Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Milliy davlatchiligimizning uch ming yildan ziyod tarixini aks ettiruvchi filmlar turkumi ishlab chiqiladi
21:44 / 2024-06-07

Joriy yilning 5 iyun kuni “Kinematografiya sohasini yanada rivojlantirish hamda mamlakatimiz tarixiga bag‘ishlangan filmlar turkumini yaratishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, kinematografiya sohasini yangi bosqichga ko‘tarish, milliy davlatchiligimizning uch ming yildan ziyod tarixini, buyuk ajdodlarimizning ilmiy, madaniy va ma’naviy merosini aks ettiruvchi filmlar turkumini ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2024–2027 yillarga mo‘ljallangan “Tirik tarix” filmlar turkumini yaratish dasturi (“Tirik tarix”) tasdiqlandi.

Dastur orqali vatan ozodligi va ravnaqi yo‘lida kurash olib borgan buyuk sarkarda va davlat arboblarining murakkab hayoti va davlatchilik faoliyatini xolis va haqqoniy ko‘rsatib berish belgilandi.

Shuningdek, quyidagilar tuzildi:

— Kinematografiyani rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha milliy komissiya (Milliy komissiya);

— Filmlarning g‘oyaviy-badiiy saviyasini oshirishga ko‘maklashuvchi milliy kengash (Milliy kengash).

“Tirik tarix” dasturi doirasida:

— filmlar ishlab chiqarish uchun kinoloyihalarni tayyorlash bo‘yicha tanlov tashkil etiladi va eng yaxshi kinoloyihalar tanlab olinadi;

— kinoloyihalarga muvofiq filmlar ishlab chiqarish uchun taqdimot shaklidagi tanlovlar (pitching) asosida kinokompaniyalar aniqlanadi.

Qarorga muvofiq, Kinematografiya agentligiga mahalliy va xorijiy kinokompaniyalar bilan hamkorlik (co-production) asosida “Tirik tarix” dasturi doirasidagi filmlarni yaratishga ruxsat berildi.

Shuningdek, “Kinochilar uyi” “O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyi” deb qayta nomlandi.

O‘zbekiston milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi qoshida kinematografiya sohasi uchun o‘rta maxsus mutaxassislarni tayyorlash va qayta tayyorlash maktabi (kinomaktab) tashkil qilinadi. 

Respublikadagi oliy va o‘rta-maxsus ta’lim muassasalarida, o‘rta maktablarda kinolektoriylar, tuman (shahar)larda joylashgan madaniyat markazlarida milliy filmlarning bepul namoyishlari tashkil etiladi. 

Bunda, ushbu namoyishlar Milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi huzuridagi axborot-multimedia striming platformasi (uzbekkino.uz) orqali amalga oshiriladi.

O‘zA