Amir Temur va uning davlatchiligidagi boshqaruv masalasi aynan bugungi murakkab zamonda dasturul amal bo‘lishiga loyiq. Zero, tuzuklarda: “Davlat ishlarini saltanat qonun-qoidalariga asoslangan holda boshqardim… Saltanat ishlarini murosa va madora, muruvvat va sabr-toqat bilan yurgizdim… Raiyat ahvolidan ogoh bo‘ldim…” kabi da’vat va uslubiy yondashuvlarni beadad sanash mumkin.

Qariyb 7 asrdan beri buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan va madaniyat homiysi Amir Temur shaxsiyati, uning boshqaruvdagi mahorati, ayniqsa, harbiy san’ati G‘arb va Sharqqa ma’lumu mashhur.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston Prezidentining 2026 yil 6 fevraldagi “Buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat va san’at homiysi Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash to‘g‘risidagi” qarori nafaqat tarixchilar, balki butun jamiyatimiz ziyolilari va xalqimiz orasida qizg‘in qarshi olindi.
Bugun umumta’lim maktablari, oliy ta’lim muassasalari va harbiy dargohlarda Amir Temur shaxsi, davlatchilik boshqaruvi, harbiy san’ati haqidagi mavzularni o‘qitish ham zavq, ham mas’uliyat bag‘ishlaydi. Chunki zamonlar o‘tsa-da, faqat ezgulik bilan eslanadigan yoki o‘rganiladigan sarkarda juda kam.
Bobokalonimiz Amir Temurning o‘zga sarkarda va podshohlardan keskin farqli jihati shuki, u bosib olgan yoki tobe qilgan hududlarda talonchilik qilmadi, aholini qullikka uchratmadi, ayollarni cho‘rilikka duchor etmadi, boyliklari va madaniyatini talon-toroj qilmadi. Qayerda bo‘lmasin, o‘zaro do‘stona munosabatlarni mustahkamladi, savdo va elchilik diplomatiyasiga asos soldi.
Bugungi Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning ham zamirida shu an’ana va qadriyatlar asos bo‘lmoqda, desak aslo xato qilmaymiz.
Eslang, 2016 yilda Prezident Sh.Mirziyoyev tashabbusi asosida davlatlar bilan yaqin qo‘shnichilik munosabatlari tiklandi, Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining o‘zaro muloqot uchrashuvlari joriy qilindi. Bugun dunyo sahnida “Markaziy Osiyo – Yevropa”, “Markaziy Osiyo – AQSH”, “Markaziy Osiyo – Rossiya”, “Markaziy Osiyo – Xitoy”, “Markaziy Osiyo – Yaponiya” va umuman “Markaziy Osiyo – plyus” muloqot formati yuzaga keldi. Qadimiy Buyuk Ipak yo‘li – “muloqot yo‘li” sifatida G‘arb va Sharqni qayta bog‘ladi.
Qabul qilingan qaror ilmiy, ma’naviy va strategik ahamiyatga ega bo‘lib, Amir Temur va Ikkinchi renessans davridagi allomalar, mutafakkirlar va fan fidoyilarining ilmiy merosini chuqur o‘rganish, “Temuriylar davrining 100 nodir qo‘lyozmasi” va “100 nodir durdonasi” kitob-albomlarini chop etish, shu davr tarixi va madaniyatiga oid turkum kitoblar hamda ilmiy va ilmiy-ommabop asarlarni nashr etish, shuningdek, Islom sivilizatsiyasi markazida “Amir Temur va Temuriylar tamaddunining jahon tarixi va madaniyatidagi o‘rni va ahamiyati” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazishni nazarda tutadi.
Ikkinchidan, Uchinchi renessansga qadam qo‘yayotgan va hayotimizning barcha jabhalarida tub o‘zgarishlar yuz berayotgan bugungi kunda Sohibqiron Amir Temurning shaxsiyati, buyuk ajdodimizning bashariyat tarixi va Turon tamaddunidagi o‘rni, ularning boy va betakror merosini chuqur o‘rganish va xorijda ommalashtirish – milliy davlatchiligimiz poydevorining mustahkamligini dunyoga isbotlash bilan belgilanadi.
Uchinchidan, Amir Temurning davlat boshqaruvi, islohotlari, vazirlar va boshqaruv kadrlarini tanlashdagi mahorati, harbiy san’ati va jang strategiyasi, ayniqsa, Yevropaning taraqqiy etgan davlatlari bilan diplomatik hamda elchilik aloqalari yuz yilliklarga borib taqalishini inobatga olgan holda, yangicha formatda talqin qilish ayni muddao.
Bugungi tahlikali, murakkab va xavf-xatarlar ko‘payib borayotgan sharoitda o‘z davrida 27 mamlakatni yagona bayroq ostida birlashtirib, boshqaruvning asl salohiyatini namoyon qilgan bobokalonimizning xalqlar va mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro do‘stlik hamda hurmat an’analarini tarannum etish maqsadga muvofiq.
Ayni paytda qabul qilingan ushbu qarorning asl mohiyati ham shunda ko‘rinadi. Jahon hamjamiyatida “Buyuk Temuriylar” atamasining xalqaro ilmiy isloh sifatida joriy qilinishi orqali mamlakatimizning qadimdan davlat boshqaruvi asoslari va jamiyat islohoti poydevorlarini ma’rifiy asosda qurganligi ta’kidlanadi.
Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, “Temur tuzuklari”ni O‘zbekistonning xorijdagi barcha elchixona va konsulliklarida, shu orqali o‘sha mamlakatlarning oliy dargohlarida targ‘ibotini kengaytirish maqsadga muvofiq.
Aytish joizki, “Temur” ismi Qur’oni Karimning “Mulk” surasidan olingan bo‘lib, “larza” ma’nosini bildiradi. Bu esa 690 yil oldin dunyoni larzaga solgan buyuk ajdodimizning munosib vorislari sifatida, uch ming yillik davlatchilik tarixi va ilmiy-ma’naviy merosimizga tayanish orqali “Adolat kuchda” emas, balki “Kuch adolatda” ekanligini dunyo ommasiga targ‘ib qilish imkonini beradi.
Zero, kelajakni yoshlar zimmasiga ishongan bugungi Yangi O‘zbekiston jahon sahnida munosib o‘rin egallashi va yaqin kelajakda xalqlar uchun namuna bo‘lishiga aminmiz.
Xurshid Qurbonov,
Navoiy davlat universiteti dotsenti.
O‘zA