Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Milliy loyiha: Norin GES-2 qurilishi boshlandi
18:22 / 2025-04-04

Bugun Namangan viloyatida umumiy quvvati 228 MVt bo‘lgan Norin GESlar kaskadi loyihasining navbatdagi bosqichi – GES-2 qurilishiga rasman start berildi. Bu haqda “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati matbuot xizmati ma’lum qildi.

Ushbu muhim energetika loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 30 martdagi qarori asosida amalga oshirilmoqda. 2024-2030 yillarga mo‘ljallangan dastur doirasida mamlakatimizda mavjud gidro salohiyatdan samarali foydalanish, yangi gidroenergetik quvvatlarni yaratish va mavjud infratuzilmani modernizatsiya qilish rejalashtirilgan.

Norin daryosida barpo etilayotgan GESlar kaskadi 6 ta stansiyadan iborat bo‘lib, har biri 38 MVt quvvatga ega.Umumiy quvvati 228 MVt bo‘lgan mazkur kaskad to‘liq “O‘zbekgidroenergo” AJ mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilayotgan mazkur loyiha milliy salohiyat asosida mahalliylashtirilgan texnologik uskunalardan foydalangan holda amalga oshiriladi. 

Qayd etish joizki, mazkur GESlar kaskadi mamlakatimiz tarixida birinchi bor to‘liq milliy imkoniyatlarga tayangan holda barpo etilayotgan “Milliy GES” sifatida tarixga kiradi. 

Loyiha to‘liq ishga tushgach, yiliga o‘rtacha 1 milliard 25 million kVt.soat ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Bu 430 mingdan ziyod xonadonni elektr ta’minoti bilan ta’minlash imkonini yaratadi. Shuningdek, yiliga taxminan 277 million metr kub tabiiy gaz tejalishiga erishiladi. Qolaversa, 130 dan ziyod doimiy ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda. 

GES-2 qurilishi loyiha asosida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Yer tayyorlash, qurilish-betonlashtirish hamda qurilish-montaj ishlari belgilab olingan tartibda boshlanadi. 

Ushbu tadbir doirasida “O‘zbekgidroenergo” AJ boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov loyiha uchun mas’ul mutasaddilar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazdi. Unda qurilish ishlarining borishi, belgilangan muddatlarga rioya etilishi va sifatli bajarilishini ta’minlash masalalari muhokama qilinib, aniq topshiriq va ko‘rsatmalar berildi. Shu bilan birga, mazkur jarayonlar ustidan qat’iy nazorat o‘rnatilishi ta’kidlandi. 

N. Ziyodullayeva, O‘zA