Media sohasini rivojlantirishda ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash, jurnalistlarning kasbiy mahoratini oshirish, ularning o‘zaro muloqot qilishi, tajriba almashishi, mavjud muammolarga birgalikda yechim topishi, dolzarb mavzularni muhokama qilishiga imkoniyat yaratib berish muhim hisoblanadi.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi va uyushmaning Qashqadaryo viloyati bo‘limi hamkorligida “Milliy media makonda an’ana va zamonaviylik: yutuqlar, muammolar va yechimlar” mavzusida tashkil etilgan mintaqaviy konferensiyada ham yuqoridagi masalalarga e’tibor qaratildi.
Konferensiyada so‘zga chiqqan O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.b. Xolmurod Salimov Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida yurtimizda media sohasi rivoji yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlarga alohida to‘xtalib o‘tdi. Anjumanning maqsadi, hozirgi davrda OAV, jurnalistlar oldida turgan muhim vazifalar, sohadagi yutuq va muammolar xususida atroflicha so‘z yuritdi.

Anjumanda “Bugungi davr va jurnalistika”, “Bosma nashrlarda shakllangan an’analar – zamonaviy jurnalistikaning asosi” mavzularida ma’ruzalar tinglandi.
Shuningdek, milliy media makondagi rivojlanish tendensiyalari, davriy bosma nashrlarda shakllangan mahorat maktablari, zamonaviy jurnalistikaning muhim vazifalari, internet nashrlarining jamiyat hayotida tutgan o‘rni va ahamiyati singari muhim masalalar muhokama qilindi.
Yakunda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zoligiga qabul qilingan bir guruh jurnalistlarga a’zolik guvohnomalari taqdim etildi. Yubiley yoshini nishonlagan faxriylar hamda matbuot sohasi rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan ustoz jurnalistlarga faxriy yorliq va sovg‘alar topshirildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA