Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Milliy mahsulotlarga talab ortmoqda
16:02 / 2014-10-08

Marg‘ilon shahridagi “Yodgorlik” mas’uliyati cheklangan jamiyatida ipakdan to‘qilayotgan gilam, adras, atlas va boshqa matolar sifati va o‘ziga xos dizayni bilan xaridorlarga manzur bo‘lmoqda. 


Marg‘ilon shahridagi “Yodgorlik” mas’uliyati cheklangan jamiyatida ipakdan to‘qilayotgan gilam, adras, atlas va boshqa matolar sifati va o‘ziga xos dizayni bilan xaridorlarga manzur bo‘lmoqda. 

Milliy hunarmandlik an’analari asosida tayyorlanayotgan “Lola”, “Xosiyatxon”, “Tonggi yulduz”, “Quyosh”, “Qaldirg‘och”, “Ko‘ngil og‘ochi”, “Etti tog‘ chechagi” nusxali gilamlar xorijiy davlatlarga eksport qilinmoqda.

– Prezidentimiz rahnamoligida milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, hunarmandlarning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor bizni yanada ko‘proq va samaraliroq ishlashga undamoqda, – deydi korxona rahbari A’zamjon Abdullayev. – Davlatimiz rahbarining 2010-yil 30-martda qabul qilingan “Xalq badiiy hunarmandchiligi va amaliy san’atini rivojlantirishni yanada qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda. 150 kishi mehnat qilayotgan jamoamizda mahsulot sifatiga alohida e’tibor qaratilayotgani tufayli xorijda ham xaridorlarimiz ko‘payib bormoqda. 

Marg‘ilon ipagi tabiiy bo‘yog‘i, uzoq vaqt o‘z xususiyati va jilvasini saqlab qolishi bilan ajralib turadi. Bu yerda qadimiy ipak matolarining noyob nusxalarini qayta tiklash, yangicha ruh, yangicha jilo bag‘ishlash borasida ham muayyan ishlar olib borilmoqda. Atlas, adras va gilamning o‘ndan ortiq noyob turlari qayta tiklandi. Atlas va adrasning o‘nlab turlari bo‘lib, ular to‘rt tepkili va sakkiz tepkili dastgohda to‘qiladi. Matoga tushirilgan rang-barang gullar o‘zaro uyg‘unlashib, go‘zal naqsh hosil qiladi. Mahsulot tayyorlangunga qadar o‘ttizdan ortiq ish jarayonidan o‘tadi.

Ipak matolar orasida eng mashhuri abrli atlas va xonatlasdir. Ularning o‘ziga xosligi – bezak va gullar matoga emas, balki o‘rish ipining o‘ziga chiziladi. Aytaylik, uzunligi 200 metr, eni 40 santimetr atlasni to‘qish uchun uch ming olti yuzta ipak tolani bir-biri bilan uyg‘unlashtirish lozim. Bitta tola uzilsa ham mahsulot sifatiga putur yetadi. Shuning uchun matoga yangi element qo‘shish juda qiyin. Iplarni "abr" usulida bo‘yash ham katta mahorat talab etadi. Barcha ranglar tabiiy usulda, bo‘yoq beruvchi giyohlardan tayyorlanadi. Shu bois ular o‘z sifatini uzoq vaqt yo‘qotmaydi, ranglar qorishib ketmaydi. Hozir bu matolarning xorijlik mijozlar talabiga mos yangi nusxalari yaratilmoqda.