Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Milliy musiqiy ta’lim: islohot va istiqbol
14:26 / 2025-07-02

Musiqiy ta’lim mamlakatimizda qay tarzda yo‘lga qo‘yilgan?

O‘quv jarayoni bugungi davr talabiga javob beradimi?  

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan tashkil etilgan "Milliy musiqiy ta’lim: islohot va istiqbol" mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy seminarda ushbu mavzu batafsil muhokama etildi.  

Seminar O‘zbekistonda milliy musiqiy ta’limning bugungi holati va uning kelajakdagi rivojlanish yo‘nalishlarini belgilashda alohida ahamiyat kasb etdi.  

Ijtimoiy-madaniy o‘zgarishlar milliy musiqa ta’limining vazifalari, uslublari va mazmunini yangidan idrok etishni talab etadi. Ushbu ilmiy-amaliy seminar an’anaviy musiqa madaniyatini saqlash va rivojlantirish bilan bog‘liq dolzarb muammolar va tamoyillar tahliliga bag‘ishlandi.  

Musiqa ta’limining innovatsion shakllari va uslublarini ishlab chiqish masalalari muhokama markazida bo‘ldi.

Seminar davomida an’anaviy merosni asrash va rivojlantirish, o‘zbek xalqining boy musiqa merosi, xususan, maqom san’ati, dostonchilik va xalq qo‘shiqchiligining o‘ziga xos xususiyatlarini saqlash va uning rivojini ta’minlash, zamonaviy tendensiyalarni integratsiya qilish, musiqa ta’limida innovatsion yondashuvlar, zamonaviy pedagogik texnologiyalar va raqamli musiqa imkoniyatlarini milliy o‘ziga xosligimizga uyg‘un holda joriy etish kabi masalalar atroflicha muhokama etildi.  

Shu bilan birga, kadrlar salohiyatini oshirish, musiqa o‘qituvchilarining malakasini yuksaltirish, yangi iqtidor egalarini kashf etish va qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirish, nufuzli xorijiy ta’lim muassasalari bilan aloqalarni mustahkamlash, tajriba almashish va milliy musiqamizni jahon sahnalarida keng targ‘ib qilish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar seminar ishtirokchilarining diqqat-markazida bo‘ldi.  

Seminarda milliy musiqa qadriyatlari va estetikasiga asoslangan ta’lim tizimini yaratish bo‘yicha yangi modellar va ularni amaliyotga tatbiq etish masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘zbek an’anaviy musiqasini o‘qitish metodikasi, professional ta’lim sharoitida o‘zbek an’anaviy musiqasini o‘qitishning samarali usullari, shuningdek, raqamli transformatsiya orqali musiqa merosini o‘rganish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Seminar ishtirokchilari maqom san’ati va xalq badiiy merosini ta’lim jarayoniga chuqurroq integratsiya qilish, shuningdek, ta’lim muhitida an’anaviy musiqa madaniyatini saqlash bo‘yicha fikr almashdilar. Tadbirda musiqa o‘qituvchilarining milliy musiqa pedagogikasida avlodlararo uzviylikni ta’minlashdagi roli va ularning kasbiy rivojlanishi uchun yangi imkoniyatlar tahlil qilindi.

Seminarda madaniyat va san’at sohasining taniqli arboblari, olimlar, pedagoglar, musiqashunoslar, yosh tadqiqotchilar, shuningdek, taniqli siyosatchilar va deputatlar ishtirok etdi. Ularning fikr-mulohazalari va takliflari milliy musiqiy ta’limning kelajakdagi rivojlanish yo‘nalishlarini belgilab olishda muhim ahamiyat kasb etdi.

N.Usmonova,  

O‘zA muxbiri