Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Milliy o‘quv dasturi: ta’lim sifati, o‘qituvchi mahorati millat kelajagidir
15:40 / 2021-08-10

O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi oldidan

Joriy o‘quv yilida foydalanish uchun yaratilgan darsliklar mazmuniga yangiliklar kiritilgan. Ushbu yangilik va o‘zgarishlarni amaliyotga tatbiq etish, o‘zgarishlar bilan tanishtirish, ularni samarali qo‘llash bo‘yicha zaruriy bilimlarni shakllantirish maqsadida Respublika ta’lim markazi va A.Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti hamkorligida ilmiy xodimlar, amaliyotchi o‘qituvchilar, maktablar rahbariyati va metodistlar uchun uch kunlik o‘quv-seminar tashkil etilgan edi.

YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi texnik ko‘magida yaratilgan Milliy o‘quv dasturi xalqaro tajribalarni inobatga olgan holda, mahalliy amaliyotchi o‘qituvchilar va xorijiy ekspertlar ishtirokida yaratilgan.

Unda fanlararo integratsiya kuchaytirilib, fan va mavzularni o‘qitishda mantiqiy fikrlash, amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga asoslangan spiralsimon o‘qitish metodikasi – mavzularni soddadan murakkabga qarab o‘qitish, o‘quvchilarda borliqni yaxlit tasavvur va tadqiq qilish orqali o‘rganishni ta’minlovchi integratsion yondashuv joriy qilinmoqda. Amalda esa chiziqli o‘qitish, yod olish metodikasi qo‘llaniladi.

1-, 2-sinflar uchun 140 nomdagi darslik bilan birga, fanning metodik ta’minoti uchun 20 nomdagi o‘qituvchi kitobi, 140 nomdagi o‘quvchi mashq daftari, 140 nomdagi multimedia ilovasi va raqamli kontent joriy qilinadi.

O‘quv dasturlarida nazariy soatlar qisqartirilib, amaliy soatlar hajmi 20 foizdan 50 foizga oshirildi.

O‘quvchilarning individual istaklari va qobiliyatlarini inobatga olish imkoniyatini beruvchi variativ o‘quv rejalar asosida o‘qitish tizimini joriy qilish imkoniyati kengaytirilmoqda.

Har bir fan bo‘yicha o‘quv faoliyati natijalariga qo‘yiladigan talablar sinflar kesimida belgilandi va o‘quvchi erishishi talab etiladigan har bir ko‘nikma kodlashtirildi. Amalda esa olingan bilimlarni baholash umumiy belgilangan, har bir sinf yakunidagi talablar mavjud emas.

Shuningdek, bolaning yosh va psixologik xususiyatlaridan kelib chiqib, fanlar va mavzular maqbullashtirilib, maktabgacha va oliy ta’lim tizimlari bilan uzviylik ta’minlandi.

O‘quvchi yoshi va xalqaro tajribalar, psixologik va sanitariya normalaridan kelib chiqib haftalik normativlar sinflar kesimida qayta ko‘rib chiqilib, bosqichma-bosqich o‘quv yuklama soatlari qisqartirildi.

Yangi Milliy o‘quv dasturida barcha sinflar kesimidagi haftalik yuklama 314 soat etib belgilandi. 2019 yilda – 339 bo‘lgan.

“Bog‘cha-maktab-oliy ta’lim” uzviyligini ta’minlash maqsadida maktabgacha ta’limning “Ilk qadam” dasturi bilan 75 ta mavzu moslashtirildi. O‘z navbatida 94 ta mavzu oliy ta’lim dasturlariga o‘tkazildi.

Xalqaro ta’lim sifati tadqiqotlarida yuqori natija ko‘rsatgan mamlakatlarning tajribalaridan kelib chiqib, xalqaro ekspertlar tavsiyasiga asosan: boshlang‘ich sinf o‘quvchilarida yozish, o‘qish, fikr bildirish ko‘nikmalarni sifatli shakllantirish maqsadida Ona tili va o‘qish savodxonligi fani kiritildi.

Matematika fanini sodda va qiziqarli tilda tushuntirish maqsadida fanning dasturi to‘liq qayta ko‘rib chiqildi. Tabiatdagi jarayonlarni sodda va qiziqarli tushuntirish va o‘quvchilarda amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish maqsadida yangi “Tabiiy fan” (Sience) dasturi yetakchi xalqaro ekspertlar ishtirokida ishlab chiqildi.

O‘quvchilarni vatanparvarlik va bag‘rikenglik tamoyillari asosida mediasavodxon va tanqidiy fikrlash ko‘nikmalariga ega bo‘lgan, maqsadga intiluvchan qilib tarbiyalash maqsadida “Tarbiya” fani joriy qilindi.

Shuningdek, o‘quvchilarda moliyaviy savodxonlikni rivojlantirish maqsadida Milliy o‘quv dasturi doirasida “Tadbirkorlik va moliyaviy savodxonlik” fani ham joriy etiladi.

Milliy o‘quv dasturini amaliyotga joriy etish orqali maktab ta’limini yangi bosqichga ko‘tarish o‘qituvchilar malakasini oshirish orqali amalga oshiriladi, chunki, ta’lim sifati o‘qituvchining bilimi, darajasidan baland bo‘la olmaydi.

Mazkur jarayon bosqichma-bosqich 2021-2025 yillarda va metodik ta’minot, ya’ni darslik, o‘qituvchi kitobi bilan ta’minlash, pedagoglarning malakasini oshirish orqali amalga oshiriladi.

Shuningdek, darsliklarni yaratish texnologiyasini takomillashtirish maqsadida YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda xalqaro ekspertlar Endi Smart (yangi avlod darsliklarini yaratish texnologiyasi), Syuzan Lannutssi (Ona tili), Marselo Starikoff (Matematika), Filippa Gardon Xalm (Tabiiy fan (Science) ishtirokida o‘quv-amaliy seminarlar tashkil etish orqali mualliflar maktabi yaratilmoqda.

Yangi dastur va darsliklarga mos ravishda pedagoglarning bilimini oshirish, ularni kasbiy rivojlantirish maqsadida xalqaro ekspertlar yordamida Respublika darajasidagi 30 nafar bosh trener, 84 nafar xududiy trener tayyorlandi.  

Trenerlar yordamida joriy yil iyul-avgust oylarida 1450 nafar metodist va 984 nafar malaka oshirish markazlari pedagog kadrlari uchun treninglar tashkil etilmoqda.

Yangi o‘quv yilida 1-2-sinfda dars beradigan 31,1 ming nafar boshlang‘ich sinf va 18,0 ming nafar fanlar o‘qituvchisi uchun joylarda maqsadli o‘quv kurslari tashkil etish yuzasidan har bir fanni o‘qitish bo‘yicha videokurs, mavzular kesimida taqdimotlar, metodik resurslar tayyorlanib, A.Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot inistituti onlinedu.uz kasbiy rivojlanish va Respublika ta’lim markazining elektron platformalariga joylashtirilmoqda.

Shuningdek, A.Avloniy nomidagi xalq ta’limi muammolarini o‘rganish va istiqbolini belgilash instituti tomonidan 5-,6-sinflarda Tabiiy fanlar bo‘yicha dars berish kompetentligiga ega o‘qituvchilarni tayyorlash maqsadida biologiya, fizika va geografiya o‘qituvchilari uchun 2022 yildan boshlab maxsus tayyorlov o‘quv kurslari tashkil etishni rejalashtirmoqda.  

Bundan tashqari, pedagog kadrlarning uzluksiz kasbiy rivojlanib borishi uchun Milliy o‘quv dasturiga mos ravishda rahbar xodimlar uchun 8 ta, metodistlar uchun 7 ta va o‘qituvchilar uchun 6 ta kompetensiyalarni rivojlantiruvchi 384 ta variativ o‘quv dasturlari onlinedu.uz platformasida joylashtirilgan raqamli kontent asosida malaka oshirish kurslari joriy etilmoqda.  

O‘z navbatida mazkur innovatsion yechim o‘zini to‘liq oqlay olmagan 5 yilda bir marta amalga oshiriladigan davriylikka asoslangan malaka oshirish tizimidan voz kechib, ilg‘or tajribalar asosida joriy etilayotgan doimiylikka asoslangan kasbiy, ijtimoiy-iqtisodiy samaradorlikni ta’minlay olishga qodir malaka oshirish tizimi orqali har yili pedagoglar malakasini sifatli oshirib borish imkoni yaratilmoqda.  

Garchi, hech bir tizim yoki mexanizm etalonlikka da’vo qila olmasa-da, bizning maktablarimizda fidoyilik bilan faoliyat olib borayotgan o‘qituvchilarimiz shaffoflik, adolat va ehtiyojlarga moslashuvchan mazkur tizimdan samarali foydalanish orqali ta’lim sifatini oshirishni ta’minlay oladi.

Hayot maktab ostonasidan boshlanadi. Milliy o‘quv dasturini amaliyotga to‘liq va sifatli joriy etish umummilliy harakatga bog‘liqdir. Zero, maktab ta’limi – millat taqdiri.  

Mehriniso Pardayeva,  

A.Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot institutining ta’lim innovatsiyalarini joriy etish bo‘yicha direktor o‘rinbosari.

O‘zA