Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Milliy o‘quv dasturi xalqaro standartlar asosida takomillashtiriladi
12:08 / 2026-02-23

Toshkent shahrida Milliy o‘quv dasturini xalqaro standartlar asosida takomillashtirishga bag‘ishlangan seminar o‘z ishini boshladi.

Ushbu tadbir yangi O‘zbekistonda ta’lim sifatini tubdan yangilashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonining amaliy ifodasidir.  

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan maktabgacha va maktab ta’limi tizimida boshlangan islohotlar nainki zamonaviy infratuzilmani yaratish, balki o‘qitish metodikasini jahon andozalari asosida qayta qurishni nazarda tutmoqda.

Bugungi kunda ta’lim mazmunini boyitish, o‘quvchilarda tanqidiy fikrlash va XXI asr ko‘nikmalarini shakllantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylangan bo‘lib, mazkur seminar ushbu tizimli o‘zgarishlarning mantiqiy davomi hisoblanadi.

Islom taraqqiyot banki, YUNICYeF va Kembrij universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu anjuman o‘quvchilarni global mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassislar qilib tarbiyalashda asosiy poydevor bo‘lmoqda.

Mazkur jarayonning tizimliligi shundaki, u faqat qisqa muddatli uchrashuvlar bilan cheklanib qolmay, o‘tgan bir yil davomida 20 dan ortiq xalqaro ekspert ishtirokidagi 210 dan ziyod masofaviy muloqotni ham qamrab oldi.  

2024–2025-yilda Buyuk Britaniya va O‘zbekistonda o‘tkazilgan amaliy mashg‘ulotlar davomida orttirilgan tajriba asosida umumiy o‘rta ta’limning barcha bosqichlari uchun o‘quv dasturi loyihalari ishlab chiqildi.

Joriy yilning 23-fevralidan 2-martiga qadar Kembrij universitetining 10 nafar yetakchi konsultanti tomonidan tashkil etiladigan seminar mashg‘ulotlarida esa Milliy o‘quv dasturi xalqaro mezonlar, milliy qadriyatlar va zamonaviy kompetensiyalar uyg‘unlashuvi nuqtai nazaridan qayta ko‘rib chiqiladi.

N.Usmonova, O‘zA