FOTOREPORTAJ
Farg‘ona shahridagi viloyat teatr-konsert saroyida yosh ijodkor Murodjon Kamoliddinovning “Yangi O‘zbekiston – oltin fondimiz” nomli konsert dasturi bo‘lib o‘tdi. Tadbir doirasida serqirra san’atkorning “Nota yozishni o‘rganamiz” o‘quv-uslubiy qo‘llanmasi hamda O‘zbekiston xalq artisti, Farg‘ona davlat universiteti professori Sultonali Mannopov tavalludining 75-yilligiga bag‘ishlangan “Kamtar-u ulug‘vor ustozim” nomli kitobi taqdimoti ham tashkil qilindi.
Bugungi kunda mamlakatimizda yosh avlodni milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, ma’naviy-ma’rifiy jihatdan barkamol bo‘lib ulg‘ayishi uchun keng ko‘lamli sa’y-harakatlar olib borilmoqda. Ayni jarayonda milliy musiqa san’atini rivojlantirish ham muhim vazifalar sirasiga kiradi. Boisi musiqa bolalarda badiiy did va estetik tarbiyani shakllantiradi. Vatanga sadoqat hamda ajdodlar merosiga hurmat tuyg‘usini kamolotga yetkazadi.
Tadbirda alohida qayd etilganidek, Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasida ta’lim muassasalarida o‘quvchilarning musiqiy savodxonligini oshirish, milliy cholg‘u sozlarini o‘rganish hamda cholg‘u ijrochiligi dars mashg‘ulotlari yo‘lga qo‘yilishi bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilangan. Shu ma’noda farg‘onalik yosh ijodkorning “Nota yozishni o‘rganamiz” qo‘llanmasi musiqaga oshufta qalblar uchun juda ham qo‘l keladi.
- Farg‘ona azaldan ulug‘ san’atkorlar yurtidir va bugungi kunda ham sohada ustoz-shogird an’analari davom etmoqda, - deydi Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabi musiqa to‘garagi rahbari, iste’dodli ijodkor Murodjon Kamoliddinov. - Bu boradagi izlanishlar, ustozlar o‘giti tufayli yutuqlarimiz ko‘lami tobora kengayib bormoqda. Ishonamanki, bundan buyon ham ayni yo‘nalishdagi ijodiy izlanishlarimiz bardavom bo‘ladi.
Muqimjon QODIOV (surat), O‘zA