Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Milliy kashtado‘zlikni davom ettirib, turizm rivojiga hissa qo‘shayotgan hunarmand
16:10 / 2021-02-22

Keyingi yillarda Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahrida joylashgan tarixiy qadamjolarda amalga oshirilgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari hududga tashrif buyuruvchi sayyohlar oqimini sezilarli oshishiga xizmat qilmoqda.

Bu esa u yerda qadimdan rivojlanib kelgan milliy hunarmandchilikning yanada sayqal topishida muhim ahamiyat kasb etayotir.  

Xususan, bugungi kunda Shahrisabzda momomeros an’analarni davom ettirib, kashtachilikning turli yo‘nalishlarida faoliyat olib borayotgan hunarmand ayollar ko‘pchilikni tashkil etadi. Ulardan biri mohir kashtado‘z Saodat Nizomovadir.

– O‘n besh yildan buyon hunarmandchilikning iroqi-kashtachilik yo‘nalishi bo‘yicha faoliyat yuritib kelamiz, – deydi Saodat Nizomova. 

– Momomeros ushbu hunarni tanlab kam bo‘lmadim. O‘z mehnatimiz ortidan ko‘p yutuqlarga erishdim. Nafaqat mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan bayram tadbirlarida, balki bir necha xorijiy davlatlarda o‘tkazilgan xalqaro ko‘rgazmalarda ham O‘zbekiston delegati sifatida qatnashish baxtiga muyassar bo‘ldim. Masalan, joriy yilda Birlashgan Arab Amirliklarining Abu-Dabi shahrida bo‘lib o‘tgan yana bir yirik ko‘rgazmada viloyatimiz vakili sifatida ishtirok etdim. Ko‘rgazmaga 2020 yilning noyabr oyida jo‘nab ketgan bo‘lsak, joriy yilning fevralida qaytdik. Bu davr mobaynida dunyoning ko‘plab davlatlaridan kelgan hunarmandlar bilan tanishib, tajriba almashdik. O‘z ishlarimizni targ‘ib etish imkoni bo‘ldi.  

[gallery-1250]

Ko‘rgazmada hunarmand bir qancha xorijiy sheriklar bilan mahsulot yetkazib berish borasida shartnomalar imzolashga muvaffaq bo‘lgan. Eng muhimi esa Birlashgan Arab Amirliklarining mamlakatimizdagi elchixonasi vakillari unga Shahrisabzda iroqi kashtachilik maktabini ochib berish taklifini bildirgan. Ayni paytda bu borada maslahatlashuv jarayonlari ketmoqda.

Saodat Nizomova kashtachilik hunari bilan shug‘ullanish barobarida ushbu yo‘nalishda o‘ziga xos maktab yaratgan. Shu vaqtga qadar undan ish o‘rgangan yuzlab xotin-qizlar kashtachilikni mukammal o‘rganib, ko‘pchiligi mustaqil biznes boshlashga muvaffaq bo‘ldi. Ayni paytda esa, Shahrisabz shahar bandlikka ko‘maklashish markazi bilan hamkorlikda bu amaliyotni yanada tizimlashtirgan holda tashkil etmoqda. Hozirgi kunda 60 nafar kashtachilikka qiziquvchi xotin-qizlar uning yonida hunar o‘rganmoqda va ularga bandlikka ko‘maklashuvchi markaz tomonidan stipendiya to‘lab borilayapti. Agar Birlashgan Arab Amirliklari elchixonasi bilan ham hamkorlik amalga oshsa, ustoz-shogird an’analarini yanada kengaytirish imkoni tug‘iladi.

Saodat Nizomova mazkur faoliyati orqali o‘z biznesini yo‘lga qo‘yib, yaxshigina daromad topish bilan birga, mamlakatimizning turizm salohiyati yuksalishiga xizmat qilib, azaliy an’analardan biri bo‘lgan milliy kashtado‘zlik hunarini davom ettirib kelmoqda.  

 

O‘.Barotov,

J.Norqobilov(surat)

O‘zA