“Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!”
“Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” degan ezgu g‘oya ostida nishonlanayotgan istiqlolimizning 34 yillik tantanalari qo‘shaloq bayramlar bilan xalqimizga yanada ko‘tarinki ruh, quvonch va shukronalik hissini baxshida etmoqda. Yaqinda har jihatdan mukammal bo‘lgan Olimpiya shaharchasi hamda Milliy futbol markazi foydalanishga topshirilgan bo‘lsa, kuni kecha yana bir tarixiy voqeylik – O‘zbekiston Milliy muzeyi qurilishiga tamal toshi qo‘yildi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan marosimda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, bu muzey uch ming yillik boy tariximizni odamlarga, dunyo hamjamiyati va kelajak avlodga yetkazadigan ilm-ma’rifat va madaniyat maskani bo‘lishini ta’kidladi. “Ishonchim komil, yangi barpo etiladigan majmua mamlakatimizning jahon tarixi va taraqqiyotida tutgan o‘rnini yanada yorqinroq ko‘rsatadi. Bir yil emas, o‘n yil emas, ko‘p yillar davomida xalqimizga xizmat qiladi!” - dedi Davlatimiz rahbari.
Darhaqiqat, har qanday millatning ma’naviyatini uning tarixi, o‘ziga xos urf-odat va an’analari, qadriyatlarisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Shu ma’noda, ajdodlardan meros qolgan ilmiy, ma’naviy-ma’rifiy xazinalar, uzoq tarixdan so‘zlovchi asori-atiqalarni kelajak avlodlarga yetkazishda qadriyatlar beshigi, tarix tilsimoti – muzeylarning o‘rni beqiyos. Muzeylardagi tarixiy ashyolar, nodir qo‘lyozmalar, hujjatlarga qarab ajdodlarimizning o‘tmish hayotidan, ma’naviy dunyosidan xabardor bo‘lamiz. Bu nafaqat har birimizga ota-bobolarimizdan qolgan merosga hurmat hissini uyg‘otadi, balki vatanparvarlik, shu yurtga, xalqimizga munosib farzand bo‘lib voyaga yetish, kelajakda sadoqat bilan xizmat qilish tuyg‘ularini ham shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston muzeylari 130 yillik tarixga ega bo‘lib, yurtimizda bugungi kunda muntazam faoliyat ko‘rsatayotgan 1200 dan ziyod turli yo‘nalish va soha muzeylari bor. Muzeylarimiz yildan yilga ma’nan boyib, muntazam kengayib bormoqda va ularda saqlanayotgan eksponatlar soni esa 2,17 milliondan oshgan. Birgina Toshkentdagi 30 ta muzeyda 1 milliondan ziyod eksponat bor. Ularning 100 mingi Davlat san’at muzeyida bo‘lib, shundan bor-yo‘g‘i 2 ming 400 tasi namoyishga qo‘yilgan, xolos. Ko‘rgazma zallari yetarli bo‘lmagani, saqlash uchun zarur sharoitlar yaratilmagani bois, qariyb 100 mingta eksponat omborda saqlanyapti.
Dunyo tamadduni markazlari hisoblangan Markaziy Osiyo, Xitoy, Yaponiya, Hindiston va Yevropa davlatlari madaniyatini o‘zida aks ettirgan bu noyob san’at asarlari butun insoniyatning beqiyos boyligi ekanini hisobga olsak, ularni asrab-avaylash, kelgusi avlodlarga beshikast yetkazish, dunyo ommasiga namoyish qilish orqali yurtimizning boy tarixi va madaniyatini tarannum etish barchamizning muqaddas burchimizdir. Shu jihatdan yurtimiz tarixida ilk bor barpo etilayotgan majmua 3 qavatli muzey, 2 qavatli yerto‘la hamda yordamchi binolardan iborat bo‘ladi. Umumiy maydoni 40 ming kvadrat metrli muzeyda bir vaqtning o‘zida 10 mingga yaqin eksponatni namoyish qilish imkoniyati yaratiladi. Shu bilan birga 4 ming kvadrat metr maydonda konferensiya zallari, auditoriya va restoranlar, bolalar maydonchalari tashkil etiladi.
Yana bir e’tiborli jihati: muzey kelajakda atrofidagi Abulqosim madrasasi, Xalqlar do‘stligi saroyi va O‘zbekiston Milliy bog‘i bilan bir joyda yaxlit me’moriy kompozitsiyaga, yurtdoshlarimiz va xorijiy sayyohlar uchun tematik turizm maskaniga aylanadi. Milliy muzeyi dunyoga mashhur Luvr, Metropolitan va Britaniya muzeylari bilan yaqindan hamkorlik o‘rnatib, noyob eksponatlar olib kelinadi va ko‘rgazmalar tashkil qilinadi.
Albatta, xalqimiz manfaati, davlatimiz ulug‘vorligiga xizmat qiluvchi bu kabi ulkan inshootlar yurtdoshlarimizning Yangi O‘zbekistonning ortga qaytmas islohotlariga, farovon kelajagiga, “Inson qadri uchun” degan tamoyil asosida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar bo‘lgan ishonchi namunasidir.
Otabek JIYANBAEV,
Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati