French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Milliy liboslar xalqning asriy an’analarini mujassam etadi
16:12 / 2025-02-21

Barcha millat va elatning o‘ziga xos urf-odatlari, an’analari bilan bir qatorda, milliyligini ifodalab beruvchi liboslari ham bor. Kiyinish har bir xalqning qadim-qadimdan yashab kelayotgan mintaqasi, shart-sharoiti, turmush tarzi, udum, urf-odatlari, tabiati bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, uning ichki olami, milliy madaniyatini belgilaydi.

Milliy madaniyatni targ‘ib qilish, an’anaviy qadriyatlarni asrab-avaylash va aholining estetik didini oshirish maqsadida Toshkentda har juma kuni davlat muassasalarida “Milliy liboslar kuni” nishonlanishi yo‘lga qo‘yildi.

–Bolaligimizda o‘zbek ayollari, qizlari asosan shoyi, atlas, adras, beqasam, bo‘z, chit kabi tabiiy matolardan turli liboslar tikib, kiyishar edi, – deydi Uchtepa tumanida istiqomat qiluvchi Nargiza Abdullayeva. – Afsuski, yillar o‘tib milliylikni ancha-muncha unutib qo‘ydik. So‘nggi vaqtlarda o‘zbek milliy kiyimlari asosan an’anaviy bayram tadbirlarida kiyiladigan  libosga aylanib qolgan edi. Aslida bu liboslar faqat bayram libosi sanalmaydi. Ko‘cha-ko‘yda haqiqiy o‘zbekona kiyimlarda chiqqanlarga atrofdagilarning hayratlanib qarashi milliyligimiz unutila boshlaganidan darak. O‘zbek matolari judayam toza sifatga ega, ko‘ylaklari esa qulay uslubdagi kiyimlar bo‘lgan. Urf-odatlarimizni, milliy qadriyatlarimizni ardoqlash ham muhim vazifalarimizdan biri.

–Juda ko‘p davlatlarga sayohat qildik, – deydi Dilrabo Boboyeva. – Qaysi davlatga chiqmaylik, qizlarim bilan albatta milliy kiyimlarimizni olamiz. Xorijliklarning milliy matolarimizga hayrat bilan qarashini ko‘rish yoqimli. 

–Milliy liboslar xalqning asriy an’analarini mujassam va tarannum etgan muhim vositadir, – deydi Chilonzor tumanidagi 164-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Dilorom Oxunova. – Shuningdek, moddiy va ma’naviy yodgorliklar ichida xalqlarning milliy o‘ziga xosligini aks ettiruvchi va etnik belgilarini ko‘rsatuvchi mezon ham hisoblanadi. O‘tgan yillar davomida YUNESKO o‘zbek shoyi matolari – atlas va adrasni tayyorlash qadimiy texnologiyasini Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish bo‘yicha ilg‘or tajriba ro‘yxatiga kiritdi. Milliy libosda ishga yoki o‘qishga borish insonga ko‘tarinki kayfiyat baxsh etadi. 

Darhaqiqat, o‘zbek xalqi o‘zining asrlar osha qadrlanib kelayotgan milliy liboslari bilan ham butun dunyoga dovrug‘ taratgan. Kiyim nafaqat insonning ziynati, balki go‘zal xulqning bezagi hamdir.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA