Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Milliy o‘yinlar, bobomeros qadriyatlar ulug‘lanmoqda
16:19 / 2022-06-06

Munosabat

Ma’lumki, milliy-madaniy merosimizning bir bo‘lagi bo‘lgan milliy o‘yinlarni rivojlantirishga yetarlicha e’tibor berilmagan bir davrlarda yashab o‘tdik. Aksincha, ulardan tor maqsadlar yo‘lida foydalanib kelingan zamonlarni ko‘rdik.

Mustaqillik sharofati bilan ajdodlarimizdan meros milliy sport turlari va xalq o‘yinlarining boy an’analari va qadriyatlarini yanada rivojlantirish borasida bir muncha ishlar amalga oshirildi.

So‘nggi yillarda Yangi O‘zbekiston yangi imkoniyatlar mamlakati tamoyili asosida qadriyatlarimiz, xususan milliy sport turlari va xalq o‘yinlarini yanada ommalashtirish va dunyoga tanitish hamda ularni umumjahon madaniy merosi durdonasiga aylantirish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilingan “Etnosport turlarini ommalashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror qadriyatlarimizning dunyoga bo‘y ko‘rsatishi, qadr topishi yo‘lida muhim dasturilamal bo‘ldi.

Davlatimiz rahbarining ushbu qarori milliy sport turlari va xalq o‘yinlarining barhayotligiga zamin yaratdi. Ochig‘i, yaqin yillarda xalq o‘yinlarini rivojlantirish bo‘yicha bunday tarixiy hujjat qabul qilinmagandi.

Bu, buyuk ajdodlarimizdan meros milliy o‘yinlarning boy an’analari va qadriyatlarini kelajak avlodlarga yetkazish, o‘zbek sporti brendi ostida turli sport turlarining jahon arenalaridagi o‘rnini oshirish, yoshlarning milliy sport turlariga bo‘lgan qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish orqali ularda vatanparvarlik tuyg‘usini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Tarixiy manbaalarda xalq o‘yinlarining kelib chiqishi hamda rivojlanishiga doir qiziqarli hikoyalar, voqealar mavjud. Ularni ilmiy tomondan yanada kengroq o‘rganish, tadqiq etishda ushbu qarorning ahamiyati juda yuksakdir.

Olimlarning takidlashicha, xalqimizga xos milliy o‘yinlarning paydo bo‘lishi eramizgacha bo‘lgan davrlarga to‘g‘ri keladi. Buni arxeologik, etnografik, folklor va boshqa manbaalar to‘la-to‘kis tasdiqlaydi. Xususan, saklar, massagetlar va boshqa qabilalardagi o‘yinlar, musobaqalar bugun ham xalqimizning eng sevimli urf-odatlari sirasiga kiradi. Otlar bilan bog‘liq musobaqalar, kurash, oq suyak kabi o‘yinlar shular jumlasidan.

Yodimda, 1990 yillari yurtimizda mushtlashuv janglarini o‘zida mujassam etgan bir qancha xalqlarning milliy o‘yinlari, yakka kurash sport turlarini rivojlantirishga e’tibor qaratdik. Ularni ommalashtirdik. Musobaqalar o‘tkazdik. Xususan, armrestling, sirim kabilar shular jumlasidan. Lekin afsuslar bo‘lsinki, ushbu sport turlari u yoki bu shaklda qadimdan yurtimizda mavjud bo‘lgan. Masalan, “qo‘l panja kurash” xalq o‘yini, shuningdek, Buxoroda mushtlashuv san’atining eng mukammali o‘zbek mushtlashuvida bo‘lganligini tarixiy kitoblardagi manbaalar tasdiqlab turibdi.

Shu o‘rinda aytish joiz, yurtimizda sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan qarorlar, davlat dasturlari asosida milliy sport turlari hamda xalq o‘yinlari tarixini o‘rganish bo‘yicha “O‘zbekiston Respublikasi milliy sport turlari va xalq o‘yinlari ensiklopediyasi”si yaratildi. Uni nashr qilish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.

Mazkur ezgu ishlarning amalga oshishi esa xalqimiz qalb-qo‘rida asrab kelingan qadriyatlarning rivoji hamda uning ommaviyligi muhim ahamiyat kasb etadi.

Nosir AZIZOV,
O‘zbekiston belbog‘li, bel olish va uch kurash 
milliy assotsiatsiyasi bosh kotibi.

O‘zA