English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Milliy gvardiya xizmatining ijtimoiy ahamiyati va o‘rni borasida so‘z yuritildi
12:30 / 2025-11-21

Sirdaryo viloyatida O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati Kengashi tashabbusi bilan Milliy gvardiyaning Sirdaryo viloyati boshqarmasida “Ochiq eshiklar kuni” hamda “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi tashkil etildi. Ushbu tadbir yoshlarning harbiy-vatanparvarlik tarbiyasini mustahkamlash, huquqiy va ijtimoiy faolligini oshirish hamda Milliy gvardiya faoliyati haqida keng jamoatchilikka batafsil ma’lumot berishga qaratildi.

O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati Kengashi raisi Azizbek Rahmonov uchrashuv haqida shunday fikr bildirdi:  

— Bunday tadbirlar yoshlarning Vatanga sadoqatini oshirish, harbiy xizmat va ofitserlik kasbiga qiziqishini uyg‘otish hamda ularni faol fuqarolik pozitsiyasiga da’vat qilishda muhim ahamiyatga ega. Yoshlar bilan bevosita muloqot ularning fikr va takliflarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri eshitish, yangicha tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash imkonini beradi.

Uchrashuvda Guliston davlat pedagogika instituti talabalari, umumta’lim maktablari o‘quvchilari va “Jasorat” sinfi tinglovchilari ishtirok etishdi. Yoshlar Milliy gvardiya boshqarmasi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, harbiy xizmatning kundalik tartibi, harbiy intizom talablari va zamonaviy qurol-aslaha hamda texnik vositalarning amaliy qo‘llanilishi bilan yaqindan tanishdilar.

Tadbir davomida yoshlarga Milliy gvardiya xizmatining ijtimoiy ahamiyati, davlat xavfsizligini ta’minlashdagi o‘rni, harbiy xizmatchilarning mas’uliyat va burchlari to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi. “Ochiq eshiklar kuni” dasturining mantiqiy davomida “Rahbar va yoshlar” nomli ochiq muloqot o‘tkazildi. Unda yoshlar va rahbarlar “Ofitserlik — mardlar kasbi” shiori ostida fikr almashishdi, qiziqtirgan savollar atroflicha muhokama qilindi va harbiy xizmatning ma’naviy hamda ijtimoiy ahamiyati yuzasidan atroflicha tushuntirishlar berildi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri