Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Milliy kinematografiya forumi
21:38 / 2020-11-26

“O‘zbekfilm” DUK binosida sohada amalga oshirilgan ishlar sarhisobiga bag‘ishlangan “Yangi O‘zbekiston va milliy kinematografiya” forumi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 20 noyabr kuni “O‘zbekfilm”ga tashrifi, kinoijodkorlar bilan uchrashuvi hamda unda bildirilgan taklif va tavsiyalar, shu bilan birga, o‘zbek kinosida erishilgan yutuq va kamchiliklar muhokama qilindi.

Forumda 300 dan ortiq soha vakillari ishtirok etib, 2020 yilda qilingan ishlar, 2021 yilda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan rejalar bo‘yicha fikr almashdi.  

"O‘zbekkino" milliy agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov davlatimiz rahbarining “O‘zbekfilm”ga tashrifida yosh ijodkorlarni o‘qitish, tarixiy janrda filmlar suratga olish, milliy seriallar yaratish, eng sara o‘zbek filmlari 100 taligini tuzib, davlat va xususiy telekanallarda namoyish qilish bo‘yicha tavsiyalar berilgani, shuningdek, kino sohasidagi yillik sarhisob, amalga oshirilgan yangi loyihalar va kelgusidagi rejalar haqida gapirdi.  

O‘zbekiston kinoarboblari ijodiy uyushmasi rahbari Matyoqub Matchonov uyushma tomonidan “Oltin humo” milliy mukofotini o‘tkazish, ijodkorlarning gonorarlari miqdori ko‘rib chiqilayotganiga to‘xtalib o‘tdi.  

Forumda davlat rahbari tomonidan bildirilgan taklif va tavsiyalar hamda topshiriqlarni bajarish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tuzilishi aytildi.

Tadbir davomida bu yil tavalludining 75, 80, 85 yillik yubileyini nishonlayotgan kinoijodkorlar Baxtiyor Ixtiyorov, Xayrulla Sa’diyev, Lutfulla Sa’dullayev, Gulchehra Sa’dullayeva, Isamat Ergashev, Rifqat Ibragimov, Hamidulla Hasanov, G‘iyos Shermuhammedov, Ahmad Unarboyevlar tabriklandi va ularga maxsus diplom hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.

O‘zA