iqtidorli talaba-yoshlar biriktiriladi.
Darhaqiqat, Prezidentimiz aytganidek: «Yangi hayot, yangi jamiyat qurishga qaratilgan islohotlar jarayonida ma’naviy-mafkuraviy ishlarimizning nazariy asosi bo‘lgan milliy g‘oyani rivojlantirish masalasi g‘oyat muhim ahamiyatga ega». Jamiyat taraqqiyoti, jonajon O‘zbekistonimizning ertangi kuni milliy o‘zlik va ma’naviy qadriyatlarimizga asoslanganligini chuqur anglagan universitetimizning ko‘p sonli jamoasi mamlakatimizda ma’naviyat va ma’rifat targ‘ibotini faol olib boradi, bu borada Termiz davlat universiteti xalqimizning boy madaniyati va merosini yoshlarga singdirish va shu orqali o‘z Vataniga sadoqatli, yuqori malakali, raqobatbardosh kadrlarni tayyorlashda yetakchi bo‘ladi.
Avazjon Marahimov,
Termiz davlat universiteti rektori