Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Milliy manfaatlarga sadoqat namunasi
11:08 / 2024-06-27

Dunyo tamaddunga yuz tutibdiki, insonlar xolis va tezkor axborotga muhtoj. Eramizdan avvalgi 59 yilda hukmdor Sezarning ko‘rsatmasi bilan loydan yasalgan lavhachalarda «Acta diurna senatus etpopuli» — «Senat va Rim xalqining kundalik bayonnomalari» chiqa boshlagan. Keyinchalik ana shu lavhachalar ikkita eng ibtidoiy xabarnomaga aylangan, ular «Acta senates» va «Acta diurna populi romani» deb nomlangan.

Tarixchilar ta’kidlashicha, «Acta senates» rahbariyatning o‘ziga xos jarchisi bo‘lgan. Unda hukmdorning amru farmonlari hamda Senat yangiliklari e’lon qilingan. Shuningdek, bashoratlar, ob-havo ma’lumoti va astronomiya yangiliklari ham havola etilgan. Sababi, hokimiyat o‘zining ayrim qarorlarini qabul qilishda aynan shu ma’lumotlarga asoslangan. Loydan yasalgan lavhachadan iborat «Acta senates» hukumat binolarining devorlariga ham ilib qo‘yilgan. Mohiyatan, shu rasmiy gazetaning ilk ko‘rinishi bo‘lgan, deyish mumkin.

«Acta diurna populi romani» esa xalq uchun mo‘ljallangan yangiliklarni e’lon qilgan. Ular qisqa satrlardan iborat edi. Masalan, xabarlardan birining matni: «Kecha shahar ustida kuchli bo‘ron bo‘ldi. Shahar chekkasida dub daraxti chaqmoq urishi tufayli qulab tushdi». Yoki boshqa bir xabar: «Vino tayyorlash yerto‘lasida janjal yuz berdi. Do‘kon egasi yaralandi». Bu taxtachalardan nusxalar ham tayyorlangan, ya’ni «Rim xalqining kundalik bayonnomalari», zamonaviy til bilan aytsak, ko‘p adadli bo‘lgan. Bu nusxalar bozorlar, xalq ko‘p to‘planadigan joylarda tarqatilgan.

Xo‘sh, ikki ming yildan ko‘proq davrda nima o‘zgardi? Biz, xuddi avvalgiday, shahrimiz, davlatimiz va dunyoda yuz bergan voqealar haqidagi xabarlarni ko‘zdan kechirib chiqamiz. To‘g‘ri, Qadimiy Rimda yashagan shahar fuqarosi yangiliklar bilan tanishish uchun bozorga borishiga to‘g‘ri kelar edi, biz esa — bugungi kunda smartfonimiz ekranida barmoqlarimizni yurgizsak, shuning o‘zi kifoya. Xullas, bunday harakatlarning ma’no-mazmuni, maqsad-muddao o‘sha-o‘sha.

Lekin bugungi zamondoshimizning axborot olish bo‘yicha ehtiyojlari antik dunyo odamlarinikidan juda keskin farq qiladi. Qadimda biror kishi qaysidir voqea yoki muhim masala yuzasidan fikrlarni eshitmoqchi bo‘lsa, Sitseron kabi faylasuf va notiqlarning ma’ruzasini tinglagani borishi kerak edi.

Bugunchi? Har qanday mavzudagi «asosli» fikr yoki izohni olish, har qanday yangilikni bilish uchun qanchadir masofa bosib o‘tish shart emas, balki bitta barmoq harakati kifoya.

Qadimda yangilikni ko‘pchilikka havola etish huquqi shunga munosib deb hisoblanuvchi, o‘qimishli, davlatda o‘z xizmati bilan tanilgan, fuqarolarning ham e’tirofiga erishgan insonlardagina bo‘lgan. Bugunchi? Bir necha satrdan iborat kinoyali izohni ijtimoiy tarmoqlarda hatto sobiq «ikkichi» ham yoza oladi. Yaxshiyamki, so‘zlarning imlo qoidalariga mos tarzda to‘g‘ri yozilishini ko‘rsatib, xatosini tuzatib turadigan matn muharriri bor. Ayrim «muallif»larchi, hatto o‘zi qo‘llagan so‘zning chin ma’nosini bilmaydi ham.

Bunday holat salbiy yoki aksincha, ijobiy tusga ega emas. Odamlar ham ko‘p, texnika taraqqiyotining mevalari ham. Har kim o‘zi xohlagan mavzuda yozadi. Bu — zamonaviy voqelik. Tarmoqdagi postlar va izohlardagi bunday xilmaxillikning muhimligi esa ko‘rinib ham qoldi: bunda iqtisodiyotning har qanday vaziyatda adolatli bo‘lgan talab va taklif haqidagi qonuniyati «ishga tushdi». Ya’ni fikrlar qanchalik ko‘p bo‘lgani sari ularning qadr-qimmati ham shunchalik tushib ketdi.

Yana bir jihat. Qachonki, aniq dalillar o‘rnini his-hayajon egallar ekan, u odamlarni boshqarish quroliga aylanishi ehtimoli bor. Insonning his-tuyg‘ulari orqali uning e’tiborini chalg‘itish mumkin. O‘ bo‘lmasa, o‘quvchi va tomoshabinni eng maqbul variantdan mosuvo etgan holda yaxshi va yomon o‘rtasida tanlov qilishga majburlash uchun soxta dilemmalar yaratish mumkin.

Misol uchun uzoqqa borishning hojati yo‘q. Mediamakonda shunday mulohazalar ham bo‘lyaptiki, ularda O‘zbekiston yirik davlatlar orasidagi global qarama-qarshilikda qaysi tomonda, kimning pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlaydi, qaysi guruh va tashkilotlarning manfaatini hisobga oladi, degan noqulay savollar qo‘yiladi.

Bu jarayonda kuzatish mumkinki, ba’zan jiddiy qiyofadagi sharhlovchilar shunday mavzularda fikr yuritishadi, ehtirosli izohlar berishadi, tadqiqotlarning natijalari yoki siyosatdonlar, populist-notiqlarning so‘zlarini keltirishadi. Bu singari «ekspertlar» go‘yoki satrlar orasida yashiringan fikrlarni «o‘qishadi» va o‘zlaricha O‘zbekistonning tashqi siyosati chindanam ko‘p vektorlimi yoki biryoqlama bo‘lib qoldimi, kabi savollarni ko‘tarishadi. Bunday savollarga esa har safar bir xil o‘ta soddalashtirilgan, primitiv javoblar beriladi.

Bu singari «mutaxassislar»ning ishi fuqarolarimizni boshi berk ko‘chaga kiritib qo‘yishdan boshqa narsa emas. Yo‘qsa, bunday keraksiz demagogiyaga berilmasdan, ishonchli dalillarga tayangan bo‘lishardi.

Tashqi siyosat maydonidagi faollik

Kvant mexanikasi mualliflaridan biri, fizika bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Ervin Shryodinger nafaqat o‘zining mashhur «Shryodinger mushugi» singari noodatiy tadqiqotlari va tafakkur tajribalari bilan shuhrat qozongan, balki avstriyalik bu olim jamiyat taraqqiyotiga ham ilmiy va falsafiy nuqtayi nazardan qarashga uringan.

U o‘z tadqiqotlarida «entropiya» degan tushunchani faol qo‘llagan. Fizika fanida bu tushuncha tizimdagi tartibsizlik yoki xaos darajasini ifodalaydi. Lekin ijtimoiy tizimlarda entropiyaning kuchayishi murakkablik va turli-tumanlikning ortishini anglatadi. Davlatlar uchun ochiqlik va ijobiy sotsial entropiya Qoyalar almashinuvi, madaniy turli-tumanlik va intellektual o‘sishga olib keluvchi omil bo‘lishi mumkin. Bunday faollik turli davlatlarning bir-biri bilan o‘zaro munosabatlarida innovatsiyalarni rag‘batlantiradi, aloqalarni mustahkamlashga, evolyutsiya va taraqqiyotga xizmat qiladi.

Xo‘sh, buni O‘zbekistonning ayni vaqtdagi tashqi siyosat kursi bilan solishtirish mumkinmi? Shubhasiz, mumkin. Buning uchun esa xuddi aniq fanlar bo‘yicha mutaxassislar va sifatli jurnalistika tarafdorlari singari ushbu formulaga mos fakt va raqamlarni qo‘shish kifoya.

Prezident Shavkat Mirziyoyev birgina may oyining o‘zida turli mamlakatlar, xalqaro tashkilotlar va chet el kompaniyalarining delegatsiyalari bilan muzokaralar o‘tkazdi, xorijiy tashrifni amalga oshirdi, xalqaro forumlarda ma’ruza qildi, shunday tadbirlarning ishtirokchilariga murojaat yo‘lladi. Bundan tashqari, respublikamiz rahbarining tig‘iz ish jadvalidan boshqa davlat rahbarlari bilan telefon orqali muloqotlar, beshta mamlakat elchisini qabul qilish tadbirlari ham o‘rin oldi. Yana shu davrda ikki mamlakat rahbarlari O‘zbekistonga davlat tashrifi bilan keldi. Umuman, Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, bor-yo‘g‘i bir oy ichida mamlakatimiz 175 ta xorijiy delegatsiyani qabul qildi, ularning 35 nafari — yuqori martabali mehmonlar.

O‘zbekiston matbuoti Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohimning may oyidagi mamlakatimizga tashrifini batafsil yoritdi. Tomonlar e’tirof etganidek, bu tashrif ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi sahifa ochdi va ularning rivojiga kuchli turtki berdi.

Toshkentda bo‘lib o‘tgan muzokaralarda oliy va yuqori darajadagi siyosiy muloqot va aloqalarni faollashtirish, qo‘shma hukumatlararo komissiya ishini yo‘lga qo‘yish yuzasidan kelishuvlarga erishildi. Yaqin kelajakda ikki tomonlama munosabatlarni keng qamrovli hamkorlik darajasiga olib chiqish bo‘yicha o‘zaro intilish bildirildi. O‘zbekiston — Malayziya sammiti doirasida yetakchilar tovar ayirboshlash hajmini va qo‘shma korxonalar sonini ko‘paytirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Tomonlar bu ko‘rsatkichlarni yaqin kelajakda bir necha barobar oshirish borasida tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldi.

Davlatimiz rahbari aytib o‘tganidek, bu maqsadga erishishda tovarlar nomenklaturasini kengaytirish va o‘zaro savdoning muvozanatliligini ta’minlash, uchinchi mamlakatlar bozorlariga birgalikda chiqish, yuqori texnologiyali loyihalarni ilgari surish uchun maxsus sanoat zonasini yaratish lozim. Tashrif doirasida Samarqand shahrida ikki mamlakatning yetakchi kompaniyalari ishtirokida biznes-forum bo‘lib o‘tdi va unda hamkorlikka yangi mazmun bag‘ishlovchi salmoqli investitsiya bitimlari imzolandi.

Malayziya parlamenti Senati Raisining o‘rinbosari Nur Jazlan Muhammadning fikricha, Toshkentdagi muzokaralar global siyosatda, ayniqsa, islom dunyosida tobora faol rol o‘ynayotgan qardosh davlatlar o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlaydi.

— Ko‘z o‘ngimizda ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi sahifa ochilmoqda, — dedi u. — Ikki mamlakat yetakchilari hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari bo‘yicha qator yangi takliflarni bildirishgani quvonarli. Malayziya parlamenti Senati o‘zbek — malay munosabatlarini yanada chuqurlashtirishga hissa qo‘shishga tayyor.

Yoki undan 10 kun keyin bo‘lgan boshqa bir muhim voqeani olaylik. Bu — Rossiya Prezidentining mamlakatimizga tashrifidir.

Muzokaralar natijasi bo‘yicha ikki yetakchi tomonidan matbuot uchun berilgan bayonotda aytilganidek, O‘zbekistonda 3 mingdan ortiq qo‘shma korxonalar faoliyat yuritmoqda. Loyihalar portfeli 45 milliard dollarni tashkil etadi. Bu galgi O‘zbekiston — Rossiya sammiti doirasida qiymati 20 milliard dollardan ziyod bo‘lgan yangi loyihalar bo‘yicha bitimlar imzolandi.

Hududlararo hamkorlik O‘zbekiston bilan Rossiyaning iqtisodiy va gumanitar hamkorligida chinakam drayverga aylanmoqda. Shu bois Mintaqalar forumi Davlat rahbarlari raisligidagi ikki mamlakat mintaqalari Kengashiga aylandi. Uning birinchi yig‘ilishi Toshkentda o‘tkazildi.

— Bugungi kunda Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar, birinchi navbatda, ikki davlat rahbarlari olib borayotgan siyosat tufayli juda yuqori darajaga chiqdi, — dedi RF Federal Majlisi Federatsiya Kengashining Xalqaro ishlar bo‘yicha qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Vladimir Jabarov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston — Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng katta insoniy salohiyatga ega davlat. U bilan hamkorlik uchun ko‘plab imkoniyatlar mavjud. Prezident Vladimir Putinning O‘zbekistonga davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlar rivojiga yangi sur’at bag‘ishlaydi, deya ishonch bildirdi V. Jabarov.

Yuqorida keltirilgan tashqi siyosat maydonidagi konstruktiv faollik, hech shubhasiz, innovatsiyalarning ham rivojlanishini rag‘batlantiradi, bu esa taraqqiyotga olib boradi.

Munosabatlarni shakllantirish — murakkab ish

Munosabatlarni shakllantirish — o‘ta murakkab ish. Hatto jamoada hamkasblar bilan muloqot qilayotib yoki ko‘p qavatli uyda qo‘shnilararo suhbatda o‘zaro til topishish doim ham oson kechmaydi. Zero, munosabatlarning mustahkamligi manfaatlarni uyg‘unlashtira olishga bog‘liq.

Davlatlar kabi murakkab tuzilmaga ega darajada munosabatlar o‘rnatish esa chuqur o‘ylangan diplomatiyani, sabr va salohiyatni taqozo etadi. Bu jarayonda faqat o‘zaro hurmat va ezgu maqsadlar orqali muvaffaqiyatga erishish mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashqi siyosat borasidagi sa’y-harakatlari iyun oyida ham davom etdi. Oy boshida Shavkat Mirziyoyev Turkiyaga rasmiy tashrif buyurdi. Muzokaralar samarasi o‘laroq ikki davlat rahbarlari keng qamrovli strategik sheriklikni chuqurlashtirish to‘g‘risida qo‘shma deklaratsiyani imzoladi.

O‘zaro manfaatli hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari, kelajakdagi istiqbollari belgilandi. Kengash yig‘ilishlarini muntazam ravishda o‘tkazish, siyosiy muloqotni faollashtirish hamda Hukumatlararo komissiya mexanizmidan samarali foydalanish to‘g‘risida kelishib oldilar.

O‘zbekiston — Turkiya munosabatlari dinamikasi shiddat bilan ortib bormoqda. Keyingi yillarda o‘zaro savdo hajmi 1,5 barobar o‘sdi, qo‘shma korxonalar soni ikki martaga ko‘paydi, investitsiyalar 2,5 barobar ortdi. O‘zbekiston bozorida Turkiyaning yetakchi kompaniyalari faoliyat olib bormoqda. Turkiya biznesi ishtirokida 100 dan ziyod loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotir. Davlatimiz rahbarining tashrifi doirasida 10 milliard dollarlik istiqbolli loyihalar shakllantirildi.

Toshkent va Anqara iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga bir xil yondashuvni ifoda etibgina qolmay, balki islomning insonparvarlik mazmun-mohiyatini ilgari surish, muqaddas dinimizni qoralashga, radikallashuvga qarshi kurashish lozimligi xususida, bu oliyjanob ishda buyuk allomalarimizning bebaho ma’naviy merosidan samarali foydalanish zarurati borasida ham yakdil ekanini namoyon qildi.

— Mintaqaviy-global geosiyosat qayta shakllanayotgan bir davrda O‘zbekiston va Turkiya Sharq va G‘arb o‘rtasidagi muvozanatlashgan ko‘prik davlatlar vazifasini bajarish kabi tarixiy mas’uliyatni zimmalariga olmoqda, — deb hisoblaydi Anqaraning «ANKASAM» inqirozlar va siyosiy tadqiqotlar markazi direktori Mehmet Seyfettin Erol.

Uning fikriga ko‘ra, O‘zbekistonda kechayotgan o‘zgarish va yangilanish jarayonlari «xalq — jamiyat — davlat» tamoyiliga asoslangani ulkan hududni qamrab oluvchi o‘zaro manfaatli mintaqaviy rivojlanishga turtki beradi. Hududda ko‘p yillardan buyon kutilayotgan birlashish ruhi shakllanmoqda, o‘zgarib borayotgan global geosiyosatda o‘z «Yo‘l xaritasi»ga ega bo‘lgan turkiy olam mustahkam o‘rin egallashini tasdiqlovchi alomatlar vujudga kelmoqda.

Bir haftadan so‘ng esa ekspertlar nigohi O‘zbekiston va Janubiy Koreya munosabatlariga qaratildi, zero, «Musaffo tong» mamlakati Prezidenti Yun Sok Yol davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga keldi.

Muzokaralar davomida O‘zbekiston va Janubiy Koreya yetakchilari «Yuqori texnologik va innovatsion hamkorlikning yangi davri»ni e’tirof etgan holda zamonaviy sharoitlardagi sheriklikning yangi modelini yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida kelishib oldi. Sammitda alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va har tomonlama chuqurlashtirish to‘g‘risida qo‘shma Bayonot hamda 20 ga yaqin boshqa hujjatlar imzolandi.

Koreya Respublikasi Prezidenti bilan birga yurtimizga ushbu mamlakatning ishbilarmon doiralari nufuzli vakillari tashrif buyurdi. Biznes-anjumanda Koreyaning 80 dan ziyod kompaniyalari mas’ullari ishtirok etdi, 9,6 milliard dollarga teng yangi loyihalar tayyorlandi.

O‘zbekiston — Janubiy Koreya alohida strategik sherikligining istiqboldagi yangi yuqori texnologik kun tartibini ishlab chiqish zarurati ta’kidlandi. O‘zbekistonda mintaqaviy yuqori texnologik xabni yaratish bo‘yicha strategik dasturni ishlab chiqishga kelishib olindi. Mamlakatimiz rahbari keyingi yilda Seulda «Markaziy Osiyo — Koreya» formatidagi birinchi sammitni o‘tkazish taklifini qo‘llab-quvvatladi.

— Janubiy Koreyaning yuqori texnologiyalar va innovatsiyalar sohasidagi tajribasi hamda O‘zbekistonning strategik joylashuvi va tabiiy resurslarga boyligi umumiy farovonlikni ta’minlovchi o‘zaro qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun keng yo‘l ochadi, — deydi Koreya Eksimbanki operatsiyalar departamenti direktori An Byong Xo.

U Koreya Respublikasi Prezidentining tashrifini iqtisodiy munosabatlardagi joriy murakkabliklar va muammolarni muhokama etishga imkon beruvchi platforma, deya baholadi. Bu platforma sheriklikni mustahkamlab, hamkorlik samaradorligini oshiradi. Toshkentda bo‘lib o‘tgan muzokaralar nafaqat siyosiy aloqalarni mustahkamlaydi, balki kelajakda yanada barqaror va manfaatli hamkorlik uchun asos yaratadi, ikki davlatning global iqtisodiy va texnologik innovatsiyalarga integratsiyalashuvini ta’minlaydi, deya qo‘shimcha qiladi An Byong Xo.

Diplomatiyaning bunyodkor kuchi

Yuqoridagi faktlarni bayon etib, mamlakatimiz tashqi siyosatidagi soxta dilemmalar xususidagi mavzuga qaytsak.

Turli davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilishga tayyor bo‘lgan O‘zbekiston keyingi yillarda tashqi siyosat borasida ochiqlik tamoyiliga sodiqligini izchil namoyon etib kelmoqda. Geosiyosiy vaziyat muntazam o‘zgarib borayotgan zamonaviy dunyoda mamlakat tashqi tazyiqqa bo‘ysunmaydi. Tajriba shuni ko‘rsatmoqdaki, O‘zbekistonning konstruktiv va pragmatik siyosati milliy manfaatlarini himoya etibgina qolmay, xalq farovonligini ta’minlashga xizmat qilmoqda. Muvaffaqiyatli diplomatiya sharofati bilan yangi investitsiyalar, shartnomalar, loyihalar yangi ish o‘rinlarini yaratmoqda, korxonalar barpo etmoqda, infratuzilmani yuzaga keltirmoqda.

O‘zbekistonning tashqi siyosatdagi asosiy ustuvor maqsadi — milliy manfaatlarni ta’minlashdan iborat. Bu iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, investitsiyalarni jalb etish va madaniy almashinuvni rivojlantirishda namoyon bo‘ladi. Mamlakatimiz o‘z qo‘shnilari bilan o‘zaro hurmat va hamkorlik munosabatlariga asoslangan aloqalarni mustahkamlab bormoqda. Bunday yondashuv nafaqat mamlakat ichida, balki butun mintaqada barqarorlik va farovonlikni ta’minlaydi.

O‘z manfaatlariga ziyon yetkazuvchi biron-bir tomonning nuqtayi nazarini yoqlagandan ko‘ra O‘zbekiston birgalikda tinch-totuv yashash va konstruktiv muloqot tarafdoridir. Bunday yondashuv ichki muammolarni hal etishga e’tibor qaratish, fuqarolar turmush darajasini oshirish imkonini beradi. Bu izolyatsiya, ya’ni o‘zini o‘zi chetga tortish emas. Aksincha, bu hamma mamlakatlar uchun ochiqlik bo‘lib, u o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun ko‘plab imkoniyatlar yaratadi.

Albatta, O‘zbekistonning ochiq tashqi siyosati suverenitet va mustaqillikni mustahkamlashga qaratilgan bo‘lib, boshqa mamlakatlar bilan iqtisodiy va madaniy aloqalarni rivojlantirishga faol yordam beradi. O‘zbekiston o‘z milliy manfaatlariga sodiq o‘laroq, xalqaro maydondagi barcha sa’y-harakatlari, avvalo, xalq manfaatlariga va barqaror kelajakni ta’minlashga xizmat qilishiga intiladi.

Darhaqiqat, bugun dunyoning geosiyosiy manzarasi suv yuzasidagi yaproqdek har lahzada qalqib turibdi. Davlatimiz rahbari 2023 yil 22 dekabrda o‘tgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan majlisida ta’kidlaganidek, ayni vaqtda azaliy qadriyatlar, ijtimoiy-siyosiy qarashlar tizimida chuqur transformatsiya jarayonlari yuz bermoqda. Ilgari o‘z maqsad va manfaatlarini, asosan, diplomatiya va siyosat bilan himoya qilib kelgan dunyodagi qudratli markazlar endi ochiqchasiga bosim o‘tkazish, qarama-qarshilik va to‘qnashuvlar yo‘liga o‘tganiga hammamiz guvohmiz.

Prezidentimiz ana shunday murakkab sharoitda nihoyatda oqilonalik, mohirlik va odillik bilan siyosat yuritmoqdaki, natijada O‘zbekistonning tutayotgan yo‘li tashqi dunyoda tarozining tenglik posangisidek hech qanday noroziliksiz, shubha-gumonlarsiz qabul qilinmoqda. Ayni jarayonda O‘zbekistonning el-yurt taqdiri, milliy manfaatlar ustuvorligiga jiddiy ahamiyat qaratayotgani xalqimizni g‘oyat mamnun etib, ertangi kunga ishonchini yanada mustahkamlayapti.

Jahonning qudratli davlatlari mintaqamizni o‘z ta’sir doirasiga tortishga doim intilib kelgan. Bugun ham O‘zbekiston vositasida Markaziy Osiyoni o‘z manfaatlari maydoniga aylantirishga urinishlar bo‘layotgani rost gap. Ularga esa mamlakatimiz o‘zaro tenglikka asoslangan, konstruktiv va pragmatik tashqi siyosati, xalq roziligiga erishish, odamlarning ertaga emas, balki bugun baxtli va farovon yashashiga imkon yaratadigan islohotlari orqali javob berilyapti.

Lo‘nda qilib aytganda, Prezidentimizning: «Zamon juda murakkab. Hozir katta-katta davlatlar «O‘zbekiston, sen kim tomondasan?», deyapti. Qattiq-qattiq aytib, vakillari ham kelib, o‘zlari ham shunga da’vat qilyapti. «O‘zbekiston aholisi 36 million bo‘ldi, uch-to‘rt yilda 40 millionli katta davlat bo‘ladi, sizlar kim tomondasiz?», deb so‘rayapti. Bunday og‘ir savolga javob bitta — men xalqim tomondaman. Millatim, xalqim, buyuk O‘zbekistonimning manfaati uchun jonimni berishga ham tayyorman», degan so‘zlari hayotiy isbotini topyapti.

O‘tkir RAHMAT.