Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Milliy farmatsevtika sanoatini rivojlantirish – aholi salomatligi va iqtisodiy barqarorlik kafolati
12:21 / 2026-03-10

Munosabat

Farmatsevtika sanoati aholi salomatligini muhofaza qilishda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lish bilan birga, yuqori texnologiyalar, ilmiy tadqiqotlar va innovatsion ishlanmalarga asoslangan zamonaviy iqtisodiyot tarmoqlaridan biri hisoblanadi.

Shu bois, davlat tomonidan yaratilgan qulay investitsiya muhiti va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash choralari natijasida farmatsevtika sohasida sezilarli o‘zgarishlar ro‘y berdi. Xususan, keyingi to‘qqiz yil mobaynida tarmoqqa 1,8 milliard dollar miqdorida investitsiya jalb qilinib, 140 ta yangi ishlab chiqarish quvvati faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 3,5 barobarga o‘sib, 7 trillion 300 milliard so‘mdan oshdi.

Mahalliy farmatsevtika mahsulotlari eksporti ham izchil rivojlanmoqda. Bugungi kunda O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan dori vositalari 55 ta davlat bozoriga kirib borgan. Eng muhimi, sohada amalga oshirilgan islohotlar natijasida 40 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi.

Mamlakatimizning qulay iqlim sharoiti, boy tabiiy resurslari hamda sohani rivojlantirish uchun yaratilgan imkoniyat va imtiyozlardan kelib chiqib qaralganda, farmatsevtika sanoatida erishilgan ko‘rsatkichlar hali mavjud salohiyatga nisbatan to‘liq darajada amalga oshirilgan deb aytishga yetarli emas.

Shu nuqtai nazardan, Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida farmatsevtika sohasini rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish mazkur tarmoqni yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etdi. Davlat rahbari ta’kidlaganidek, hozirda tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar kasalliklarni davolash bilan birga ularning oldini olishga qaratilgan profilaktik choralarni kuchaytirishni talab etmoqda.

Ayniqsa, birlamchi tibbiy bo‘g‘inda profilaktika ishlarining kengayishi aholi o‘rtasida immunitetni mustahkamlovchi va organizmni qo‘llab-quvvatlovchi dori vositalari hamda biologik faol qo‘shimchalarga bo‘lgan talabni oshirmoqda. Shu munosabat bilan mahalliy farmatsevtika sanoati oldida profilaktik preparatlar, vitaminlar va biologik faol qo‘shimchalar ishlab chiqarishni ko‘paytirish vazifasi turibdi.

Yig‘ilishda farmatsevtika sohasini rivojlantirish bo‘yicha aniq strategik vazifalar belgilab berildi. Jumladan, joriy yilda tarmoqqa kamida 1 milliard dollar investitsiya jalb qilish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish va 2030-yilga qadar ichki bozorda mahalliy dori vositalari ulushini 70 foizga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Shu bilan birga, kelgusi besh yil ichida farmatsevtika mahsulotlari eksportini 1 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilmoqda. Bu maqsadlarga erishishda xorijiy yetakchi farmatsevtika kompaniyalari bilan hamkorlikni kengaytirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Yig‘ilishda farmatsevtika sohasida tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirish maqsadida qator yangi imtiyozlar joriy etilishi e’lon qilindi. Xususan, farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish, dorivor o‘simliklar yetishtirish va ularni qayta ishlashga qaratilgan yangi loyihalar uch yil muddatga yer solig‘idan ozod qilinadi.

Tadbirkorlar loyiha ishga tushganidan keyin uch yil davomida foyda va mol-mulk solig‘ini to‘lamaydi. Bu kabi rag‘batlantirish choralari sohada yangi investitsiyalarni jalb qilish va mahalliy ishlab chiqarishni kengaytirishga xizmat qiladi.

Har qanday zamonaviy tarmoqning barqaror rivojlanishi, eng avvalo, ilm-fan yutuqlari va ilmiy yondashuvga tayanishi bilan belgilanadi. Shu ma’noda farmatsevtika sohasini taraqqiy ettirishda ham ilmiy tadqiqotlar alohida ahamiyat kasb etadi. Shu munosabat bilan Kimyo-farmatsevtika, Vaksina va zardoblar hamda Sharq tabobati institutlari negizida Milliy biofarmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etilishi belgilandi.

Ushbu institut “Toshkent Pharma Park” hududida joylashtirilib, ilmiy tadqiqotlarni bevosita ishlab chiqarish jarayoni bilan bog‘lash imkonini beradi. Shuningdek, bu yerda klinik tadqiqotlar markazi, biologik va kimyoviy laboratoriyalar tashkil etiladi.

Bugungi globallashuv sharoitida dori vositalarining sifati va xavfsizligini ta’minlash masalasi nafaqat tibbiyot, balki jamoat salomatligi va milliy xavfsizlik nuqtai nazaridan ham dolzarb ahamiyat kasb etadi. Ma’lum qilinishicha, o‘tgan yilning o‘zida mamlakatimizda 57 mingdan ortiq nomdagi ro‘yxatdan o‘tmagan yoki qalbaki dori vositalari aniqlangan.

Bu holat aholi salomatligi uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin. Shu bois dorilarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashni kuchaytirish, bu borada javobgarlikni keskin oshirish zarurligiga ham alohida e’tibor qartilmoqda. Qonunchiligimizda bu borada belgilangan normalarni takomillashtirish hamda parlament nazoratini amalga oshirish biz, deputatlar zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklaydi.

Umuman olganda, yig‘ilishda belgilab berilgan vazifa va tashabbuslar mamlakatimizda aholi salomatligini muhofaza qilish, milliy iqtisodiyot barqarorligini ta’minlash va farmatsevtika sanoatini xalqaro bozorda raqobatbardosh tarmoqqa aylantirishga xizmat qiladi.

Gulnoraxon ABDUVOHIDOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining

 Mehnat, sog‘liqni saqlash

va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi a’zosi.

O‘zA