French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Milliy jurnalistikamiz taraqqiyotida Behbudiyning o‘rni beqiyos
19:27 / 2025-11-28

Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetida Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligi munosabati bilan “Milliy jurnalistikamiz taraqqiyoti va Mahmudxo‘ja Behbudiy fenomeni” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi.

Davlatimiz rahbarining joriy yilda yurtimizda Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligini keng nishonlashga doir qarori ijrosi yuzasidan O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi, Samarqand viloyati hokimligi va Samarqand davlat universiteti hamkorligida tashkil etilgan tadbirda universitet professor-o‘qituvchilari, Behbudiy hayoti va faoliyatini tadqiq etayotgan olim va tadqiqotchilar, Samarqand, Qashqadaryo, Jizzax va Navoiy viloyatlaridagi ommaviy axborot vositalari vakillari, Jurnalistlar uyushmasi a’zolari ishtirok etdi.

Samarqand davlat universiteti rektori, professor R.Xolmurodov, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi X.Salimov, Oliy Majlis Senati a’zosi, “Ishonch” va “Ishonch-Doveriye” gazetalari bosh muharriri H.Ermatov, “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik”  gazetalari bosh muharriri F.Toshev va boshqalar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning buyuk jadid bobolarimiz, xususan, Mahmudxo‘ja Behbudiy hayoti va ilmiy, ijodiy faoliyatini o‘rganish, keng targ‘ib etishga qaratilgan alohida e’tibori natijasida bu yil yurtimizda ma’rifatparvar adib tavalludining 150 yilligi munosabati bilan ko‘plab ma’rifiy-madaniy tadbirlar, ilmiy anjumanlar o‘tkazilganini ta’kidladilar. Bu esa Vatanimiz ozodligi, xalqimiz ma’rifati uchun jon fido qilgan ulug‘ ajdodlarimiz ruhini shod etish, ular nomini ulug‘lash va o‘sib kelayotgan yosh avlodning intellektual va ma’naviy salohiyatini oshirishga xizmat qilayotgani qayd etildi.

[gallery-26475]

– Mahmudxo‘ja Behbudiy Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, ulug‘ ma’rifatparvar olim, mohir jurnalist va dramaturg sifatida xalqimiz ozodligi yo‘lida o‘z qalami, so‘zi bilan kurashdi, aholini ilm-ma’rifatga chorladi, – dedi anjumanda so‘zga chiqqan behbudiyshunos olim Halim Saidov. – Buyuk bobomizning milliy jurnalistikamiz rivojiga qo‘shgan hissasi ham beqiyos va uni hech narsa bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Behbudiy hazratlari o‘tgan asr boshlarida Samarqandda gazeta, jurnallar tashkil etib, bu nashrlar orqali xalqimizni o‘z haq-huquqlarini bilishga, ilm olishga, siyosatdan xabardor bo‘lishga da’vat etdi. Jahonda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarni bu nashrlarda sharhlab bordi va shu bilan birga, jamiyatdagi illatlarni bayon etib, xalqimizni ma’rifatga boshladi. Darsliklar yozib, ota-onalarni farzandlarini o‘qitishga, ularga xorijiy tillarni o‘rgatishga da’vat etdi. Allomaning bu boradagi qarashlari va g‘oyalari bugun ham juda dolzarb va ahamiyatlidir.

Anjumanda Behbudiy avlodlari, jurnalistlar ham so‘zga chiqib, buyuk ma’rifatparvar ajdodimizning merosini o‘rganish va targ‘ib etish borasidagi ishlarga e’tibor qaratdilar.

Konferensiyadan so‘ng qo‘shni viloyatlardan kelgan ommaviy axborot vositalari vakillari universitetdagi ta’lim jarayonlari va Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi, Samarqand shahridagi Mahmudxo‘ja Behbudiy uy-muzeyi faoliyati bilan tanishdilar. Shuningdek, mehmonlar O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Abdusaid Ko‘chimovning Urgut tumani Dehqonobod mahallasida yaqinda ochilgan kutubxonasida ham bo‘ldilar.

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari