French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Milliy o‘quv dasturi asosida yangi matematika darsligi yaratildi
15:40 / 2021-05-28

Milliy o‘quv dasturi asosida umumta’lim maktablari o‘quvchilari uchun jahon standartlari asosida yangilangan va mukammallashtirilgan darsliklar yaratilmoqda.

Respublika ta’lim markazi mutaxassislari tomonidan tayyorlanayotgan ana shunday darsliklardan biri yangi matematika darsligidir. Hozirda 1-sinf matematika darsligi yaratildi.

Tadqiqotlarga ko‘ra, hisob-kitobni yaxshi o‘zlashtirgan o‘quvchidan ko‘ra, matematik mushohada hamda mantiqiy fikrlash ko‘nikmasiga ega o‘quvchi turli vaziyatda muammolarga tez yechim topadi. Shu nuqtai nazardan tayyorlangan Milliy o‘quv dasturida o‘quvchining matematik tafakkurini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. 1-sinf matematika darsligida ham farzandlarimizni ilk bor matematik mushohadaga chorlaydigan mashg‘ulot va topshiriqlarga keng o‘rin berilgan.

Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining tasviriy ko‘rinishdagi o‘quv materiallarini anglashi mavhum tushunchalarni anglashidan ko‘ra osonroq kechadi. Shundan kelib chiqib, ushbu darsliklarda ko‘rgazmali materiallardan unumli foydalanishga harakat qilingan.

O‘quvchilar qo‘llashi mumkin bo‘lgan bilim va ko‘nikmalarni berishga yo‘naltirilgan material va topshiriqlar, jumladan, robototexnika elementlaridan foydalanilganligi ham darslikning asosiy yutuqlaridan biridir.

Respublika ta’lim markazi axborot xizmatining xabar berishicha, amaldagi darsliklarning katta qismidan nazariy materiallar o‘rin olgan bo‘lib, nashrga tayyorlanayotgan darsliklarda esa amaliy xarakterdagi o‘quv materiallariga ko‘proq e’tibor qaratilgan. Shuningdek, imitatsiya, ya’ni berilgan topshiriq asosida bolaning o‘zi xuddi shunga o‘xshash boshqa topshiriq yaratishini ko‘zda tutadigan va interpretatsiya, ya’ni bir ma’lumotni boshqa ko‘rinishdagi ma’lumotga, masalan, matn ko‘rinishidagi ma’lumotni raqam ko‘rinishidagi yoki diagramma ko‘rinishidagi ma’lumotga o‘zgartirishni ko‘zda tutadigan topshiriqlar ham yangi darsliklarda keng qo‘llanilgan.

Bundan tashqari, yangi darslikdagi topshiriqlarning asosiy qismi o‘quvchining mantiqiy fikrlash qobiliyatini rivojlantirishga qaratilgan. Har bir mavzu bo‘yicha darslikning oxirida mantiqiy topshiriqlar alohida ilova qilingan. Darslikda mavzular spiralsimon tarzda berilgan. Mavzular har safar avval berilganiga qaraganda ko‘lami kengaygan va chuqurlashgan holda takrorlanadi.

Ahamiyatli jihati, darslik uchun geymifikatsiyadan ham foydalanilgan. Xususan, darslik uchun 20 ta bosqichdan iborat ta’limiy o‘yin yaratildi. O‘yinda sonlarni katta-kichikligiga ko‘ra, narsalarning shakli va hajmiga qarab taqqoslash, 20 gacha bo‘lgan sonlarni toq va juftga ajratish, simmetriya hosil qilish hamda 9 gacha raqamlash mavzulari qamrab olingan. Topshiriqqa to‘g‘ri yoki xato javob berilgani haqida foydalanuvchiga dasturning o‘zi xulosa berishi o‘quvchilar bemalol matematikadan o‘rganganlarini darslardan tashqarida ham kattalarning ko‘magisiz mustahkamlashiga imkon beradi. O‘yinga har safar kirilganda topshiriqlar takrorlanmasligi esa o‘quvchilar undan zerikib qolmasligini ta’minlaydi.

Fayzullo Yahyoyev, O‘zA