Bugun tibbiyot xodimlari nafaqat davolash, balki odamlarga umid va ishonch bag‘ishlash missiyasini bajarayotgan haqiqiy fidoyilardir. Ular xalq sog‘lig‘ini muhofaza qilish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, har bir insonning hayotini asrashda beqiyos mehnat qilmoqda.
Shu ezgu xizmatni munosib qadrlash maqsadida Milliy gvardiya qo‘mondonligi tomonidan Tibbiyot xodimlari kuniga bag‘ishlangan tantanali bayram tadbiri o‘tkazildi. Tadbirda tizimda faoliyat yuritayotgan tibbiyot xodimlari, hududiy bo‘linmalar hamda harbiy qismlar vakillari qatnashdi.

Milliy gvardiya qo‘mondonining tibbiyot xodimlariga bayram tabrigini Qo‘mondon o‘rinbosari polkovnik S.Mamayusupov o‘qib eshittirdi.

Shundan so‘ng tibbiyot sohasini rivojlantirish uchun munosib hissa qo‘shib kelayotgan, chuqur bilim va yuqori malakaga ega bir qator milliy gvardiya tibbiyot xodimlari va hamkor tashkilotlarning tibbiyot mutaxassislarini munosib rag‘batlantirish maqsadida Milliy gvardiya qo‘mondonining buyrug‘i o‘qib eshittirildi. Unga ko‘ra bir guruh tibbiyot xodimlariga ko‘krak nishonlari va faxriy yorliq hamda Sog‘liqni saqlash vazirligining “O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash a’lochisi” ko‘krak nishonlari toshirildi.

Yakunda Milliy gvardiya ashula va raqs ansamblining xonandalari tomonidan konsert dasturi namoyiy etildi.

Bu an’anaviy bayram nafaqat shifokorlarning mehnatini e’tirof etish, balki sohaga bo‘lgan yuksak ehtirom va minnatdorlik ramzidir.
Nigora Rahmonova, O‘zA