Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Milliy malaka tizimini tartibga solishga qaratilgan ayrim normativ-huquqiy hujjatlar tasdiqlandi
11:31 / 2025-06-18

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “O‘zbekiston Respublikasi milliy malaka tizimini tartibga solishga qaratilgan ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq: 

Kasbiy malakalarni rivojlantirish bo‘yicha respublika kengashi to‘g‘risidagi nizom; 

Kasbiy malakalarni rivojlantirish bo‘yicha tarmoq kengashlari to‘g‘risidagi namunaviy nizom; 

Malakani baholash markazi to‘g‘risidagi namunaviy nizom; 

Malakani baholash markazlarini akkreditatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi. 

Qarorga ko‘ra:

kasbiy va oliy ta’lim tashkilotlari, kasbiy ko‘nikmalar markazlari, nodavlat kasb-hunarga o‘qitish ta’limi tashkilotlari, qayta tayyorlash va malaka oshirish tashkilotlari tegishli ta’lim dasturlarini kasbiy standartlarga muvofiq ishlab chiqadi; 

malakani baholash markazlari kasbiy imtihonlarning amaliy qismini o‘tkazishda texnoparklar, tegishli soha korxonalari hamda ta’lim tashkilotlarining ishlab chiqarish bazalari, poligonlari, ustaxonalari, laboratoriya va boshqa moddiy-texnika vositalaridan kelishuv asosida foydalanadi; 

malakani baholash markazlari tomonidan malaka darajalariga muvofiq mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beradigan norasmiy va informal ta’lim natijalari bo‘yicha malaka sertifikati hamda malaka razryadlari bo‘yicha malaka pasportlari beriladi; 

malaka sertifikati va malaka pasporti Loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlari hamda Tadbirkorlik sub’ektlarining barqarorlik reytinglarida inobatga olinadi; 

Milliy malaka tizimining yagona raqamli platformasi vazirlik va idoralarning mavjud axborot tizimlariga integratsiya qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligining Milliy malaka tizimini rivojlantirish instituti Respublika kengashining ishchi organi hisoblanadi va Milliy malaka tizimini muvofiqlashtiruvchi regulyator vazifasini bajaradi. 

Mehnatga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish shartlari bo‘yicha Institut direktori - ilmiy-tadqiqot muassasasi direktoriga, direktor o‘rinbosari - ilmiy-tadqiqot muassasasi direktorining o‘rinbosariga, guruh rahbari - ilmiy-tadqiqot muassasasi ilmiy kotibiga, bosh mutaxassis - ilmiy-tadqiqot muassasasi bosh ilmiy xodimiga va yetakchi mutaxassis - ilmiy-tadqiqot muassasasi yetakchi ilmiy xodimiga tenglashtiriladi. 

Har yili 1 dekabrga qadar tarmoq kengashlari bilan birgalikda Respublika kengashining kelgusi yil uchun ish rejasi ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi. 

2026 yil 1 yanvardan boshlab har yili milliy malaka tizimini rivojlantirishda faol ishtirok etayotgan tarmoq kengashlari, baholash markazlari va ish beruvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida respublika tanlovi tashkil etiladi. Bunda tanlov jarayoniga xalqaro tashkilotlar, moliya institutlari va jamoatchilik vakillari jalb qilinadi hamda tanlov natijalari bo‘yicha g‘olib deb topilgan ishtirokchilar belgilangan tartibda mukofotlanadi.

O‘zA