English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Milliy gvardiya Qo‘riqlash bosh boshqarmasining ayrim vakolatlari IIV huzuridagi Qo‘riqlash departamentiga o‘tkazilmoqda
14:05 / 2026-01-06

Mamlakatimizda jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkini hamda ob’ektlarini tajovuzlardan himoya qilish samaradorligini oshirish, ushbu sohadagi davlat siyosatini va qo‘riqlashni amalga oshiruvchi sub’ektlar faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qo‘riqlash bosh boshqarmasi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Qo‘riqlash departamenti sifatida qayta tashkil etildi.

Shundan kelib chiqib, Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Qo‘riqlash departamenti vakolatlarini belgilash, shuningdek, qonunchilik hujjatlarini muvofiqlashtirish zarurati yuzaga kelmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “Qo‘riqlash faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, ushbu qonun loyihasi qo‘riqlash faoliyati doirasini kengaytirishni, xususan, jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkini, ko‘ngilochar va qurilish ob’ektlarini qo‘riqlashni amalga oshirish bo‘yicha huquqiy asoslarni belgilashni, shuningdek, Ichki ishlar vazirligining ushbu sohadagi vakolatlarini aniqlashtirishni nazarda tutadi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilayotgan tegishli o‘zgartirishlarga ko‘ra, Milliy gvardiya Qo‘riqlash bosh boshqarmasi mansabdor shaxslariga tegishli bo‘lgan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish va ma’muriy jazo qo‘llash vakolatlari Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Qo‘riqlash departamenti mansabdor shaxslariga o‘tkazilmoqda.

Qo‘riqlash departamenti va uning hududiy bo‘linmalari mansabdor shaxslari tomonidan 14 turdagi ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish va 22 turdagi huquqbuzarliklar bo‘yicha ma’muriy bayonnoma tuzish vakolati berilmoqda.  

Alohida qo‘riqlanadigan ob’ektlarga kirish-chiqish rejimini buzish yoki ushbu ob’ektlarning qo‘riqlanishini ta’minlashga doir majburiyatlarni bajarmaganlik uchun ma’muriy yo‘l bilan ushlab turish vakolati berilmoqda.  

Qonun loyihasida nazarda tutilayotgan normalar qo‘riqlash faoliyati sohasidagi qonunchilik bazasini yanada mustahkamlash, huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish hamda jamoat xavfsizligi va qonuniylikni ta’minlashga xizmat qilishi qayd etilib, loyiha deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Muhtarama Komilova, O‘zA