Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Milliy o‘yinlarimiz unut bo‘lmasin
15:20 / 2023-03-31

Harakatga asoslangan milliy o‘yinlar inson organizmini toblab boradi. Bu haqda ulug‘ hakim Abu Ali ibn Sino ko‘p bora ta’kidlagan. Chunki o‘yinlar o‘pkani kengaytirib, nafas olishni yaxshilaydi, yurakni baquvvat qiladi, faollikni oshiradi. Bundan tashqari o‘yinlardagi turli axloqiy talablar bolalarning ma’naviyatli, axloqli inson bo‘lib shakllanishiga ham hissa qo‘shadi. Chunki bolalar o‘yinlarida halollikka qat’iy rioya qilinadi. Bunday ruhda ulg‘aygan bolalar esa kelajakda odamlarga kerakmand insonlar bo‘lib voyaga yetadi.

Insonning harakatchanligi  qish faslida biroz susayadi. Bahor kelib, tabiat jonlanishi bilan bolajonlar keng adirlar, qirlar bag‘rida varrak uchirishga ishtiyoqmand bo‘ladilar. Qaysi bolaning varragi yuqoriroq ko‘tarilsa, bu uning uquvliligidan darak beradi.  

Bolalar orasida ko‘kat vositasidagi o‘yinlar ham mashhur bo‘lgan. Bu o‘yinlar ham kishining ziyrakligini, mas’uliyatini oshirib, xotirani bir joyga jamlashga o‘rgatadi.  

Falsafa doktori, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Guljahon Mardonova bir necha yillardan buyon respublikamizning viloyat, tuman, qishloqlarini kezib keksa otaxon, onaxonlar, bolajonlardan unutilgan, ko‘hna o‘yinlarni yozib olish bilan shug‘ullanadi. Quyida Guljahon opa Qarshi shahridagi Haramjo‘y qishlog‘i bolalaridan yozib olgan “Ko‘k qani?” o‘yinini e’tiboringizga havola qilamiz.    

Ko‘k qani?  

Bu o‘yin bahor boshlanishi bilan bir necha o‘g‘il bolalarning kelishuvi asosida o‘ynaladi. Unga bir bolani o‘rtaboshi, ya’ni nazoratchi qilib tayinlaydilar. Aytaylik, beshta bola o‘yinga kirishdi. Ular o‘yin boshlangan daqiqaning o‘zida cho‘ntaklariga istalgan o‘t-o‘lanning barglaridan solib oladilar.  

– Ko‘k qani, deyilganda topib berolmagan bola uni so‘ragan do‘stiga bitta olma yoki chaqa beradi, – deydi o‘rtaboshi.  

Bolalar ana shu kelishuv asosida tarqaladilar.    

Aytaylik, o‘yindagi ishtirokchi Abdug‘ani yashaydigan uyning darvozasi kechqurun taqillab qoldi. Abdug‘ani  

hech narsani o‘ylamay darvozani ochdi. Qarasa “ko‘k qani” o‘yinidagi do‘sti Asror turibdi.  

– Abdug‘ani, ko‘k qani? – so‘raydi Asror.    

Ana shu payt Abdug‘ani cho‘ntagidan istalgan o‘t bargidan chiqarib ko‘rsatishi kerak. Agar uning yonida o‘t bo‘lmasa, ko‘ylagining rangimi, tugmasimi ko‘k bo‘lishi kerak. Abdug‘ani   ko‘k rangli ashyo ko‘rsata olmasa, Asrorga olma yoki kelishilgan chaqani berishi shart. Mabodo Abdug‘ani bu yerda hech qanday guvoh yo‘q, deb g‘irromlik qirmoqchi bo‘lsa, Asror uni o‘rtaboshining oldiga yetaklab boradi. O‘rtaboshi esa masalaga oydinlik kiritadi.  

O‘yinda ishtirok etayotganlar qayerda, qanday sharoitda bo‘lmasin cho‘ntaklarida o‘tning bargidan olib yurishlari kerak. Aks holda yutqizib qo‘yadilar. O‘yin bahor boshlanishidan adog‘igacha davom etadi.  

“Ko‘k qani?” kabi milliy o‘yinlar bolalarni ziyrak, mas’uliyatli, qat’iyatli etib tarbiyalaydi.  

 

Guljahon Mardonova,  

O‘zA