Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Milliy iqtisodiyotning eksport salohiyati yanada oshadi
12:32 / 2025-12-30

Mamlakatimizda tashqi iqtisodiy faoliyatni rivojlantirish, xorijiy mamlakatlar bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, yuqori sifatli raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish asosida jahon bozoridan mustahkam o‘rin egallash orqali milliy iqtisodiyotning eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan iqtisodiy islohotlar amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2025 yil 26 dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida ham ayni mavzuga alohida to‘xtalib o‘tildi. Erishilgan yutuqlar bilan bir qatorda galdagi vazifalar belgilab berildi. Ana shular xususida iqtisodiyot fanlari doktori, professor Jasurbek Otaniyozov O‘zAga  quyidagilarni so‘zlab berdi.

– Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida milliy iqtisodiyotda chuqur tarkibiy islohotlar orqali uzoq muddatli barqaror o‘sishni ta’minlashning qator muhim yo‘nalishlari belgilab berildi. Xususan, mamlakat eksport salohiyatini oshirish ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida qayd etildi. Bu borada 2026 yilda kimyo sanoatida – 4,5 milliard dollarlik, tog‘-kon metallurgiya, neft-gaz, avtomobilsozlik, to‘qimachilik va qurilish materiallari tarmoqlarining har birida – 3 milliard dollardan, elektrotexnikada – 2 milliard dollarlik, farmatsevtikada – 800 million dollarlik yangi loyihalarni ishga tushirish, shu tariqa 2026 yilda jami eksportni 40 milliard dollarga yetkazib, tayyor va yarim tayyor mahsulot ulushini 55 foizdan oshirish lozimligi ta’kidlandi.

E’tirof etish kerak, yurtimiz eksport hajmi 2024 yil yakunida 26,9 milliard dollarni tashkil etgan holda 2017 yildagi ko‘rsatkichga nisbatan 13 milliard dollarga oshdi. Davlatning jahon bozorlarida mustahkam o‘rin egallashi va uning tashqi iqtisodiy salohiyatining ortishi ko‘p jihatdan milliy iqtisodiyotning eksport imkoniyatlarini yanada oshirishga bog‘liqdir. Eksport salohiyatini oshirish orqali milliy iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlash maqsad qilingan. 

Global savdo tizimida “o‘yin qoidalari” o‘zgarayotgan bir paytda bu yil mamlakatimiz eksportini 23 foizga oshirib, 33,4 milliard dollarga yetkazish belgilangan. Buning uchun tashqi iqtisodiy faoliyatda savdo hajmi va eksportni tizimli ravishda jadal oshirishga qaratilgan tarkibiy o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda, xususan, iqtisodiyot tarmoqlari faoliyat ko‘rsatishining barqarorligini ta’minlash, shuningdek, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning eksport faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida imtiyozli tizim joriy etilgan.

Avvalo, eksport sohasida iqtisodiy islohotlarni liberallashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirildi. Eksport bilan shug‘ullanuvchi korxonalar uchun ruxsatnoma va litsenziyalash jarayonlari soddalashtirildi, ma’muriy to‘siqlar qisqartirildi. Bu tadbirlar tadbirkorlarni tashqi bozorga chiqishga rag‘batlantirib, eksport faolligini oshirishga xizmat qilmoqda. Shuningdek, davlat tomonidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari joriy etildi. Eksportchilarga imtiyozli kreditlar, subsidiya va kafolatlar taqdim etilmoqda. Shu bilan birgalikda IT xizmatlari eksportini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Prezidentimiz tomonidan keyingi yildan “Raqamli startaplar” dasturini kengaytirib, startap g‘oyasidan to eksportgacha ko‘maklashadigan yangi tizimni yo‘lga qo‘yish, bunda xususiy startap markazlarini tashkil etish uchun Yoshlar jamg‘armasidan besh yil muddatga 5 milliard so‘mgacha foizsiz ssuda berish masalasi alohida qayd etildi. 

Umuman olganda milliy iqtisodiyotda tashqi savdo munosabatlarini rivojlantirishda bu kabi imtiyozli sharoitlarning yaratilishi xalqaro iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirish hamda mamlakat eksport salohiyatini oshirishdagi eng dolzarb masalalardan hisoblanadi. Shu bilan birgalikda, eksportni rivojlantirish mamlakatga xorijiy valyuta kirib kelishini ta’minlashda, jahon bozoridagi keskin raqobatlashuv sharoitida milliy ishlab chiqaruvchilarning yuqori sifatli va raqobatbardosh mahsulotlar bilan jahon bozorlariga chiqishini faollashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

O‘zA muxbiri 

Go‘zal Sattorova yozib oldi.